Toshkent arxitektura-qurilish instituti soha klasteriga aylanmoqda

Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib koʻrdi.
Davlatimiz rahbari bu yerga 2020-yil oktyabrda kelgan, institut negizida qurilish klasteri tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Shundan soʻng, ajratilgan maydon kengaytirilib, yangi loyiha ishlab chiqildi.
Avvalo, institut uchun ikkita 5 qavatli oʻquv korpusi, 8 qavatli maʼmuriy bino barpo etildi. Qurilish materiallari boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriyalar, sport majmuasi, yotoqxona shu yerga joylashtirildi. Bugungi tashrif chogʻida davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlari, taʼlim maskanining faoliyati bilan tanishdi.
Institutda 4 ta fakultet va 23 ta kafedra bor. Bakalavriatda 22 ta, magistraturada 25 ta mutaxassislik boʻyicha taʼlim berilmoqda. Zamon talablaridan kelib chiqib, “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yoʻnalishlar dasturga kiritilgan.
Yangi binolar foydalanishga topshirilishi bilan taʼlim qamrovi va sifati oshadi. 2022/2023 oʻquv yili uchun 1 ming 600 dan ziyod kvota ajratilgan. Ular bilan jami talabalar soni 7 ming 500 nafardan ortadi.
Davlatimiz rahbari shu yerda talabalar, doktorantlar va professor-oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi.
- Biz qaysi sohani isloh qilishga kirishsak, avval maktab yaratishdan, kadrlar tayyorlashdan boshlayapmiz. Bu institut ham kelgusidagi bunyodkorlik ishlariga zamin boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois oʻquv dasturlari zamon bilan hamqadam boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.
- Bugun qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi “drayver”lardan biri. Hamma joyda qurilishlar boʻlayapti, turli materiallar ishlab chiqarilyapti. Lekin besh yildan keyin bugungi bilim kamlik qiladi. Shuning uchun doim izlanishda boʻlishingiz, oʻzingizga investitsiya qilishingiz kerak. Bu investitsiya nima? Kasbni mukammal egallash, til oʻrganish, ishlab, tajriba toʻplash, - dedi Prezident.
Muloqotda talabalar institutda yaratilgan sharoitlar haqida soʻzlab berdi, maqsadlari va takliflarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari ularning takliflarini qoʻllab-quvvatlab, mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi. Talabalarning amaliyotini loyiha institutlari va qurilish kompaniyalarida tashkil etish, ilmiy ishlariga buyurtmalar shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.
Joriy yil 6-iyul kuni qurilish va shaharsozlik boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezident kadrlar tayyorlash masalasiga alohida toʻxtalib, sohadagi oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish, ularga akademik va moliyaviy mustaqillik berish zarurligini aytgan edi.
Shunga muvofiq, institutning tashkiliy-boshqaruv tizimini isloh qilish boshlangan. Uni muhandislik, arxitektura, qurilish va qurilish materiallari texnologiyalari, raqamli qurilish yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish moʻljallangan. Bu yildan “Raqamli Universitet” tizimini joriy etish, kelgusi oʻquv yilidan boshlab, kirish imtihonlarini xalqaro standartlar asosida yiliga ikki marta oʻtkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring