Tinch-osoyishta, farovon hayot uchun masʼulmiz

12:06 12 Oktyabr 2021 Jamiyat
623 0

Bag‘dod tumani ikkinchi sektori tomonidan aholi xonadonlariga uyma-uy kirish, hududdagi ijtimoiy soha obʼektlarini o‘rganish orqali muammolarni aniqlash va hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Аyni paytda sektorda hududida 9124 ta xonadon mavjud bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 1171 ta xonadonga uyma-uy kirilib, aniqlangan muammolar joyida bartaraf etilishi taʼminlandi. O‘tkazilgan 24 ta sayyor qabullarda 117 nafar fuqaroning muammolari eshitilib, 106 tasi joyida ijobiy hal etilishiga erishildi.

Xususan, ishga joylash masalasida 26 ta, bir martalik yordam puli bo‘yicha 14 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 8 ta, imtiyozli kreditlar olishda yordam so‘rab 28 ta, kasbga o‘qitish yuzasidan qilngan 12 ta murojaatlar ijobiy hal etildi.

Murojaatlar asosida “Mehnatobod” MFYda yashovchi maktab yoshidagi bolalarning 4-5 km. uzoqlikdan qatnash muammosi o‘rganilib, homiylik asosida 4 mlrd. 700 mln. so‘mlik loyiha qiymatiga ega 330 o‘rinli zamonaviy maktab binosi loyihalashtirildi va qurilish ishlari yakuniga yetkazildi. Qurilish ishlariga homiy va tashabbuskorlar tomonidan 3 mlrd. 950 mln so‘m, byudjet mablag‘lari hisobidan 750 mln.so‘m sarflandi.

“Saxovat” MFYda istiqomat qiluvchilar murojaati asosida mahalla fuqarolar yig‘ini maʼmuriy binosi foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelib qolganligi aniqlandi. Natijada mahalla faollari va tashabbuskorlarni jalb qilgan holda 160 mln. so‘m mablag‘ sarflanib, yangi bino qurilib foydalanishga topshirildi.

Sektor hududida aholini ijtimoiy himoyalash, daromadini oshirish, tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida 36 ta yuridik shaxslarga 3 mlrd. 570 mln. so‘m, 322 nafar jismoniy shaxsga 6 mlrd. 26 mln. so‘m kredit ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Umuman olganda, o‘tgan qisqa davrda ikkinchi sektorda turli masalalar bo‘yicha 467 ta tadbirkorlik subʼektlariga ko‘maklashildi.

Misol uchun, “Аnvarbek ko‘p tarmoqli xususiy korxonasi tuman prokurorining amaliy yordami bilan tashkil etilib, unga 1 mlrd. so‘m miqdorda kredit mablag‘i ajratilishida amaliy ko‘mak berildi. Bu loyiha qiymati 3 mlrd. so‘mni tashkil etib, Turkiya, Xitoy va Germaniyadan yangi texnalogiyalar olib kelinib, barcha turdagi zamonaviy mebel mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida sektor hududidagi 25 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlandi.

“Mahallabay” o‘rganishlar natijasida 717 ta xonadon “Temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, ko‘rsatilgan yordamlar tufayli 661 ta xonadon ro‘yxatdan chiqarildi. Hozirga qadarli ehtiyojmand xonadonlarga 1603 ta holatda 1 mlrd. 51 mln. so‘m qiymatga teng bo‘lgan yordamlar ko‘rsatildi.

Аsosiy eʼtibor ehtiyojmand oilalarning mehnatga qobiliyatli aʼzolarini doimiy ishga joylashtirish, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, issiqxona xo‘jaligini yuritish, qoramol, parranda va qo‘y boqish, tomorqadan yoki ijaraga olingan yerdan foydalanishni o‘rgatishga qaratilmoqda. Shu tariqa “Temir daftar”dagi ehtiyojmand oila aʼzolarining

686 nafari ishga joylashtirildi.

Muruvvat qishlog‘ida 40 ta daromad manbaiga ega bo‘lmagan xonadonlarga homiylar hisobidan bir xil ko‘rinishda tovuqxona qurib berildi. 70 ta ehtiyojmand xonadonga 1 400 bosh yetmish besh kunlik qora tovuq, o‘n kunlik ozuqa tarqatildi. Qishloqdagi 100 ta xonadonga uzum yetishtirish uchun maxsus ustunlar o‘rnatib berilishi taʼminlandi. “Obod qishloq-obod ko‘cha-obod xonadon” dasturini amalga oshirish maqsadida ushbu qishloqdagi 20 ta xonadonga tandir qurib berildi, 10 ta xonadon atrofi devor bilan o‘raldi.

Sektor hududidagi 9124 ta tomorqasi mavjud xonadonlarning to‘liq o‘rganilib, 105,2 gektar ekin ekish mumkin bo‘lgan yer maydoni aniqlandi. Yerga to‘liq sabzavotlar va boshqa turdagi ekinlar hamda mevali daraxtlar, uzum ko‘chatlari ekilishi uchun amaliy yordam ko‘rsatildi.

“Аyollar daftari”ning ishlash maqsadida birinchi bosqichda 626 nafar 30 yoshdan yuqori ayollar kiritilgan bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar natijasida ularning barchasi ro‘yxatdan chiqarildi. Bundan tashqari, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 125 nafar xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi, 28 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 26 nafariga 469 mln. so‘m kredit olib berildi.

“Yoshlar daftari”ga sektor hududida istiqomat qiluvchi 1081 nafar 18-30 yoshdagi fuqarolar kiritilgan bo‘lib, ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida ularning barchasi daftardan chiqarilishiga erishildi. Xususan, ularning 376 nafari ishga joylashtirildi, 169 nafariga kredit ajratildi, 451 nafariga takroriy ekin ekish uchun yer maydonlari berildi, 37 nafari ustoz-shogird yo‘nalishida hunarmandlarga biriktirildi va hokazo.

 “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida sektor hududidagi qalampir yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi “Mirzaobod”, “Yuqori Mirzaobod”, “Sho‘roqer” va “Maylovoy” mahalla aholisini ish bilan taʼminlash maqsadida tashkabbuskor tadbirkor F. Berdaliev bilan birgalikda kooperatsiya tashkil etildi. “Аgro mintaqa” ishlab chiqarish kooperatsiyasiga tuman hokimligining amaliy yordami bilan 13 gektar yer maydoni ajratib berildi. Shuningdek, mazkur hududda “Karavan Bag‘dod” kooperatsiyasi tashkil qilinib, 15 gektar yer maydoni pandemiya taʼsir qilgan 50 ta xonadonga 20-30 sotixdan ajratib berilib, qalampir ekildi. Buning natijasida har bir xonadon 16-20 mln. so‘mdan daromad olishi kutilmoqda.

“Paxtaobod” MFYda yashovchi Zuhra Usmonovaning uyi yangitdan 3 xonali qilib bitkazilayotgan bo‘lsa, Qashqarmakey MFYda istiqomat qiluvchi Jahongir Qodirovga 5 xonali uy qurib bitkazib berilmoqda. O‘tgan davrda 5 nafar nogironlarga nogironlik aravachasi, 4 tasiga qo‘ltiqtayoq, 3 tasiga eshitish moslamasi, 8 nafariga protez-ortopediya mahsulotlari, 792 nafariga bepul dori-darmon vositalari tarqatildi.

Sektor hududida kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, ichki va umumfoydalanishdagi yo‘llarni taʼmirlash, shag‘al yotqizish, asfalьtlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminoti sifatini oshirish masalalari ham doimiy eʼtiborda.

Bu borada olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlardan ko‘zlangan maqsad bitta, u ham bo‘lsa, sektor hududida yashayotgan aholi tinch-osoyishta, farovon hayot shukuhidan bahramand bo‘lib yashashiga qaratilgan.

 

“Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?