Tezkor, sifatli va xolis xizmat — pirovard maqsad

12:33 19 Noyabr 2020 Jamiyat
231 0

Eng katta isrofgarchilik bu - vaqtning uvoli. Shuning uchun xalqimiz “Vaqting ketdi - naqding ketdi”,deb bejiz aytmagan. Inglizlar esa “Time is money”(Vaqt bu — pul) deb bilishadi.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va uning tarkibidagi markazlar haqida soʻz borsa, mijozlar va tadbikorlar, eng avvalo, vaqtlari tejalayotganligini eʼtirof qilishmoqda. Bir parcha qogʻozu hujjatlarga haftalab vaqt sarflayotgan ishbilarmonlarimiz endilikda rasmiylashtirish bilan bogʻliq barcha davlat xizmatlari qisqa muddatlarda byurokratik toʻsiqlarsiz amalga oshirilayotganligidan xursand.

Aslida mazkur xizmat faoliyati bilan endilikda fuqaroning nafaqat vaqti tejaldi, balki turli sarson-sargardonliklar, tamagirlik va boshqa bir qator noxushliklar barham topdi. Qogʻoz orasiga pul qistirish, “ishlar” yakuniga yetgach, choyxonada “bir choʻqim” osh berishdek sarqitlarga chek qoʻyildi. Fuqarolarimiz  davlat va davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozimligini anglab, chuqur his eta boshladi. Ayni paytda markazlar tomonidan aholiga 140 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Buni quyida Fargʻona viloyati misolida tahlil qilib koʻramiz.

Chorak asr kutilgan xizmatlar

— Fargʻona viloyatida bu tizimni boshqarayotganim sababli soha bilan bogʻliq har qanday salmoqli va kichik fikrlar, eʼtiroflar, tanqid va muammolar eʼtiborimdan chetda qolmaydi, — deydi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi Raʼno Boyqoʻziyeva. — Koʻpchilik vatandoshlarimiz bir eshik orqali barcha ishlari va yumushlari bitayotganidan, sarson boʻlmayotganidan, “ber-ber”lardan, mansab egasining kayfiyatiga qarab oʻtirishdek noqulayliklardan qutilgani uchun xursand. Ayniqsa, tadbirkorlarning boshi osmonga yetgan. Bu mubolagʻa emas,fakt!

Mana shu uch yil davomida tarixiy ishlarni amalga oshirdik. Masalan, viloyatdagi 19 tuman va shaharning 16 tasida butunlay zamonaviy koʻrinish va dizayn kasb etgan Davlat xizmatlari markazlarining yangi binolarini xalq ixtiyoriga topshirdik. Quva, Beshariq, Furqat tumanlarida esa ayni paytda markazlarning qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Anklav, qatnov qiyin va noqulay, maʼmuriy markazdan olis boʻlgan hududlarimizda 9 ta Davlat xizmatlari markazsi filiallarini ochdik. “Siz qayerda boʻlsangiz, biz ham oʻsha yerdamiz”, “Siz kelmang, oʻzimiz boramiz!” tamoyillari asosida 85 mingdan ortiq fuqarolarga sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatdik. Uch yil davomida mobil tartibda 3 mingdan ortiq tadbirkorlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Ularning 2 mingga yaqini sayyor xizmatlar davomida faoliyati qayta tiklandi. Mubolagʻasiz aytish mumkinki, shu davrga nisbatan davlat xizmatchisi - xodimlarimiz kirib bormagan mahalla va olis hududlar qolmadi. Mening nazarimda, bu raqamlar oddiy hisob-kitoblar emas. Chunki har bir raqam ostida ming-minglab fuqarolarimiz va tadbirkorlarimizning taqdiri, hayot tarzi mujassam. Toʻgʻrisi, xalqqa manzur xizmatlar vatandoshlarimiz tomonidan eʼtirof etilayotganidan quvonaman ham. Ularning fikr mulohazalaridan, samimiy suhbatlaridan Adliya vazirligi huzurida tizimning ayni vaqtida ish boshlaganiga amin boʻlasiz.

Tizimning bosh mezoni — shaffoflik

Inson bir illatga oʻrganib qolsa, u bora-bora odatga aylanadi. Odatlar esa har kun takror boʻladigan shartli refleks. Shuning uchun, jamoatchilikka notanish ayrim “noyob” huquqbuzarliklar haqida aytib oʻtishning ayni vaqti! Davlat xizmatlari markazlari 40 dan ortiq tashkilot va idoralarning elektron bazalariga integratsiya qilingan holda ishlaydi. Bunda aholi va tadbirkorlarning murojaatlariga qonunlarda belgilangan maʼmuriy reglamentlar asosida xizmat koʻrsatiladi. Ayrim tashkilot va idoralarga tushayotgan murojaatlarni koʻrib chiqish holatlarida qoidabuzarliklar sodir etilgani tufayli aholidan shikoyatlar tushishi ham bor gap.

Xususan, joriy yilning shu davriga nisbatan viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan 18 ta oʻrganish hamda 41 ta monitoring tadbiri amalga oshirildi. Oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida jami 1 ming 904 ta qonunbuzilish holatl aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga 36 ta taqdimnoma va 107 ta ogohnoma kiritildi. 14 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. 122 holatda toʻgʻridan-toʻgʻri maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bu shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

2020-yilning yanvar — sentyabr oylarida boshqarma ish yurituviga jami 359 ta jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlar kelib tushgan. Shundan 303 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonasi hamda Bosh vazir qabulxonasi, 36 tasi Agentlikning ishonch telefoni orqali yoʻllangan arizalar hissasiga toʻgʻri keladi. Murojaatlarning barchasiga oʻz vaqtida qonuniy baho berilgan.

Xorijlik vatandoshlar: DXA haqida mulohazalar,takliflar...

Otabek ASQAROV, AQSH, Florida, Tampa shahri:

— Qoʻshma shtatlarda 5 yildan buyon istiqomat qilaman. Shu vaqt mobaynida Oʻzbekistonda davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha juda katta oʻzgarishlar roʻy berdi, buni biz kabi vatandoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib boryapmiz. Deyarli shtatlarda koʻrsatiladigan xizmatlardan farqi yoʻq. Masalan, AQSHda davlat xizmatlari boʻyicha asosiy maʼlumotlar hukumat portali — www.usa.gov veb saytidan olinadi. Portalda eng koʻp talab qilinadigan asosiy xizmatlar roʻyxatini topish mumkin. Mamlakatimizda ham xuddi shu tizim joriy qilingan. Onlayn yoki bevosita murojaat qilish mumkin. Pandemiya sharoitida, ayniqsa, masofadan murojaat qilish tizimining yaratilganligi fuqarolarga qoʻl keldi.  Bu ayni muddao boʻldi, deb oʻylayman. Toʻgʻrisi, tuman va shahar markazlarida yaratilgan imkoniyat va qulayliklardan hayratga tushganimni yashirmayman. Qisqa muddatlarda bu sharoitlarning joriy qilinishi katta ish deb baholayman. Boisi, markazlarda tizim uchun yaratilgan imij, yaʼni xodimlarning kiyim-boshidan tortib muomala madaniyatigacha oʻzgarganini koʻrib xursand boʻldim. Elektron navbat va soha yangiliklarini yetkazib turuvchi monitorlar har bir fuqaroning diqqatini tortadi. Bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi,kafeteriylar ishlab turibdi. Davlat xizmatlari markazlari bugungi kun talablariga toʻliq javob beradigan, xorijiy andozalar asosida jihozlangan, zamonaviy va barcha sharoitlar mavjud binolarda faoliyat yuritayotgani eʼtirofga loyiq.

Husanboy GʻANIYEV, AQSH, Vashington shahri:

— AQSHda shaxslarning murojaati qondirilishiga belgilangan tartibda bir necha kunlar talab qilingan hollarda va shaxsning tanloviga koʻra murojaatga javob pochta orqali qondiriladi. Masalan, pasport, SSN(Social Security Number) va haydovchilik guvohnomalari, avtoulovlarga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar pochta orqali yetkaziladi. Oʻzbekistonda ham xuddi shu xizmatlar allaqachon joriy qilingan ekan. Demak, Davlat xizmatlari markazlari jahon tajribasi asosida ishlayapti.

Joriy yilning aprel oyidan FHDYOlarning ham toʻliq Adliya huzuridagi DXA tarkibiga oʻtkazilganligidan juda xursand boʻldik. Chunki yillar davomida “ber-ber”lar uyasiga aylanib qolgan bu tashkilotga yangicha ruh va nafas kirdi. Tizimda islohotlar amalga oshirilayotir. Kadrlar qayta attestatsiyadan oʻtkazilib, ularning huquqiy bilimlari chigʻiriqqa solinyapti,maʼnaviy qiyofasi,imiji shakllantirilyapti.

Fursatdan foydalanib bir taklif bildirmoqchiman! Birinchi taklif:

Qoʻshma shtatlarda bir nechta markazlashgan maʼlumot markazlari tashkil qilingan boʻlib, davlat organlari va tijorat kompaniyalari muayyan toʻlov asosida shu maʼlumotlar bazasidan murojaat qiluvchi shaxs haqida talab qilinayotgan xizmatga aloqador maʼlumotlarni olishadi yoki shaxsning oʻzidan shu kabi bazalardan maʼlumotni baham koʻrishni soʻrashadi. Bunday maʼlumotlar bazasiga quyidagilarni misol keltirish mumkin: Jismoniy shaxslarning soliq deklaratsiyasi boʻyicha yillik daromadi, jismoniy shaxslarning kredit tarixi, avtomobil haydovchilari maʼlumotlari markazi, jinoyat tarixi, ijaraga yashovchilar tarixi va hokazo. Oʻzbekistondagi Davlat xizmatlari markazlari bazasida mana shu xizmatlarni yoki maʼlumotlar bazasini ham toʻlov tartibida, qonunchilikka mos ravishda tashkil qilish lozim.

Ikkinchi taklif. AQSHda davlat organlari xizmatidan foydalanish asosan onlayn amalga oshiriladi. Bunda har bir organ oʻzining veb-sayti orqali jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar roʻyxati va xizmatlar boʻyicha talab qilinadigan hujjatlarni onlayn toʻldirish formalarini havola qiladi. Shu bilan birgalikda, mahalliy (xar bir shtat,shahar,hudud boʻyicha) organ ofislarida ham xizmatlardan foydalanish mumkin, lekin aksariyat hollarda birlamchi murojaat onlayn boʻlishi qatʼiy talab qilinadi. Mana shu “Ilk murojaat onlayn boʻlishi shart” tamoyilini mamlakatimizda joriy qilish zarur. Chunki fuqarolarni onlayn xizmatlardan foydalanishni majburiy boʻlsa ham oʻrgatish zarur. Chunki bu zamon talabi. Rossiya davlatida onlayn xizmatlardan foydalanish 70 foizni, Oʻzbekistonda esa bor-yoʻgʻi 2-3 foizni tashkil qiladi. Lekin Davlat xizmatlari markazlari faoliyati oʻtgan uch yilda tobora kengayib, fuqarolarga 140 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari koʻrsatayotgani bu borada islohotlar tobora olgʻa siljiyotganiga dalildir.

Raqamlarda aks etgan hayot

Pandemiya dunyo aholisini sinovdan oʻtkazib turgan bir paytda Davlat xizmatlari markazlarida tezkor, qulay va shaffof tizimni yaratishga qaratilgan barcha sharoit vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini berdi. Yaratilgan qulayliklar tufayli fuqarolar koʻplab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun masofadan turib murojaat qilishga odatlandilar.

— 19 ta markazimiz tomonidan joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga 702 ming 950 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan,  — deydi DXA Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abdurashid Yuldashev. — Shundan 26 ming 678 dan ortigʻi chekka va olis hududlarga borgan holda, imkoniyati cheklangan, yolgʻiz va keksa fuqarolarga mobil tartibda tashkil etildi. Shuningdek, pandemiya sharoitida markazlarimiz tomonidan aholi oʻrtasida davlat xizmatlaridan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda foydalanish boʻyicha targʻibot ishlari olib borilmoqda. Bu esa karantin sharoitida ayni muddao boʻlmoqda. Mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga markazga borib toʻlanadigan toʻlovga nisbatan kamroq toʻlash imkoniyati, yaʼni imtiyoz berish orqali qulayliklar yaratilganligi, bunday qulayliklardan samarali foydalanganda fuqarolarimizning vaqti ham, mablagʻi ham tejalishi tushuntirilmoqda. Bu esa aholi uchun xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini yana-da oshiradi. Bundan tashqari, bugungi kunda murojaat qiluvchilarning ishlarini oson, tez va qulay hal etishda inson omilini imkon qadar kamaytirish taqozo etilmoqda. Buning uchun idoralararo elektron tizim bilan ishlovchi tashkilotlardagi ayrim muammo va kamchiliklarni hal etish lozim.

Biroq...

Integratsiya jarayonlarini imkon qadar tezroq va mukammal yoʻlga qoʻyishda ayrim idora mutasaddilarining sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgani faoliyatimizga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois, davlat organlari va boshqa vakolatli tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatishda qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilayotgani aniqlanib, ular yuzasidan tegishli taʼsir choralari ham qoʻllanilayotgani ayni haqiqat. Masalan, joriy yilning oʻtgan davrida birgina subsidiya olish masalasi boʻyicha aholidan kelgan murojaatlarni masʼul tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqishda naqd 3 ming 800 ta muddat buzilishi holatlari aniqlangan. Vaholonki, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq masʼul tashkilotlar oʻn ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini u tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida oʻrganib chiqilishi belgilangan. Shu boisdan, qonunbuzilishlar va ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida masʼul tashkilot rahbarlari nomiga 24 ta taqdimnomalar kiritilgan.

Taʼkidlash lozimki, kuchli fuqarolik jamiyati qurishning muhim shartlaridan biri jamoatchilik nazoratining mavjudligidir. Shu maqsadda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida ham samarali va sifatli xizmatlar koʻrsatish boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda zamonaviy mexanizmlarni amaliyotga joriy etish lozim.

Xulosa oʻrnida:

Pandemiya sharoitida butun dunyo boʻylab boshlangan karantin cheklovlari faoliyat turidan qatʼiy nazar har qanday koʻrinishdagi tashkilot va korxonalarni, xalqaro korporatsiyalar, yirik ishlab chiqaruvchilarni ayovsiz sinovdan oʻtkazmoqda. Ularni yangicha fikrlash va butunlay boshqacha tartibda ishlashga majbur qilmoqda. Xaosga tushib qolgan, boshi berk koʻchada dasturxon yozgan ishbilarmonlarni noanʼanaviy usullarni ishlab chiqish, kashf qilish va tijoratga joriy qilishga majbur qildi.Kutilmaganda kamchiliklar,noqisliklar va muammolar yuzaga qalqib chiqdi.

Xususan,mamlakatimizda ham barcha sohalar pandemiya sharoitiga majburiy-ixtiyoriy ravishda moslashdi. Davlat xizmatlari agentligi tizimida ham avvaldan joriy qilingan,biroq, “yurib ketmayotgan” onlayn xizmat koʻrsatishga boʻlgan ehtiyoj keskin ortdi.Bu yangicha va zamonaviy tizim ushbu murakkab sharoitda naqadar toʻgʻri tanlov va toʻgʻri islohot ekanligini amalda isbotlab qoʻydi. Demak, Davlat xizmatlari markazlarining joylarda tashkil etilayotgani yuksak maqsadlar sari odimlayotgan yangicha dunyoqarashdagi yangicha Oʻzbekistonga xos va mos tarzda faoliyat koʻrsatmoqda. Zero, xalqimizning yuksak ishonchi, ezgu orzu va umidlari ana shu muhtasham Davlat xizmatlari markazlarida oʻz ifodasini topadi.

Elyorjon EHSONOV,
DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan
aloqalar shoʻbasi  yetakchi maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?