Tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha qancha ariza kelib tushdi?

07:52 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
562 0

Foto: SSV matbuot xizmati

SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga vazirlikning Fan va taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Ismailov javob berdi:

— Joriy yil tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha juda koʻp murojaatlar kelib tushdi, — deydi Oʻ. Ismailov. — Ular orasida chet elda tahsil olayotgan va oʻqishini mamlakatimizda davom ettirish istagida boʻlganlar hamda yurtimizning bir hududida joylashgan davlat oliy taʼlim muassasasidan boshqa hududidagi oliy oʻquv yurtiga koʻchirish istagidagi yigit-qizlar bor.

Albatta, mazkur arizalarni koʻrib chiqish jarayoni shaffof tarzda kechib, belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan va tegishli mezonlarga toʻgʻri kelgan talabalarning arizalari qanoatlantirildi.

Xususan, 2022-yil yurtimizning bir hududida joylashgan davlat oliy taʼlim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishni koʻchirish boʻyicha jami 168 ta ariza kelib tushgan boʻlib, ularning barchasi qonun doirasida hal etildi.

Shuningdek, xorijda tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan 6 ming 545 nafar talaba oʻqishini mamlakatimizda davom ettirishi uchun Davlat test markazi tomonidan test sinovlari oʻtkazildi. Yakunda ularning 89 nafari belgilangan imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, oʻqishini yurtimizdagi oliy tibbiyot muassasalariga koʻchirishiga ruxsat etildi. Sinovlarda yetarli ball toʻplay olmagan 6 ming 456 nafar talabaning arizasi esa rad etildi.

Qolaversa, tibbiyot kolleji va jamoat salomatligi texnikumlari oʻquvchilaridan oʻqishni koʻchirish boʻyicha 1 ming 530 ta ariza kelib tushib, ulardan 666 tasi qanoatlantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?