“Toshkent” aeroportining yangi terminali ilk yo‘lovchilarni qabul qildi (Foto)

09:10 16 Iyun 2018 Iqtisodiyot
3250 0

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan o‘tgan yili “Toshkent” aeroportining mahalliy yo‘nalishlari aerovokzali eski binosini xalqaro aviaqatnovlar uchun rekonstruksiya qilishga kirishilgan edi.

Shundan so‘ng Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda shu maqsadida talaygina ishlar amalga oshirildi.

Natijada soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi bino foydalanishga topshirildi. Bu bilan xalqaro yo‘nalishlarda uchib kelayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli darajada oshdi.

Hozir yangi muhandislik-texnologik uskunalar bilan jihozlangan ushbu terminalda “qizil” va “yashil” yo‘laklar, 4 ta yuk lentasi, 24 ta pasport nazorati punkti, viza ta’minoti punkti, ikkita valyuta ayirboshlash shoxobchasi, magazin, kafe-bar va boshqa shoxobchalar mavjud.

Pasport nazoratidan o‘tish vaqti avval 15-20 daqiqani tashkil qilgan bo‘lsa, endilikda bu jarayon bor-yo‘g‘i 10 daqiqani talab etmoqda xolos.

Eslatib o‘tamiz, mahalliy aviayo‘nalishlar terminalining eski binosi 1997 yilda qurilgan bo‘lib, soatiga 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatardi. 2012 yilda “Toshkent-3” yangi terminali ishga tushirilgach, u ekspluatatsiyadan chiqarilgan edi.

Bularning bari yurtimizga kelayotgan sayyohlarga, Milliy aviakompaniyamiz yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, albatta.
Dilshod ULUG‘MURODOV.
Suratlar muallifi Hasan Paydoyev “Xalq so‘zi”. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?