Tibbiy sugʻurta tizimi Sirdaryo tibbiyot muassasalariga moliyaviy mustaqillik bermoqda — SSV

14:28 02 May 2023 Jamiyat
517 0

Poytaxtimizda ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtayotganidan xabaringiz bor. Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov mazkur forum doirasida tashkil etilgan tadbirda soʻzga chiqib, yurtimizda davlat tibbiy sugʻurta tizimini yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning dastlabki natijalari haqida yigʻilganlarga maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimiz tibbiyotida katta oʻzgarishlar davri boshlandi. Xususan, Prezidentimizning alohida qarorlari bilan tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sugʻurta tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish ishlari yoʻlga qoʻyildi.

Loyiha doirasida birlamchi tizimda oilaviy shifokor, amaliyotchi va patronaj hamshira hamda doyadan iborat tibbiyot brigadalari tashkil qilindi. Bemorlarni kafolatlangan paket asosida 70 turdagi dori vositalari hamda 27 turdagi tibbiy buyumlar bilan taʼminlash belgilandi.

Dorixona tomonidan berilgan preparatlar qiymati Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan referent narxlar asosida qoplab berilmoqda.

Shuningdek, Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi negizida 6 ta shifoxonani birlashtirish orqali 520 oʻrinli Guliston tibbiyot klasteri tashkil etilishi soha rivojida muhim qadam boʻldi. Qolaversa, tibbiyot muassasalariga ajratilgan mablagʻlardan foydalanish boʻyicha moliyaviy mustaqillik berildi.

Natijada birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga qatnovlar soni 20 foizga ortib, kunduzgi statsionarda davolanganlar esa 75 foizga koʻpaydi. Tuman va shahar shifoxonalarida davolangan bemorlar soni 10 foizga kamayib, viloyat shifoxonalarida bemorlarga koʻrsatilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari 92 foizga oshdi.

Vazir A. Inoyatov oʻz soʻzida davom etarkan, Sirdaryodagi natijalar va orttirilgan tajriba asosida joriy yilning 1-iyulidan Toshkent shahrida ham davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilishi hamda kelajakda majburiy tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish koʻzda tutilayotganini aytib oʻtdi.

Bildirilgan ushbu maʼlumotlar yigʻilish qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Yakunda Amrillo Inoyatov ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdi.

Shuningdek, vazir mazkur ishlarni amalga oshirishda yaqindan koʻmak berayotgani uchun Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotiga alohida minnatdorlik bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер