Tezkor! 1-sentyabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi

17:52 28 Iyul 2021 Siyosat
6772 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi maʼlum qildi.

Unda Shavkat Mirziyoyev nafaqa miqdorini hisoblash oʻzgarishini maʼlum qildi.

«1-sentyabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi.

Bundan tashqari, 122 ming nafar “temir daftar”ga kirgan oila farzandlari, shuningdek 370 ming nafar boquvchisini yoʻqotgan va nogironligi boʻlgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming soʻmdan beriladi.

Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ham oliygohlarga kirishda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun ajratilgan qoʻshimcha kvotadan foydalanadilar.

Toʻrtinchidan, Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi yana-da takomillashtiriladi. Jumladan, 18 yoshga toʻlgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi.

Buning uchun, 757 nafar bolaga uy-joy sotib olishga joriy yilda byudjetdan 120 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Viloyat hokimlari 1-oktyabrga qadar 757 nafar yetim bolalarni uy-joy bilan taʼminlasin.

Yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan iqtidorli talabalar stipendiyasi 50 foizga oshiriladi.

Shuningdek, ota-onasidan ajragan talabalarga pensiya toʻlash muddatini amaldagi 18 yoshdan 23 yoshgacha uzaytirsak, oʻylaymanki, bu ham adolatdan boʻladi. Ushbu talabalarga zarur adabiyotlar sotib olish uchun har yili bir marta 1,2 million soʻm subsidiya beriladi», dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?