Tomchilatib sugʻorish har tomonlama qulay va samarali

10:51 12 Avgust 2022 Jamiyat
226 0

Illustrativ foto

Bizning Ishtixon tumanidagi Barlos mahallasining Qoʻshrabot qirlariga tutashib ketgan dasht hududi bundan 5-6 yil ilgari qaqrab yotardi. Keyingi yillardagi qurgʻoqchilik sabab xalqimiz bu yerlardan na lalmi ekin yetishtirdi, na yaylov sifatida foydalana oldi.

Mahallamizda uzum yetishtirishda usta boʻlib ketgan dehqonlar koʻp. Men ham bolaligimdan uzumchilik sirlarini oʻrganib kelaman. Ammo yaqin yillargacha katta maydonda tokzorlar yaratish xayolimga ham kelmagan. Bundan 4 yil avval fermer xoʻjaligi tashkil etib, uni “Barlosning bepoyon bogʻlari” deb nomladik.

Mamlakatimizda fermerlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, “Mingchinor” agrofirmasi hududidan xoʻjaligimiz uchun ajratilgan 20 gektar yerda asosan tok yetishtirishga kirishdim. Shuningdek, bodom, yongʻoq, shaftoli va boshqa mevali daraxt nihollarini ham qadaganmiz.

Avvalo, adirlikdagi katta maydonda dehqonchilik qilishga ikkilandim. Ammo uzoq oʻylab oʻtirmay boshlanishiga 150 million soʻmdan koʻproq mablagʻ sarflab, ishga kirishdik. 3 ta artezian qudugʻi qazdirdim. Suvni tejash maqsadida tomchilatib sugʻorish usulidan foydalanyapmiz. Hovuz tashkil qilib, tomchilatib sugʻorish uchun kerakli boʻlgan suv nasoslari va quvurlarni keltirdim. Tomchilatib sugʻorish hozirgi global suv tanqisligi sharoitida har tomonlama qulay va samarali ekaniga amalda ishonch hosil qilyapman.

Toklar hosilga kirguncha, ular orasiga poliz mahsulotlari ekkanmiz. Buning uchun vodiydan dehqonlarni taklif qildik. Ular bizga qovun-tarvuz yetishtirishni oʻrgatib, tajriba almashyapmiz.

Vodiylik dehqonlardan biri - Abdurauf Turonov Fargʻona viloyatining Beshariq tumani Fayz qishlogʻidan. U 4 yildan beri ekin-tikin mavsumini oilasi bilan shu yerda oʻtkazadi. Olayotgan daromadi ham kam emas. Oʻtgan yili 1 gektar yerda qovun-tarvuz yetishtirib, 40 million soʻm daromad qilgandi. Bu yil 5 gektarga poliz mahsulotlarini ekib, 200 million soʻm daromad qilishni moʻljallab turibdi.

Bundan uch yil oldin dashtda ekilgan toklar bugun moʻl hosil bera boshladi. Hali hosilga kirmagan nihollar orasida yetishtirilayotgan poliz va sabzavot mahsulotlaridan ham moʻmaygina daromad kutyapman. Bir soʻz bilan aytganda, yaxshi kunlarimiz hali oldinda.

Davron Shodiyev,

Ishtixon tumanidagi “Barlosning bepoyon bogʻlari”

fermer xoʻjaligi rahbari,

Samarqand viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?