Toʻpga tutilgan, omborxona, hibsxona boʻlgan masjid haqida bilasizmi?

20:19 04 Mart 2022 Jamiyat
851 0

Foto: Халқ сўзи

Donishmand ajdodlarimizdan qolgan moddiy-maʼnaviy meros – osori-atiqalarni asrash va yosh avlodni tarix saboqlaridan boxabar etish bugunning muhim vazifalaridan sanaladi. Binobarin, jonajon yurt tarixini bilish anglash oʻzlikni anglash demakdir.

Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi Qarshi shahridagi Odina masjidida joylashgan. Buyuk tariximizdan dalolat beruvchi ushbu obida 1386-yilda ulugʻ bobokalonimiz, sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilgan. Ne-ne qatagʻonlarni boshidan oʻtkazgan masjid vayron qilingan. Mustabid tuzum davrida esa dastlab omborxonaga aylantirilgan, 1938-yildan to mustaqillikka qadar qamoqxona vazifasini bajargan.

— Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyining aynan Odina masjidida joylashtirilishida ramziy maʼno bor, — deydi muzey ekskursovodi Dilbar Himmatqulova. — Chunki millatimizning ne-ne asl farzandlari shu tabarruk maskanda qamoqda saqlangan. Ularning adolat istab yozgan maktublari masjid devorlari qatlarida qolib ketgan. Har gal bu haqida soʻzlaganimda yuragimda nimadir uzilganday boʻladi. Bugungi munavvar kunlarga qayta-qayta shukronalar aytaman.

Bugungi kunda muzeyda 11 ta boʻlim hamda uch mingdan ziyod noyob eksponat mavjud. Ularda Turkiston oʻlkasida olib borilgan mustamlakachilik siyosati va qatagʻonlarni aks ettiruvchi noyob tarixiy fotosuratlar, xaritalar, ashyolar va boshqa manbalar aks ettirilgan. Shuningdek, muzeyda yoshlar klubi hamda kutubxona tashkil qilingan boʻlib, sayohatchilar imkon qadar boy tariximiz va maʼnaviy merosimiz bilan tanishtirib borilmoqda.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?