Tilni yorar qaynar mayizlari

16:20 05 Sentyabr 2024 Jamiyat
177 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Mashhur Taxtaqoracha dovoni orqali Samarqand viloyatidan Qashqadaryoga kirib kelar ekansiz, sizni birinchi boʻlib Kitob tumanining Qaynar qishlogʻi qarshi oladi. Hisor togʻ tizmalari etagida yastanib yotgan bu qishloq oʻzining betakror tabiati bilan dong taratgan.

Qaynarda bir-biriga sira oʻxshamaydigan oʻnlab buloqlar bor. Masalan, Sovuqbuloq yoz jaziramasida ham nihoyatda muzdek suv otilib chiqishi, Galabuloq esa bir joyda yuzlab chashmalardan suv chiqib turishi bilan ajralib turadi. Qaynarbuloq hududdagi buloqlarning eng kattasi. Undan suv xuddi qaynagandek koʻpirib, toshib chiqadi. Qishloqning 50 foizdan ortiq aholisi shu buloqdan suv ichadi, ekinlarini suvlaydi. Qishloq nomi ham shu buloq nomiga qoʻyilgan.

Qaynarni mashhur qilgan jihat faqat uning goʻzal tabiati-yu, afsonaviy buloqlari emas. Qishloq odamlari bogʻdorchilik, xususan, uzum yetishtirib, undan mayiz tayyorlash borasida ham nom qozongan. Bu yerda aksariyat oilalar shu faoliyat bilan shugʻullanadi.

— Qishlogʻimizning umumiy maydoni 6 ming gektarni tashkil etadi, — deydi “Qaynar” MFYdagi hokim yordamchisi Zarifa Xidirova. — Shundan 2 ming gektari aholi tomorqalari, dehqon va fermer xoʻjaliklarining yer maydonlaridan iborat. Aksariyat maydonlar bogʻdorchilikka ixtisoslashgan. Aholi hududdagi buloqlardan suv olib, bogʻ va tokzorlarni sugʻoradi. Balki shundandir bu yerning mevalari oʻzining xushtaʼmligi bilan ajralib turadi.

Zarifa Xidirovaning qoʻshimcha qilishicha, uzumchilik mahallaning oʻsish nuqtasi sifatida belgilab olingan. Ayni paytda bu yerdagi 1200 dan oshiq xonadonning 30 foizdan koʻpi uzum yetishtirish bilan shugʻullanadi. Ular uzumni meva holida emas, balki quritib, mayiz sifatida bozorga chiqaradi. Chunki bu orqali uzumning daromadini ikki hissaga oshirish mumkin.

Shu qishloqlik Otamurod Kenjayev ham 20 sotix joyda tokzor tashkil etgan. Bu yerdan yiliga 6 tonnadan oshiq sara uzum olar ekan. Uzumlarning yarmini meva holida bozorga chiqarsa, mayizbop navlarni quritib, qish va bahor oylari sotadi. Buning uchun dehqon uyida barcha shart-sharoitlarni hozirlagan.

— Har yili 3 tonnadan oshiq oq va qora kishmish uzumlarni quritib, ikki tonnaga yaqin mayiz hozirlaymiz, — deydi u. — Havomiz toza, suvimiz zilol, tuprogʻimiz unumdor. Shuning uchun ham uzumlarimiz juda shirali boʻladi. Mayizchilikda bu juda muhim. Bizdan talab etiladigani esa, uzumni quritish jarayonida zarur talablarga amal qilishdir. Boisi bu ish kishidan bilim, tajriba bilan bir qatorda, alohida eʼtibor va masʼuliyatni talab etadi. Misol uchun, biz uzumni uzgandan soʻng avval uni sifatiga qarab ajratib, soʻng osib qoʻyish uchun joy tayyorlaymiz. Mayizning xaridorgir boʻlishida shu jarayon alohida oʻrin tutadi. Uzumni imkoni boricha soya va quruq havoli joyda quritsangiz, koʻrinishi shunchalik chiroyli va yumshoq boʻladi. Aksincha, namlik yuqori, shamol tegmaydigan, harorat bir maromda boʻlmagan joyda uzum yaxshi qurimaydi, mayizning sifati past boʻladi.

Eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat, qishloqda toklarga ishlov berish va hosil yigʻim-terimi bilan koʻproq erkaklar shugʻullansa, mayiz tayyorlash asosan ayollar zimmasida. Ular bu ishning hadisini olgan. Bir xil uzumni oftobda, soyada yoki boshqa sharoitda quritish orqali, undan turli xil koʻrinishdagi mayiz tayyorlashi mumkin. Masalan, shu qishloqlik Nodira Murodova bu ishning pandini olgan ayollardan.

— Uzumlar pishib yetilishi bilan biz ayollarning ishimiz qiziydi, — deydi u. — Erkaklar hosilni yigʻib, uyga tashiydi. Ayollar esa qoʻni-qoʻshni toʻplanib, uzum boshlarini saralash va ishkomlarga osishga kirishadi. Kimning uyida ish ketayotgan boʻlsa, qoʻshnilarning oʻzlari yigʻilib, hasharga kelaveradi. Bu koʻpchilik bilan boʻladigan ishda. Uzumlar qurigach, keyin mayiz saralash boshlanadi. Ularni bir nechta sortlarga ajratib, sotish uchun tayyorlaymiz. Eng quyi sortlariga esa qayta ishlov berib, osh mayiz olamiz. Xullas, yil boʻyi ish topiladi.

Ha, qaynarlik tomorqachilarning mehnatini koʻrib, uzum yetishtirish, undan mayiz tayyorlash ham oson ish emasligiga amin boʻldik. Biroq bu ishning daromadi ham shunga yarasha. Bugun qaynarliklarning dasturxoni toʻkin, turmushi farovon ekani ularning ana shu zahmatli mehnatlari hosilasi, albatta.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?