Tokio-2020: Birinchi kundayoq sakkiz nafar sportchimiz medallar uchun kurashdan chiqib ketdi

15:17 24 Iyul 2021 Sport
857 0

Bugun Yaponiyaning Tokio shahrida XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga start berildi. Hozircha ulardan 10 nafari Olimpiya oʻyinlarining bugungi dasturida oʻz ishtirokini yakunladi. Afsuski, sakkiz sportchimiz medallar uchun kurashish imkoniyatini boy berdi.

Musobaqaning dastlabki kuni 11 nafar sportchimiz bahslarga kirishdi. Hamyurtlarimiz orasida birinchi boʻlib vakilamiz Muxtasar Tohirova (oʻq otish) belashuvlarga kirishdi.

Dunyoning eng kuchli 50 nafar mergani orasida Muxtasar 6 urinishda 622.2 ochko toʻpladi va yakunda 33-oʻrinni egalladi. Ushbu yoʻnalishda xitoylik Sian Yang 251,8 ochko jamgʻarib, Olimpiada rekordini yangilagan holda oltin medalni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin rossiyalik Anastasiya Galashina (251,1) va uchinchi pogʻona shveysariyalik Nina Kristenga (230.6) nasib etdi.

Shundan soʻng bir yoʻla ikki nafar qilichbozimiz ilk urinishdayoq Tokio bilan xayrlashdi.

Jumladan, Sherzod Mamutov ruminiyalik Yulian Teodotsiuga qarshi kechgan bahsda 11:15 hisobida imkoniyatni boy bergan boʻlsa, uning jamoadoshi Malika Hakimova xitoylik Yuven Sunga 10:15 hisobida yutqazib qoʻydi.

Ushbu muvaffaqiyatsizliklarni bokschimiz Shahnoza Yunusova ham davom ettirdi. U ilk bosqichda polshalik raqibasiga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.  Shahnozaning keyin ringga koʻtarilgan bokschimiz Sanjar Tursunov ham musobaqa bilan xayrlashdi. -91 kg vazn toifasida bellashuvlarda qatnashgan hamyurtimiz jazoirlik Abdelxafid Benchablaga imkoniyatni boy berdi — 1:4.

Bokschilarimizning muvaffaqiyatsizlarini dzyudochimiz Sharofiddin Lutfillayev ham davom ettirdi. U ukrainalik Artyom Lesyukka yutqazib qoʻydi va medallar uchun kurashdan chiqib ketdi.

Tennischimiz Denis Istomin esa birinchi davradayoq XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari bilan xayrlashdi. Hindistonlik Sumit Nagalga qarshi kortga chiqqan vakilimiz imkoniyatni boy berib qoʻydi.

Velosportchimiz Murodjon Xolmurodov bugun shosse yoʻnalishi boʻyicha 234 km masofaga oʻtkazilgan poygada oʻz omadini sinab koʻrdi. U jami 132 nafar sportchi orasida 64-natijani qayd etdi. Ushbu yoʻnalishda ekvadorlik Richard Karapaz oltin, belgiyalik Vout van Art kumush, sloveniyalik Tadey Pogachar bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Bugungi bahslardagi ijobiy natijalardan biri – akademik eshkak eshish bahslarida hamyurtlarimiz Sobirjon Safaraliyev va Shahboz Xolmurzayev juftligi 2000 metrlik poygada 6 ta terma jamoa orasida 4-natijani qayd etib, keyingi bosqichga yoʻl olgani boʻldi.

Bugun vakillarimiz orasida oxirgi boʻlib sport gimnastikasi bahslarida ishtirok etayotgan Rasuljon Abdurahimov oʻz omadini sinab koʻradi. Bu yerda ham raqobat kuchli, ammo sportda omad ham rol oʻynab qolishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?