Tomorqa xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi va davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab etilmaydi

20:51 07 Aprel 2021 Iqtisodiyot
386 0

Huquqiy demokratik jamiyat barpo etish yoʻlidan ketar ekanmiz, har bir harakatimiz va faoliyatimiz qonunlarga asoslangan boʻlishi lozim. Shu maʼnoda Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 1-aprelda imzolangan “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda tomorqa xoʻjaliklarining huquqiy maqomi belgilanishi ham ana shu saʼy-harakatlarimizning mantiqiy davomidir.

Xoʻsh, bugun tomorqa xoʻjaliklari va shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish uchun qonunga zaruriyat bor edimi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Albatta, mamlakatimizda har qarich yerdan, xususan tomorqalardan unumli foydalanib, uni daromad manbaiga aylantirishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Qonuning qabul qilinishi esa, aholining tomorqalardan foydalanishda huquqiy asos yaratadi. Binobarin, har sohada huquqiy asosning mavjudligi huquqiy demokratik jamiyatning negizini tashkil etadi.

Qonunga koʻra, tomorqa xoʻjaligi shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ham erkin savdo uchun, ham oila ehtiyojlari uchun yetishtirish (qayta ishlash) bilan bogʻliq mehnat faoliyati hisoblanadi. Bunda tomorqa xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyatiga kiritilmaydi va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab etilmaydi. Albatta, bu aholi uchun katta imkoniyat va imtiyozdir.

Qonunda shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun foydalanuvchi shaxslarning huquqlari va majburiyatlari ham belgilab qoʻyilgan. Xususan, ular tomorqa xoʻjaliklarini erkin va mustaqil ravishda boshqarish, shu jumladan yetishtirilgan hamda mustaqil tarzda qayta ishlangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini erkin realizatsiya qilish, mustaqil ravishda narx belgilash va olingan daromadlarni tasarruf etish huquqiga egalar.

Shuningdek, Qonunda Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tomorqa xoʻjaliklarini yuritishni tashkil etish va ularni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari belgilandi.

Tomorqa xoʻjaliklarining hisobi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tomorqa xoʻjaliklarini hisobga olish reyestrini shakllantirish orqali yuritiladi. Unda shaxsiy tomorqa xoʻjaligi egasi, shaxsiy tomorqa yer uchastkasining maydoni, qishloq xoʻjaligi hayvonlarining, asalarilarning, parrandalarning va ipak qurti qutilarining soni toʻgʻrisidagi, shuningdek qishloq xoʻjaligi texnikasining, uskunalarining, transport vositalarining soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur hujjat mamlakatimizda tomorqa uchun ajratilgan yerlardan unumli foydalanishda va uni aholining daromad manbaiga aylantirishda huquqiy asos boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir.

Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?