Tong bilan tun oraligʻida yohud qaysi hokim qayerda?

14:56 13 Noyabr 2020 Jamiyat
218 0

Bugun elga bosh boʻlish oson emas. Xalqni rozi qilish uchun xalq ichida boʻlish kerak, ularning dardi bilan yonib, quvonchi bilan sevinish kerak. Ana shunday fidoyilikni oʻziga maqbul koʻrganlargina zamondoshlarimiz eʼtirofiga, eʼzoziga loyiq boʻla oladi.

Oʻzbek xalqining otashnafas kuychisi Abdulhamid Choʻlpon: “Xalq ichiga kiraylik” deya kuyinganida haq edi ekan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham “Biz xalq bilan muloqot qilishdan uzilib qolibmiz” deganlarida dunyocha maʼno mujassamdir. Mana, xalqning haqiqiy hayotini koʻrish, yurakdan oʻtkazish, ijtimoiy muhofazasini taʼminlash, amaliy koʻmak berish uchun rahbarlar idoradagi salobatli oʻrindiqlarini sovitgancha, manzillarga yoʻl oldilar. Samarasi esa yaxshi natija berayotganini xalqimizning oʻzi eʼtirof etmoqda. Biz bu borada joylardagi hokimlar qanday ish tashkil etayotganliklari bilan qiziqdik. Andijon viloyati boʻylab safarimiz Asaka tumanidan boshlandi.

Hali tong yorishib ulgurmasidan ommani oʻz ortidan ergashtirib “Salomatlik sari 5000 qadam” shiori ostida harakatlanayotgan tuman hokimi Mansurbek Alixanov tomonidan hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar keng quloch yoyganiga guvoh boʻldi. Bu borada tuman rahbarining oʻzi boshqalarga ibrat boʻla yotgani quvonarli, albatta.

“Yaxshidan bogʻ qoladi” deydi dono xalqimiz. Hokimlik vazifasida yaqindagina ish boshlagan Xonobod shahar hokimi Mashʼalbek Tojiboyev hududni yashil maskanga aylantirish tashabbusini olgʻa surdi. Bu borada hamkorlar bilan birgalikda “GREEN CITY” eko aksiyasini boshlab yubordi. Navbatdagi ish kunini adirlik yonbagʻridagi boʻsh maydonga koʻchat ekish bilan boshlagan hokim ishtirokida bir kunda 3150 tup koʻchatlar oʻtqazildi. 2021 yilning aprel oyiga qadar jami 383 ming tup mevali va manzarali koʻchatlar ekish rejalashtirildi.

Oltinkoʻl tumani hokimi Iqboljon Matroʻziyevni tumandagi 9-umumtaʼlim maktabida uchratiboq, «Yangi Oʻzbekiston-yangicha dunyoqarash» deb nomlangan maʼnaviy tadbir jarayonida paydo boʻlganimizni tushunib yetdik. Hokim poytaxtlik bir guruh maʼnaviyat targʻibotchilari bilan birgalikda yoshlar, xotin-qizlar, shuningdek, “Mehnat” MFYda yashovchi faxriylar davrasida boʻldi. Tadbir bahona tayyorlangan turli koʻrgazmalarni tomosha qilar ekan, hududda hunarmandchilikni rivojlantirish uchun yetarli asos borligiga, buning uchun amaliy yordam berish, qoʻllab-quvvatlash darkorligini taʼkidladi.

Izboskan tumani hokimi taʼmirtalab binolardan birida ekanligini eshitib, tadbirkorlik subyektini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mavjud imkoniyatlarni oʻrganayotgan boʻlsa kerak, deb oʻyladik. Biroq, bundan qolishmaydigan va yana-da foydaliroq loyihaga guvoh boʻldik. Maʼlum boʻlishicha, tumanda IT park faoliyatini tashkil etish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Bunyodkorlik ishlarini tashkil etishga shaxsan tuman rahbarining oʻzi bosh-qosh ekan.

Boʻston tumani sari safarimiz kun yotogʻiga bosh qoʻyib, atrofni oqshom chulgʻagan bir paytga toʻgʻri kelganidan biroz xijolat boʻldik. Boisi, tuman hokimi ayol kishi boʻlgani sabab allaqachon uyiga — nabiralari davrasiga ketib qolgandir, deb oʻyladik. Xayolimizga kelgan fikrdan uyaltirib qoʻygan Sadbarxon Mamitovani na uyida, na hokimlik binosida uchratdik. Bilsak, tumandagi mavjud qishloq vrachlik punktlarining tungi faoliyatini oʻrganish maqsadida joylarda ekan. Hozirgina “Paxtakor” hamda “Ozod” QVPlarni koʻzdan kechirib qaytgan hokimni “Gʻolib” MFYdagi tibbiyot muassasasida uchratdik. Opani aynan shu maskanda tunab qolishini eshitib, toʻgʻrisi hayratlandik. Bilsak, tuman aholisiga tungi paytlarda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat darajasini oʻrganish, bu borada tibbiyot sohasi xodimlariga yaratilgan sharoit va ularning zimmasidagi vazifasiga nisbatan masʼuliyatini oʻz koʻzi bilan koʻrish, qolaversa, murojaat qiluvchilarga oʻzi ham xizmat koʻrsatish istagida ekanlar.

Ha, bir kunlik faoliyati davomida barcha hokimlar harakatini kuzatish qiyin. Biroq, bir fikrni aniq aytamizki, bugun hech qaysi rahbar zimmasidagi vazifaga befarq emas. Kimdir oʻz vazifasini talab darajasida bajara olmayotgan boʻlishi mumkin, biroq hamma harakatda. Bugungi amalga oshirilgan ishlar ertaga qanday natija beradi? Buni vaqt koʻrsatadi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?