Toliblar tomonidan Panjsherda 20 nafarga yaqin tinch aholi vakili oʻldirilgan — OAV

03:13 15 Sentyabr 2021 Dunyo
605 0

Foto: Reuters

“Tolibon” harakati aʼzolari tomonidan Afgʻonistonning Panjsher viloyatida 20 nafarga yaqin tinch aholi vakili oʻldirilgan. Bu haqda “BBC News” xabar bermoqda. 

Maʼlumki, ushbu viloyatda toliblar va Milliy qarshilik fronti kuchlari oʻrtasida toʻqnashuvlar davom etmoqda.

“BBC News” toliblarni ushbu jinoyatni sodir etganini tasdiqlovchi dalillarga egaligini daʼvo qilgan holda, ularni tinch aholini qirishda ayblagan.

“BBC News” toliblar harbiy kiyimdagi odamni oʻqqa tutganini aks etgan lavhaga ega boʻlgan. Unda oʻldirilgan odam oddiy fuqaro boʻlgani daʼvo qilinmoqda. 

«Qurbonlardan yana biri ikki farzandning otasi Abdul Sami boʻlgan. Toliblar uni qarshilik kuchlari jangchilariga sim-karta sotishda ayblab, olib ketgan. Bir necha kundan keyin uning jasadini uyi yaqiniga tashlab ketilgan. Guvohlarga koʻra, jasadda qiynoq izlari yaqqol koʻrinib turgan», deyiladi xabarda.

Avvalroq, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Mishel Bachelet toliblar sobiq hukumat amaldorlari va xavfsizlik xodimlarining huquqlarini poymol qilishlarini, tintuvlar oʻtkazayotgani, qatllar qilgani va BMT xodimlariga hujum qilayotgani aytib oʻtgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, sobiq afgʻon harbiylarini oʻldirish holatlari ham tez-tez uchrab turibdi.

“Human Rights Watch” tashkiloti avgust oyi boshida Qandahor va Gʻazni viloyatlarida jangarilar AQSH bilan hamkorlik qilgan harbiylar, huquq-tartibot idoralari xodimlari va fuqarolarni sud qarorisiz qatl qilingani haqida hisobotni eʼlon qildi. Huquq himoyachilari bunday qatllar harbiy jinoyatlarga tenglashtirilganini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?