Toshkent aeroportida ijara uchun maydonlar kimoshdi savdosiga qoʻyildi

14:59 28 Noyabr 2023 Jamiyat
64 0

“Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi “E-auksion” saytida Toshkent aeroportida maydonlar ijarasi uchun bir nechta lotlarni joylashtirdi. Xususan, kofe-korner uchun joy, SIM-kartalarni sotish nuqtasi, doʻkon, savdo avtomatlari, ayirboshlash shoxobchasi, bankomatlar va mobil qurilmalar uchun quvvatlantirish stansiyalari uchun lotlar joylashtirilgan.

Umumiy ovqatlanish nuqtasi — oʻtirish uchun joylarsiz kofe burchagini tashkil qilish uchun xalqaro aviaqatnovlarga roʻyxatdan oʻtkazish zonasida 14 kv.m maydon taklif etiladi. Maydon ijarasining yillik boshlangʻich qiymati 336 mln. soʻmni tashkil etadi. Shuningdek, xalqaro aviaqatnovlar terminalida ijaraning yillik boshlangʻich qiymati 16,8 mln. soʻm boʻlgan bankomatlarni joylashtirish uchun 2 kv.m. maydon va ayirboshlash shoxobchalarini joylashtirish uchun boshlangʻich yillik qiymati 37,8 mln. boʻlgan 7 kv.m. maydon ajratildi.

CIP uchib kelish zalida boshlangʻich qiymati yiliga 54 mln. soʻm boʻlgan mahalliy uyali aloqa operatorlarining SIM-kartalarini sotish uchun 3 kv.m. maydon va savdo avtomatlari joylashtirish uchun dastlabki yillik qiymati 36 mln. soʻm boʻlgan 2,5 kv.m. maydonlar ijaraga beriladi.

Mahalliy aviaqatnovlar terminalida ham gazaklar va alkogolsiz ichimliklar sotish imkoniyatiga ega nooziq-ovqat tovarlari doʻkonini joylashtirish uchun 34 kv.m. maydon kimoshdi savdosiga qoʻyildi. Lotning boshlangʻich bahosi — yiliga 204 mln. soʻmni tashkil etadi.

Shuningdek, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar terminallarida gadjetlar uchun quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun maydonlar auksionga qoʻyilib, lotning dastlabki qiymati 3 kv.m. uchun yiliga 36 mln. soʻmni tashkil etadi.

Barcha lotlarda ishtirok etish istagini bildirgan kompaniyalar rioya qilishlari lozim boʻlgan batafsil texnik topshiriqlar mavjud. Har bir lot boʻyicha ijarachilarga qoʻyiladigan talablar va boshlangʻich narxlar E-auksion veb-saytiga joylashtirilgan. Shuningdek, saytda kim oshdi savdosi qoidalariga koʻra, auksion paytida kamida 10% ga oshishi mumkin boʻlgan boshlangʻich yillik summalar ham koʻrsatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер