Toʻliq ishonch bilan aytamanki, Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar bundan buyon ham albatta izchil surʼatlarda davom ettiriladi — Shavkat Mirziyoyev

17:29 03 Iyul 2022 Siyosat
638 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda. Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz va Joʻqorgʻi Kenges deputatlariga murojaat qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev:

«Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Orolboʻyi hududining oʻsimlik va hayvonot dunyosini tiklash boʻyicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlardan doimo Orol muammosiga jahon jamoatchiligi eʼtiborini qaratib kelmoqdamiz.

Toʻliq ishonch bilan aytamanki, Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar bundan buyon ham albatta izchil surʼatlarda davom ettiriladi.

Chunki Qoraqalpogʻistonning taqdiri – bu Oʻzbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun oʻzbek xalqining baxti va farovonligidir.

Men hayot sinovlarida toblangan qoraqalpoq xalqining donishmandligiga ishonaman va ularni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil, jumladan, chetdan boʻlayotgan gʻarazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqiraman.

Ayirmachilikka, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zoʻravonlik yoʻli bilan qarshilik koʻrsatishga daʼvat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora koʻriladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi.

Aminmanki, Qoraqalpogʻistonning mehnatkash, donishmand, olijanob va bagʻrikeng eli mana shunday murakkab davrda oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari taqdirining birligi va yaxlitligiga, ogʻizbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarini bundan buyon ham koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab yashaydi.

Sodir boʻlgan voqealar bizni yanada hushyor va sezgir boʻlishga chaqiradi. Bugun jonajon Oʻzbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorugʻ kelajagini taʼminlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?