Toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori kamaytiriladimi?

19:25 12 Yanvar 2021 Siyosat
297 0

Joriy yilning 12-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining videokonferensaloqa tarzidagi navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda dastlab “Yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy jazolar yengillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

— Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida fuqarolar, jamoatchilik vakillari, avtoulov haydovchilari bilan muloqotlar oʻtkazildi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi F.Samadov. — Oʻrganishlar davomida sohada yechimini kutayotgan bir qator masalalar borligi maʼlum boʻldi. Xususan, kodeksdagi yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklarga nisbatan jarima miqdorini eng kam va eng koʻp miqdorini belgilash davomida yaʼni, huquqbuzarlikni tasniflashda amaliyotda korrupsion holatlarini kelib chiqishiga imkon yaratuvchi mavhum normalar aniqlandi.

Oʻtkazilgan tahlillar natijasida hamda keng jamoatchilikning fikr-mulohazalarida, haydovchilar tomonidan toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi, aksariyat hollarda avtotransport egasi oʻz boshqaruvidagi transport vositasini toʻxtatishga majbur boʻlgan joylarda transport vositalarini vaqtincha toʻxtashi uchun shart-sharoitlar yaratilmaganidan va bunday joylarda taqiqlovchi belgilar mavjudligidan sodir etilayotgani ayon boʻldi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasiga koʻra,“Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning bir qator moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Jumladan, kodeksning 54, 123, 141, 147-moddalarida nazarda tutilgan “eng kam” va “eng koʻp” miqdorda belgilangan jarimalarning eng kam darajasi saqlanib, eng koʻp darajasi chiqarib tashlanyapti.

Shuningdek, kodeksning 1286-moddada belgilangan Transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori kamaytirilib, takroran sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima qoʻllash normalari chiqarilmoqda.

Xalq noiblari ushbu hujjatning qabul qilinishi kelgusida yoʻl transport sohasidagi qoidabuzarlik uchun jarimalar belgilashda korrupsion holatlar sodir etilishini oldini olishga xizmat qilishini aytib, qonun loyihasini maʼqulladilar.

Fraksiya yigʻilishida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Prezidentimizning 2020-yil 24-avgustdagi tegishli farmoniga binoan ishlab chiqilgan qonun loyihasida amaldagi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarni birlashtirib yagona Qonun qabul qilish nazarda tutilmoqda.

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish faqatgina elektron tarzda ixtisoslashtirilgan maxsus elektron tizim – “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasida yuridik shaxslarning filial va vakolatxonalari tomonidan litsenziyalanadigan, ruxsatnoma olish yoki xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlarini amalga oshirish amaliyotini joriy etish, xorijiy mamlakatlarning amaliyotidan kelib chiqib, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillarini amalga oshirishning asosiy prinsiplarini belgilash ham oʻz aksini topgan.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi.

Yigʻilishda “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi.

Xalq vakillari tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasining maqsadi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solish, shu sohadagi davlat organlari hamda boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasini aniq chegaralashdan iborat.

Shu jihatdan qonun loyihasining qabul qilinishi bilan respublikaning iqtisodiyot tarmoqlarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi faoliyatni amalga oshirishning mustahkam huquqiy asosi hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri ishlab chiquvchilardan yoki birjadan sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Yana bir muhim jihati, loyihada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarga boʻlgan egalik huqyqini nazarda tutuvchi normalar ham kiritilganki, bu qimmatbaho toshlarga oddiy tovar sifatida kirish, tadbirkorlik subyekti yoki jismoniy shaxslar ham qimmatbaho metallarga egalik qilishi, oʻrnatilgan tartibda erkin tasarruf etish imkonini beradi.

Uzoq tortishuv va bildirilgan takliflardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?