“Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari Oʻzbekistonning Afgʻonistonda muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi

09:32 11 Aprel 2021 Siyosat
520 0

Dohaga amaliy tashrif bilan kelgan Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya kecha “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, uchrashuv davomida Afgʻonistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Mulla Barodar Afgʻoniston muammolariga doimiy eʼtibor qaratayotgani uchun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi. Bundan tashqari, “Tolibon” harakati rahbariyati vakili Oʻzbekistonning Afgʻonistonda transport va energetika sohalarida muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarini mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladi.

U, ayniqsa, Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afgʻonistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda toʻlaqonli tinch siyosiy jarayonni boshlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini taʼkidladi. Shu oʻrinda Afgʻoniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida “ishonch va hamkorlik koʻprigi”ga aylanishi mumkinligi bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?