Tibbiyotimizda yuz beradigan inqilobiy oʻzgarishlarga mustahkam poydevor yaratilmoqda

21:40 09 Noyabr 2020 Jamiyat
266 0

Poytaxtimizda, viloyatlar markazlarida shifoxonalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hamda malakali kadrlar bilan taʼminlanganligi bois, kasalliklarga tez tashxis qoʻyishda va murakkab operatsiyalarni amalga oshirishda katta yutuqlarga erishilyapti. Bu yaxshi. Lekin yurtimizda aholining koʻp qismi qishloqlarda yashaydi. Qishloqlardagi oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlaridagi tibbiy xizmat tizimi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Baʼzi olis hududlardagi qishloq oilaviy poliklinikalarida shifokorlar yetishmaydi, ishlab turgan koʻplab shifokorlarning bilim darajasi pastligi tufayli bemorlar davolanish uchun viloyat markazi va poytaxtdagi shifoxonalarga borishga majbur boʻlishmoqda.

Ochiq tan olish kerak, bugun tibbiyot sohasi mutaxassisligini egallagan yosh shifokorlarning aksariyati poytaxtda va viloyat markazlaridagi shifoxonalarda ishlashga intilyapti. Bu esa qishloq oilaviy poliklinikalarida vrachlar yetishmasligiga sabab boʻlmoqda. Qishloqlarda tibbiyot sohasi uchun yetuk kadrlar tanqisligining yana bir sababi tibbiyot muassasalarida shart-sharoitlar talablar darajasida emasligi bilan bogʻliq. Bu oʻtkir masalalar joylardagi uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan ham koʻtarib chiqilgan va muammoni bartaraf etish boʻyicha tegishli vazirliklar bilan ish olib borilayotgan boʻlsa-da, hali aniq bir toʻxtamga kelinmagan edi.

Prezidentimiz raisligida 6-noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan shu masalalar muhokama qilindi va tibbiyot sohasining birlamchi boʻgʻinidagi koʻplab muammolarni hal etish boʻyicha aniq chora tadbirlar belgilandi. Meni xursand qilgan narsa shu boʻldiki, davlatimiz rahbari tomonidan kadrlar masalasiga katta eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod shifokor shtati bor, lekin atigi 12 ming mutaxassis ishlayotganiga alohida urgʻu berildi. Buning sababi oliy oʻquv yurtini bitirgan yosh shifokorlarning qishloqlarga kelib ishlamayotganligi, endilikda ularni jalb qilish uchun “Qishloq shifokori” dasturi ishlab chiqilishi belgilandi.

Dasturga muvofiq olis hududlardagi birlamchi boʻgʻinga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million soʻm miqdorida bir martalik mablagʻ bilan ragʻbatlantirish, xizmat uylari ajratish joriy etilishi aytildi. Shifokorlarga boʻlgan ehtiyojlarni mahallalar kesimida aniqlab, tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida kvotani oshirish, ipoteka asosida qurilayotgan uy-joylarni avvalo birlamchi boʻgʻin shifokorlari uchun ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Ishonamanki, qishloq shifokorlariga berilgan bu imtiyoz ularni oʻz ustida tinimsiz ishlashiga, kasbiga sadoqat bilan yondashib, halol ish olib borishga undaydi. Vaholonki bizning maqsadimiz ham aholiga namunali tibbiy xizmat koʻrsatish darajasini oshirishga qaratilgandir.

Chuqurroq mulohaza yuritadigan boʻlsak, davlatimiz rahbarining aynan tibbiyot sohasining birlamchi boʻgʻiniga eʼtibor qaratayotgani zamirida juda katta mohiyat mujassam. Birinchidan mamlakatimiz aholisining koʻp qismi qishloqlarda istiqomat qilayotgan boʻlsa, ikkinchidan bemor markazlardagi mashhur klinikalarga borishdan oldin qishloq vrachlik punkti shifokoriga uchrashadi. Bemorga birinchi tashxis notoʻgʻri qoʻyilsa, u to kasalligini aniqlagunga qadar kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga oʻtib ketadi. Bu aksariyat hollarda fojia bilan tugashi mumkin. Shuning uchun ham birinchi boʻgʻindagi tibbiyot muassasalarni malakali, oʻz sohasini puxta biladigan, zamonaviy tibbiyotni tushunadigan va halol kadrlar bilan boyitish ehtiyoji paydo boʻlmoqda. Bu saʼy-harakatlar tibbiyotimizda yuz beradigan inqilobiy oʻzgarishlarga mustahkam poydevor yaratishda asos boʻlishi tabiiy.

Yana bir mulohaza shundan iboratki, men deputat sifatida oʻz saylovchilarim bilan uchrashganimda, qishloq odamlari poliklinika uzoqligi, baʼzi hududlarda qishloq oilaviy poliklinikasi yoʻqligi haqida murojaat qilishar edi. Yigʻilishda aholi ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusi yili 100 ta qishloq vrachlik punkti va 24 ta oilaviy poliklinika tashkil etilishi belgilangani qishloq aholisini xursand qilishi shubhasizdir. Binobarin, biz deputatlar Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni bajarilishini nazorat qilishda va tibbiyot sohasining birlamchi boʻgʻinidagi hal etilishi muhim boʻlgan muammolarni oʻrganib, tegishli mutasaddi rahbarlar bilan hamkorlikda amalga oshirishda bosh-qosh boʻlamiz. Zero, tibbiyot sohasini yuksak darajaga koʻtarish bu mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz ravnaqi yoʻlidagi eng muhim vazifadir.

Mavluda Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?