Til – har bir millatning bebaho xazinasi

14:46 01 Dekabr 2021 Jamiyat
231 0

Foto: "Xalq so'zi"

Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlarida, taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarda 1-dekabr - qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganining 32 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlarida soʻnggi yillarda yurtimizda har bir millatning til va milliy urf-odatlari bardavomligini taʼminlash, jamiyatda bagʻrikenglik muhitini qaror toptirish borasida roʻyobga chiqarilayotgan keng qamrovli ishlar alohida eʼtirof etilmoqda.

Til – bu xalq tarixini, madaniy merosini, turmush tarzi va anʼanalarini oʻzida mujassam etgan bebaho xazinadir. Bugungi kunda qoraqalpoq tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi obroʻsi va nufuzini yanada oshirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash saʼy-harakatlari oʻz samarasini berayotganini pedagogik faoliyatimiz davomida yaqqol koʻrmoqdamiz. Xususan, 1-dekabr – Qoraqalpoq tili kuni munosabati tumanimizdagi maktablar oʻrtasida tanlov oʻtkazildi. Mazkur tanlov oʻquvchi-yoshlarimizda ona tilini eʼzozlash hissi yuksak ekanini, savodxonlik darajasi yuqoriligini koʻrsatdi.

Maʼlumot uchun, qoraqalpoq tili yozuvi arab grafikasi asosida 1924-yilda shakllantirilgan. 1929-40-yillarda lotin grafikasiga asoslangan qoraqalpoq yozuvi amalda boʻlgan. 1940-yildan kirill grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan. 1999-yildan lotin grafikasi asosidagi yozuvga oʻtish ishlari amalga oshirilmoqda.

A. Karimova,

Ellikqalʼa tumanidagi 40-sonli maktab oʻqituvchisi,

Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?