Tibbiyot muassasalaridagi ortiqcha qogʻozbozlikni qisqartirish choralari koʻrilmoqda

11:46 30 Noyabr 2021 Jamiyat
244 0

Tibbiyot muassasalarida hali-hanuz ortiqcha ovoragarchiliklar barham topgani yoʻq. Shifokorlar qabuliga kirish uchun bemorlar baʼzan soatlab navbat kutishiga toʻgʻri kelmoqda. Chunki soha xodimlari zimmasidagi yuklamalar koʻp. Ularning aksariyati qogʻozbozlik bilan bogʻliq.

Sogʻliqni saqlash vazirligida Toshkent shahridagi bir guruh tibbiyot xodimlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ana shunday holatlar muhokama qilinib, amaliyot uchun foydali boʻlmagan, ortiqcha ovoragarliklarni keltirib chiqarayotgan hujjat va hisobot shakllarini qayta koʻrib chiqish hamda qisqartirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Maʼlum boʻlishicha, tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozir 26 turdagi jurnallar, 33 turdagi hisobot shakllari hamda bemorlarga beriladigan oʻnlab turdagi blankalarni toʻldirishga majbur boʻlmoqda.

Masalan, “Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali”ga noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj boʻlmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni “Bugun koʻngilsiz holatlar sodir boʻlmadi” degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart.

Vaholanki, shifokorning eng asosiy vazifasi odamlarga shifo ulashishdan iborat. U buning uchun har bir bemorga oʻrtacha 15 daqiqa vaqt ajratishi kerak. Biroq amalda shundan maʼlum qismi hujjat toʻldirishga sarflanmoqda.

Birlamchi boʻgʻin xodimlari “Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali” ham ortiqcha, degan fikrda. Negaki, aholi juda koʻp murojaat qilgan pallalarda qabul boʻlimi hamshirasining mazkur jurnalni toʻldirib oʻtirishi uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltiradi. Bu esa odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Qolaversa, bemorlar qabul boʻlimidan roʻyxatdan oʻtgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana roʻyxatga yozilishi zarur.

Ushbu holatlarni bartaraf etish uchun ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan oʻrganishlar olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?