Til — millat xazinasi

14:44 19 May 2021 Jamiyat
414 0

Avvvalo shun ta'kidlashni istardimki jamgʻarmamizning asosiy vazifalari oʻzbek tilini rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va oʻzbek tilini rivojlantirish loyihalariga grantlar ajratish, kitoblar, qoʻllanmalar, lugʻatlar va boshqa kitob mahsulotlari chiqarish, oʻzbek tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini chop qilish, oʻzbek tilining xalqaro mavqeini mustahkamlash maqsadida davlat tilidagi materiallarni xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlarga va xorijiy mamlakatlardagi oʻzbek tilini oʻrgatish markazlariga yetkazishga koʻmaklashish hamda oʻzbek tilini rivojlantirishga oid media mahsulotlar, kompyuter dasturlari, mobil ilovalar va boshqa elektron materiallarni tayyorlash ishlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Jamgʻarmada oʻtgan bir yil mobaynida bir qator amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targʻib qilish, unga nisbatan milliy gʻurur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, eng muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ijodiy yondashuvni rivojlantirish maqsadida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” xalqaro tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlovning yoʻnalishlari sifatida nasr, nazm, publitsistika, oʻzbek tilining xorijdagi targʻiboti va ijtimoiy roliklar belgilandi.

Oʻzbek tilining ona tili va davlat tili sifatida oʻqitilishini takomillashtiruvchi ilmiy-metodik faoliyatni rivojlantirish maqsadida xalq taʼlimi tizimi xodimlari oʻrtasida “Davlat tili boʻyicha eng yaxshi videodars”, oliy taʼlim muassasalari xodimlari oʻrtasida oʻzbek tilini oʻqitishni rivojlantirishga doir ilmiy-metodik tadqiqotlarni ragʻbatlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Eng yaxshi metodik tavsiya” kabi tanlovlarni tashkil etishda bosh-qosh boʻldi.

AQSHning Ogayo davlat universitetidagi oʻzbek tili kurslari uchun kitoblar, qoʻllanmalar, lugʻatlar va boshqa kitob mahsulotlari uchun jamgʻarma tomonidan tegishli mablagʻlar ajratildi.

Davlat tilini rivojlantirish departamenti topshirigʻiga asosan, jamgʻarma tomonidan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan hamkorlikda “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” 5 jildlik kitobi, “Davlat tilida ish yuritish”, “Xalqaro termin-elementlarning izohli-illyustrativ lugʻati”, umumtaʼlim maktablari uchun “Soʻz sandiqchasi” nomli izohli lugʻat, “Adiblar xiyoboni”da haykallari qad rostlagan adiblar faoliyatiga doir “Soʻz xiyoboni” kitobi, “Harbiy atamalarning yangi izohli lugʻati”, “Oʻzbek tilining ijtimoiy-siyosiy terminlar lugʻati”, “Oʻzbek tili bank-moliya terminlarining izohli lugʻati”, “Oʻzbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)” kitobi, «Yuridik terminlarining ruscha-oʻzbekcha lugʻati” kabi bir qator kitoblar chop etilib, shu yilning 4-mart sanasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan tayyorlangan “Oʻzbek tili meʼyorlari: punktuatsiya” kitobining, 19-mart kuni esa Toshkent davlat yuridik universitetida Toshkent davlat yuridik universiteti olimlari hamkorligida tayyorlangan “Yuridik terminlarning ruscha-oʻzbekcha lugʻati” kitobining taqdimotlari oʻtkazildi.

Shuningdek, xorijliklar va yurtdoshlarimiz uchun oʻzbek tilini oʻrgatuvchi onlayn platforma — “Oʼzbektili.uz” dasturi, oʻzbek tilining izohli lugʻatining toʻldirilgan, tuzatilgan bosma nashri mazmuni asosida uyali telefonlar uchun Android va IOS platformalarda ishlay oladigan “Izohli-lugʻat” dasturi, tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Vatandoshlar.uz” veb-saytini yaratish ishlari bugungi kunda amalga oshirilmoqda.

Joriy yil rejasiga koʻra oʻzbek tili oʻquv leksikografiya tarmogʻini rivojlantirish, yangi avlod oʻquv va atamalar lugʻatlarini yaratish, ularning elektron variantlarini ishga tushirish, oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari toʻla hisobga olingan imlo va punktuatsiya qoidalari aks ettirilgan “Oʻzbek tili meʼyorlari” ilmiy-ommabop oʻquv qoʻllanmasini nashrga tayyorlash, oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitishning zamonaviy metodikasini yaratish, birlamchi moddiy va yozma manbalar asosida oʻzbek tilining koʻp ming yillik tarixiy rivojlanishini yoritib beruvchi ilmiy monografiyani nashrga tayyorlash, koʻp jildli “Oʻzbekiston milliy qomusi”ni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida nashrga tayyorlash va chop etish ustida ishlar olib borilmoqda.

Jadid namoyondalarining boy maʼnaviy merosi, hayoti va faoliyatini oʻrganishga oid ilmiy izlanishlarni ragʻbatlantirish, oʻzbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy maʼlumotlarni oʻzida jamlagan elektron koʻrinishdagi oʻzbek tili milliy korpusni yaratish, oʻzbek tilidagi matnlar tahririga moʻljallangan kompyuter dasturlarini yaratish, oʻzbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturini yaratish, oʻzbek tilini xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish, uni oʻrganish istagida boʻlgan chet ellik fuqarolarga koʻmaklashishga moʻljallangan oʻzbek tilini oʻrgatuvchi onlayn platforma tashkil qilish, uning axborot bazasini shakllantirish va muntazam boyitib borish, turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik jarayonlarini rivojlantirish maqsadida oʻzbek tilining qardosh tillar bilan tarjima lugʻatlarini hamda ularning mobil ilovalarini yaratish masalasi ustida izlanishlar olib borilmoqda.

Aziz EMINOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi
rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?