TIBBIYOT TIZIMIDAGI ISLOHOTLAR: xalqimizni rozi qilishdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda

11:55 18 Avgust 2021 Jamiyat
289 0

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan

Inson qadr-qimmati ulugʻlangan, manfaatlari ustuvor yurtda yuksalish va taraqqiyot bardavom boʻladi. Eʼtiborlisi, mustaqillik yillarida mazkur tamoyil asosida mamlakatimizning barcha jabhalarida ijobiy oʻzgarish va yangilanishlar kuzatilib, xalqimizning erkin va farovon yashashi, baxtli hayoti yoʻlida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, bugun ona Vatanimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tez-tez tilga olinmoqdaki, bu istiqlol atalmish ulugʻ neʼmat tufayli keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida yurtimiz taraqqiyotining butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻygani, erishayotgan zalvorli yutuqlari eʼtirofidir.

Maʼlumki, bu yil mamlakatimiz mustaqilligiga roppa rosa 30 yil toʻladi. Oʻtayotgan har bir kun esa bizni ushbu qutlugʻ sanaga yana-da yaqinlashtirmoqda. Albatta, istiqlol neʼmatining yurtdoshlarimizga bergan imkoniyatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Xususan, soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak” degan ezgu tamoyil hayotimizning barcha jabhalariga toʻla tatbiq etilib, koʻp sohalarda, jumladan, tibbiyot tizimida bir qator ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi. Ayniqsa, Prezidentimizning “...Tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak” degan soʻzlari sohadagi islohotlarni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi.

Natijada keyingi toʻrt yil ichida sogʻliqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sogʻlom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu yoʻlda misli koʻrilmagan ishlar qilindi.

Ayniqsa, koronavirus kasalligi avj olgan pandemiya davrida mamlakatimiz tibbiyoti jiddiy sinovdan oʻtib, ushbu xavfli xastalikka qarshi kurashish, uni aholi orasida keng tarqalishining oldini olish, xalqimizni ushbu balodan saqlash, salomatligini asrash borasida davlatimizning barcha imkoniyatlari ishga solindi. Jumladan, koʻplab yangi shifoxonalar va karantin zonalari ishga tushirildi. Katta miqdorda qoʻshimcha tibbiyot uskunalari va tez yordam mashinalari xarid qilindi.

Qolaversa, shunday murakkab davrda oʻz hayotini garovga qoʻyib, yurtimizda koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish, bemorlar hayotini asrash, ularga mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatish ishiga oʻzining bilim va salohiyati, professional mahorati bilan munosib hissa qoʻshgan 300 dan ziyod tibbiyot xodimlari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan mukofotlangani soha xodimlari faoliyatiga berilgan yuksak bahodir.

Eng muhimi, bugun yurtimiz tibbiyotidagi ijobiy oʻzgarish va yangilanishlarni mamlakatimizning har bir fuqarosi oʻz hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda.

Birlamchi tibbiyot boʻgʻini kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylanmoqda

Maʼlumki, tibbiyotning birlamchi boʻgʻini aholi salomatligini saqlash, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda beqiyos oʻringa ega. Biroq tan olish kerak, mamlakatimizda yaqin-yaqingacha tibbiyotning mazkur boʻgʻinida bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatining pastligi sohadagi eng ogʻriqli muammolardan biri boʻlib kelgan. Xususan, oʻtgan yillar davomida yurtimizdagi oʻlim holatlarining 60 foizi ana shu boʻgʻindagi kamchiliklar, masalan, yurak-qon tomir kasalliklariga oʻz vaqtida toʻgʻri tashxis qoʻya olmaslik holatlari tufayli sodir boʻlgani, onkologiya yoʻnalishidagi bemorlarning yarmida xastalik ikkinchi va uchinchi bosqichga oʻtib boʻlganidan keyin aniqlangani mazkur tizimning oʻz vazifasini toʻla-toʻkis amalga oshira olmaganidan dalolat beradi.

Xoʻsh, tizimdagi ushbu muammolarning yuzaga kelishiga qanday omillar sabab boʻldi?!

Avvalo shuni aytish kerak, bir paytlar qishloq vrachlik punktlarida faoliyat olib borgan umumiy amaliyot shifokorlari zimmasiga shu qadar koʻp vazifalar yuklab tashlangan ediki, bu oʻz-oʻzidan tizimda tibbiy xizmat sifatiga salbiy taʼsir etgan. Shifokorlarga yaratilgan sharoit bilan ish hajmi mutanosib emasligi, xususan, 146 turdagi kasallikka diagnoz qoʻyish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qoʻyish va yoʻllanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika boʻyicha juda koʻp vazifalar yuklatilgani tizimdagi aksariyat muammolarga sabab boʻlgan.

Shu bois, mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi oʻrni va maqomini kuchaytirish maqsadida Prezidentning bir qator Farmon va qarorlari qabul qilindi.

Ularga koʻra, umumiy amaliyot shifokori mutaxassisi oilaviy shifokor, qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlandi va faoliyati yangi bosqichga koʻtarildi. Ushbu mutaxassislarga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj boʻyicha tibbiyot brigadalari tashkil etildi. Mazkur brigadalar oʻzlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib borishi belgilandi. Bu orqali esa tibbiyotning birlamchi boʻgʻini toʻgʻridan-toʻgʻri bemor bilan ishlaydigan, kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirilmoqda.

Yana bir gap. Sohadagi kadrlar muammosiga zarur yechim topish maqsadida 2020-yil 12-noyabrda Prezidentimizning “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinib, yurtimizda “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilindi.

Taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda yurtimizdagi 243 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari olis va chekka hudud sifatida belgilangan boʻlib, ushbu xududlarda mamlakatimiz boʻyicha jami 84 ta oilaviy shifokorlik punkti va 35 ta oilaviy poliklinika va ularda 89,5 ta vakant shtat mavjud.

Eʼtiborlisi, ushbu dastur joriy qilinganidan boshlab, bugungacha 52 nafar tibbiyot xodimi 69,75 stavkaga ishga qabul qilindi. Shu bilan birga, qator tibbiyot xodimlariga 30 million soʻmdan pul mablagʻi toʻlab berildi.

Shoshilinch va tez tibbiy yordamdan aholi minnatdor

Shoshilinch tibbiy yordam tizimi (SHTYOT) sogʻliqni saqlash sohasidagi eng yirik va oʻta kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilma hisoblanib, keyingi yillarda viloyat va tumanlardagi ixtisoslashgan markazlar filiallari va boʻlimlardan iborat mazkur yoʻnalishda aholi salomatligini asrash, ularga sifatli shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish borasida sezilarli ishlar qilindi.

Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) va unga biriktirilgan respublika sanitar aviatsiyasi hamda Toshkent shahrining “103” xizmati SHTYOXning bosh muassasasi hisoblanib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tashkil qilingan markazning 13 ta filialida aholiga maxsuslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatib kelinadi. Bundan tashqari, mamlakatimizning 179 ta aholi punktlarida RSHTYOIMning subfiliallari – shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlari faoliyat olib bormoqda. Sanab oʻtilgan statsionarlardan tashqari, tizimga “103” – tez tibbiy yordam xizmati, sanitar aviatsiyasi va favqulodda vaziyatlarda aholini tibbiy taʼminlash xizmati biriktirilgan.

Taʼkidlash lozimki, 2020-yilda ushbu tizim muassasalariga jami 14,5 milliondan ziyod bemor murojaat qilgan boʻlib, joriy yilning 5 oyi mobaynida bu raqam 4 milliondan ortiqni tashkil etdi.

Soʻnggi yillarda turli zamonaviy tibbiy texnika vositalari bilan jihozlangan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida turli murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilib, diagnostika va davolash jarayoniga bir qator innovatsion usullar va tashkiliy yechimlar tatbiq qilindi. Natijada Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib, bosh miyaning qon-tomir nuqsonlarini (anevrizma, malformatsiyalar, Moya-Moya kasalligi) diagnostika qilish va xirurgik davolashning eng zamonaviy yuqori texnologik usullari hamda yuqori texnologik koʻp tomirli aorto-koronar shuntlash operatsiyasi yoʻlga qoʻyilib, ularning 88,6 foizi ishlab turgan yurakda bajarildi. Shu bilan birga, markazning barcha hududlardagi filiallarida umurtqalarning nostabil sinishlarini xirurgik davolashning zamonaviy transpedikulyar metallokonstruksiya bilan mustahkamlash usullari bajarildi.

Muhim yangiliklardan yana biri shuki, ilgari yurtimizda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari oʻtkazilmas, bu holat koʻpgina vatandoshlarimizning erta vafot etishi yoki kasallikni xorijiy mamlakatlarda katta mablagʻ evaziga davolashiga sabab boʻlardi. Eʼtiborlisi, hozirga kelib, RSHTYOIM transplantologiya boʻlimida buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bugungacha oʻtkazilgan buyrak transplantatsiyasi amaliyotlari soni 130 tadan oshgan boʻlib, joriy yildan har yili 100 ta ana shunday murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, sohadagi islohotlar natijasida tez tibbiy yordam tizimi mutlaqo yangi innovatsion, sifat jihatdan yuksak, barcha xalqaro talablarga toʻliq javob beradigan sohaga aylantirildi. Xususan, yuqori talab va mezonlarga mos ixtisoslashtirilgan viloyat shifoxonalari, ularning shahar hamda tuman boʻlimlari qoshidagi tez tibbiy yordam xizmati boʻlimlarida butunlay yangicha tizim shakllantirildi. Prezidentimizning 2018-yil 16-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi bu kabi ijobiy oʻzgarishlar va izchil islohotlarni amalga oshirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Birgina misol. Avvallari tez tibbiy yordam xizmatida davlat tomonidan har bir chaqiriq uchun juda kam mablagʻ ajratilar, zarur dori vositalari yetishmas, bu esa oʻz-oʻzidan ogʻir ahvoldagi bemorlarga tez tibbiy xizmat koʻrsatish sifatiga salbiy taʼsir etardi. Xususan, 2016-yil “Tez yordam” tizimida har bir chaqiriqqa sarflangan mablagʻ oʻrtacha 745 soʻmni tashkil etgani soʻzimiz tasdigʻi, albatta.

Sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasida tizimdagi mavjud koʻpgina muammolar butkul barham topdi. Xususan, oxirgi yillarda “Tez yordam”da bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablagʻ 10 barobardan ziyodga oshib, bugungi kunda oʻrtacha 7 ming 700 soʻmni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizda 2016-yilda 800 ta “tez yordam” shoxobchalari va 1 ming 648 ta tez tibbiy yordam brigadalari faoliyat yuritgan boʻlsa, ayni paytda ularning soni mos ravishda 1 ming 666 ta va 2 ming 685 taga yetkazildi.

Qolaversa, 2016-yilda Toshkent shahri tez yordam tarmogʻida bor-yoʻgʻi 24 ta reanimobil boʻlib, birgina oʻtgan 2020-yilning 4 oyi davomida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 150 dona “Ford” rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinalari xarid qilindi. Bugungi kunda respublika tez tibbiy yordam xizmatida 435 ta reanimobil mavjud boʻlib, 13 ming aholiga bitta avtomashina toʻgʻri kelmoqda. Vaholanki, bu raqam ham bundan bir necha yil avval 15 ming nafardan iborat edi. Shu bilan birga, tez tibbiy yordam tizimida bosqichma-bosqich “Damas” rusumli avtomobillardan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda.

Sohadagi muhim oʻzgarishlardan yana biri – oxirgi yillarda tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta koʻrib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirildi. Jumladan, tugatilgan 441 ta qishloq vrachlik punktlari oʻrnida tez tibbiy yordam shahobchalari tashkil qilindi va ularga bittadan brigada biriktirildi.

Shuningdek, 793 ta qishloq oilaviy punkti va Toshkent shahrining 63 ta poliklinikalari qoshida ham huddi shunday shahobchalar tashkil qilindi. Natijada, tez tibbiy yordam brigadalarining xizmat koʻrsatish hududi radiusi oʻrtacha 15-20 km.dan 8-12 km.gacha qisqardi. Ayniqsa, “103” raqami markazlashtirilishi hamda muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik xizmati – CALL markazlarining tashkil etilishi orqali “Tez yordam”ning kechikishi 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi. Yaʼni, 2016-yilda chaqiriqlarga yetib borish vaqti oʻrtacha 25-30 daqiqa boʻlgan boʻlsa, hozirda atigi 8-12 daqiqani tashkil qilmoqda.

Endilikda murakkab operatsiyalar oʻzimizda oʻtkazilmoqda

2017-yil 5-yanvarda Prezidentimiz sogʻliqni saqlash tizimi rahbarlari bilan uchrashuvda “Bugun zamon oʻzgarmoqda, odamlarning talabi oshib bormoqda. Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng soʻnggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat koʻrsatilishini istaydi. Bizga shu ham boʻlaveradi, degan tushuncha endi oʻz umrini oʻtab boʻldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor. Shu bois, soha xodimlari tibbiyotning eng ilgʻor, zamonaviy yutuqlarini, davolash usullarini oʻzlashtirmogʻi zarur. Erishilgan yutuqlarga mahliyo boʻlib oʻtirish taraqqiyot yoʻlidagi eng katta gʻovdir” degan edi.

Shundan soʻng yurtimizda ixtisoslashgan tibbiyotni rivojlantirish borasida muhim qadamlar tashlandi. Quvonarlisi, sohadagi islohotlar natijasida bir qancha murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻzimizda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi.

Xususan, yurtimizda bugungacha 500 dan ortiq buyrak, 10 ga yaqin jigar va 35 ta oʻzak hujayra operatsiyalari oʻtkazildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatining taraqqiy etib borishi, hududlardagi filiallari ortib borishi natijasida koʻplab bemorlarga yashash joyining oʻzida yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Shu bilan birga, transplantatsiya operatsiyalari oʻtkazilayotgani tufayli yuzlab fuqarolarning yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari uchun chet mamlakatlarga borishiga deyarli hojat qolmadi.

Xususiy tibbiyot faoliyati kengaymoqda

Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish, bu kabi tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, tizimga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Shu maʼnoda bugun mamlakatimizda 6,5 mingdan ziyod xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Prezidentning 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yurtimizda xususiy tibbiyot tashkilotlari 129 ta tibbiy ixtisoslik boʻyicha litsenziya olishlariga imkon yaratilgani sohadagi muhim oʻzgarishlardan biri boʻldi. Vaholanki, bundan avval ular atigi 50 turdagi xizmat koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan, xolos.

Shuningdek, avval nodavlat tibbiyot muassasasiga ishga kirish uchun shifokorda malaka toifasi boʻlishi talab etilar, buning uchun kamida 5 yil tibbiy faoliyat bilan shugʻullanishi lozim edi. Eʼtiborlisi, Prezidentimizning shu yil may oyidagi “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu murakkablikka butkul chek qoʻyildi. Yaʼni joriy yil 1-iyuldan nodavlat tibbiyot muassasasi biror yosh mutaxassisning bilim va malakasiga ishonch bildirib, uni ish bilan taʼminlamoqchi boʻlsa, ulardan malaka toifasi talab qilinmaydi. Mutaxassis ish boshlaganidan soʻng, vaqti kelganida shu ish joyida ishlab turib ham malaka toifasi olishi mumkin. Xullas, endi tibbiyot muassasasining mulkchilik shakli yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishga toʻsiq boʻla olmaydi.

Malakali kadrlarsiz soha istiqbolini tasavvur etib boʻlmaydi

Mamlakatimizda shifokorlarning jamiyatdagi oʻrni va maqomini kuchaytirish, mavqeyini mustahkamlash, munosib mehnat sharoiti yaratish, ish haqi va mavjud shatatlar sonini oshirish, ularni moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada 2016-yil tibbiyot tizimida shifokorlar uchun ajratilgan 92 709 ta shtatlar soni 109012,75 taga yetkazildi. Bundan 4 yil avval mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida 84 100 nafar shifokor faoliyat yuritgan boʻlsa, ayni paytda 93 337 nafar malakali mutaxassis sohada samarali mehnat qilmoqda.

Shuningdek, keyingi yillarda tibbiyotda chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy taʼlim standartlari asosida tayyorlash, hududlarning shifokorlarga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida maqsadli qabulni shakllantirish, bu yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlari sonini oshirish borasida olib borilayotgan oʻzgarishlar sohada kadrlar siyosatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Jumladan, 2016-yil mamlakatimizda tibbiyot yoʻnalishida 7 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun ular soni 9 taga yetdi. Mamlakatimizda 16 ta bakalavriat, 51 ta magistratura yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Tibbiyot taʼlim muassasalarida bakalavriat boʻyicha kvotalar soni 72 foiz, magistratura boʻyicha esa 92 foizga oshirildi. Avval mavjud boʻlmagan mexanizm – maqsadli qabul boʻyicha 1 ming 500 ta kvota joriy etildi.

Albatta bu ijobiy oʻzgarish va yangilanishlar mamlakatimiz tibbiyot tizimida malakali kadrlar soni va sifatini yaxshilash, olis va chekka hududlardagi tibbiyot muassasalarini yetuk mutaxassislar bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

Ona va bola sogʻlom boʻlsa, jamiyat sogʻlom boʻladi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti har bir mamlakat uchun shu yoʻnalish boʻyicha rivojlanganlik darajasini belgilovchi mezonlarni ishlab chiqqan boʻlib, unga koʻra, agar bola homiladorlikning 22 haftasida tugʻilib, vazni 500 gramm va undan ortiq, boʻyi 25 santimetr va undan ortiq boʻlsa, u tirik tugʻilgan hisoblanadi. Tabiiyki, qator davlatlar bu tavsiyalarni oʻzlaridagi neonatologiya sohasining rivojiga qarab, turli yillarda qabul qilishdi. Taqqoslash uchun aytish kerak, baʼzi mamlakatlarda bu mezonlar 28 haftadan boshlab, bolaning vazni 1000 gramm, boʻyi 35 santimetr deb ham belgilangan. Shu sabab, Oʻzbekistonda bu mezonlarga oʻtish uchun qabul qilingan davlat dasturlarida bir qator vazifalar belgilanib, hayotga tatbiq etildi.

Jumladan, homilador ayollar salomatligi doimiy nazoratda boʻlib, 200 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinikadagi perinatal tashxis xonalarida ularning 92,6 foizi homiladorlikning birinchi uch oyligida ultratovush tekshiruvidan oʻtkazilmoqda. Joriy yil bu boʻyicha 100 foizlik natijaga erishiladi.

Shuningdek, yurtimizda bolalar salomatligini saqlashda pediatriyaning barcha yoʻnalishlarida diagnostika, davolash, profilaktika va reabilitatsiya boʻyicha ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan 280 oʻrinli Bolalar milliy tibbiyot markazi tashkil etildi. Nafaqat respublika, balki viloyat tibbiyot muassasalarida ham yuragida tugʻma nuqsoni boʻlgan bolalarni davolash uchun shifo oʻrinlar soni 3 barobar oshirildi. Shu bilan birga, ayni paytda yuqori tibbiy texnologiyalar asosida yurtimizdagi 10 ta tibbiyot muassasasida bolalar kardiojarrohligi operatsiyalari oʻtkazilmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2016-yil 1 ming 447 ta kardiojarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan boʻlsa, 2019-yil 2 ming 285 ta, 2020-yil esa 2 ming 315 ta ana shunday murakkab amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarildi.

Bundan tashqari, soʻnggi yillarda yurtimizda eshitishda nuqsoni bor va kar bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalari muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda. Birgina 2016-yilda “Neyrosensor kar yoki zaif eshitadigan bolalarda koxlear implantatlardan foydalangan holda operatsiyalar oʻtkazish” boʻyicha 150 nafar bola qamrab olingan boʻlsa, 2018-yilda 239 nafar, 2019-yil 320 nafar, 2020-yilda esa 225 nafar zaif eshituvchi bemor bolalarda jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilib, oʻtgan davrda bu raqam 1000 nafardan oshdi.

Bir soʻz bilan aytganda bugun tibbiyot tizimi xodimlari izlanishdan, tajriba va mahorat orttirishdan bir zum ham toʻxtagani yoʻq. Prezidentimiz boshchiligida tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar esa xalqimizni bugunidan rozi qilish, ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.




Sogʻliqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?