Toʻraqoʻrgʻonda ham “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksi foydalanishga topshirildi 

16:28 10 Noyabr 2020 Jamiyat
568 0

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya tomonidan “Isteʼmolchilar uyi” hamda “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus”ni hayotda izchil tatbiq etish maqsadida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida shu kunga qadar — Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Sariosiyo, Uzun, Bogʻdod, Fargʻona, Koson, Olot, Dehqonobod tumanlarida hamda Fargʻona va Margʻilon shaharlarida 12 ta barcha qulayliklarga ega boʻlgan, koʻrkam va shinam majmua bunyod etildi. Yil oxiriga qadar yana 8 ta ana shunday maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushiriladi. Ularda yuzga yaqin yosh oʻgʻil va qizlarning ish bilan taʼminlanishiga erishildi.

Bugun Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida ham zamonaviy uslubda qurilgan, oʻziga xos innovatsion yechimga ega va 5 mingdan ortiq kitoblarga ega boʻlgan “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi.

Mazkur maʼmuriy kompleksda tashkil etilgan “Isteʼmolchi kutubxonasi” fondidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va isteʼmolchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qoʻllanmalar, maʼrifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, respublikamizda nashr qilinadigan qiziqarli va ijtimoiy-siyosiy gazeta-jurnallar oʻrin olgan.

Tadbirda Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov soʻzga chiqib isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini mustahkamlash maqsadida Federatsiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan 16 turdagi yuridik adabiyotlar turkumi ham taqdim etilishi,shuningdek, ilk bora 100 ming donadan iborat elektron kitoblar bazasini ham shakllantirilib, qaysiki oʻquvchi pandemiya sharoitida uyidan turib, kitoblarni buyurtma qilishi va arzon narxda elektron kitoblarni xarid qilishi mumkinligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, kutubxonada zamonaviy “Book cafe” va bepul Wifi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron oʻquv qurilmasi ham oʻrnatilgan.

Qolaversa, majmuadan 5 muhim tashabbus doirasida xotin-qizlar uchun bepul chevarlikka oʻrgatish markazi, maktabni tugatib, biroq ishsiz yurgan yosh yigitlar uchun esa hunarmandchilik boʻlimi ham oʻrin olgan. Bundan tashqari, hozirda yoshlarimiz katta qiziqish bildirayotgan milliy cholgʻu asboblarini yasash va oʻrgatish boʻlimini ham ish boshlayapti.

Ular shahardagi barcha maktablarning musiqa fani oʻqituvchilari bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlib, ushbu darsni amaliyot shaklida haftaning muayyan soatida bu yerda oʻtishlari mumkin boʻladi. Bu orqali bir tomondan mazkur fandan oʻz bilimlarini mustahkamlashsa, boshqa tomondan milliy cholgʻu sozlarni yasash sirlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrib mehrlari yana-da joʻsh urishi tabiiy.

Bundan tashqari, “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksida joy olgan “Isteʼmolchi qabulxonasi”da esa, isteʼmolchilarning ariza va murojaatlari qabul qilinadi.

Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi maskanlar yosh oʻgʻil-qizlarimizning ham maʼnaviy tafakkurini boyitish, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, yashirin salohiyati va isteʼdodini kashf etish uchun beqiyos imkoniyatlar beshigi boʻlib xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?