Toʻqimachilik, tikuv-trikotaj korxonalariga subsidiya va kreditlar ajratiladi

19:08 21 Yanvar 2022 Iqtisodiyot
1002 0

“Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda ularning eksportini ragʻbatlantirishchora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–53-son, 21.01.2022-y.) qabul qilindi.

Farmon bilan Toʻqimachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.

Farmonga koʻra, 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha:

— Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda boʻyalgan mato hamda aralash va boʻyalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan korxonalarga loyihalar doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining 10 foizi, biroq 500 ming AQSH dollari ekvivalentidan koʻp boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratiladi;

— boʻyalgan mato hamda aralash va boʻyalgan gazlama mahsulotlarini hamda tarkibida sunʼiy tola 80 foizdan yuqori boʻlgan ip-kalava ishlab chiqarish uskunalarini xarid qiluvchi korxonalarga boshlangʻich 15 foiz toʻlovni toʻlash uchun xorijiy valyutada 7 yil muddatgacha 3 yillik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi;

— boʻyalgan mato, boʻyalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarga xorijiy valyutada 1 yil muddatgacha 9 oygacha imtiyozli davr bilan 3 million AQSH dollarigacha eksportoldi moliyalashtirish uchun kredit ajratiladi;

— boʻyalgan mato, boʻyalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlarning kamida 80 foizini eksport qilgan korxonalarga:

— ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlash;

— mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda 3 yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi toʻlovini kechiktirish huquqi beriladi. Bunda, soliqni kechiktirish muddati tugaganidan soʻng soliq qarzi va hisoblangan foizlar kechiktirish muddatiga teng muddat mobaynida boʻlib-boʻlib toʻlanadi.

2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha quyidagi manbalardan kelib tushadigan mablagʻlar Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi:

— paxta ip-kalavasi eksporti uchun undiriladigan yigʻimning 25 foizi va trikotaj mato eksporti uchun undiriladigan yigʻimning 100 foizi;

— paxta ip-kalavasi eksporti uchun undiriladigan yigʻimning 70 foizi.Farmonga koʻra, eksport qiluvchilarning eksportoldi moliyalashtirish uchun olingan kreditlari boʻyicha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiya va kafillik berish muddatlari 2024-yil 1-yanvargacha uzaytirildi hamda ushbu tartib barcha eksportchi korxonalarga tatbiq etiladi.

2022-yil 1-iyulgacha paxta tolasini majburiy avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?