Tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqildi

21:34 05 May 2022 Siyosat
910 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Bu sohalar inson sogʻligʻi va hayotini saqlab qolishda “oltin soat” oraligʻida birinchi yordam koʻrsatuvchi muhim boʻgʻindir. Soʻnggi besh yilda bu yoʻnalishlarning moddiy taʼminoti va kadrlar salohiyatini yaxshilash boʻyicha koʻp ishlar qilindi.

Jumladan, 2 ming 224 ta yangi tez yordam mashinalari xarid qilindi, zamonaviy reanimatsiya mashinalari soni 24 tadan 435 taga yetkazildi. Tez yordam stansiyalari va brigadalari soni ham koʻpaytirildi. Shuningdek, bitta chaqiriq uchun dori-darmonga ajratilayotgan mablagʻlar miqdori 16 baravarga, dori turlari 20 tadan 45 tagacha oshirildi.

Shoshilinch yordam sohasida ham quyi boʻgʻinga katta eʼtibor qaratildi. Hududlarda 21 ta tumanlararo qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi. Natijada tuman va shahar aholisini viloyat markazlariga murojaatlarini kamaytirdi.

Masalan, ilgari “Qamchiq” dovonida avtohalokatda ogʻir tan jarohati olgan bemorlar 100 kilometr masofa bosib, Toshkent va Namangan shahridagi shoshilinch markazlarga olib borilgan. Endi Angren shahri va Pop tumanida ochilgan markazlar odamlar joniga ora kirmoqda.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim boʻlgan masalalar ham bor. Ular haqida 18-mart kuni davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida aytilgan edi.

Misol uchun, oʻtgan yili tez tibbiy yordam brigadasining kechikib kelishi boʻyicha 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan.

Buning sabablaridan biri sohada yagona boshqaruv yoʻlga qoʻyilmaganidir. Jumladan, tez tibbiy yordam xodimini ishga tayinlash, dori-darmon taʼminoti, transport, yoqilgʻi va haydovchilar masalasi viloyatdagi turli boshqarmalar vakolatida. Boshqaruvdagi bunday chalkashliklar evaziga tez tibbiy yordam xizmati koʻrsatish tuman hududi bilan cheklangan. Tez yordam stansiyasi qoʻshni tuman bilan chegaradosh boʻlsada, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmaydi.

Tez tibbiy yordam mashinalarining koʻpida navigatsiya jihozlari yoʻqligi, 10 mingta koʻchaga haligacha nom va 500 mingga yaqin uylarga raqam qoʻyilmagani sababli manzilni topishga koʻp vaqt ketmoqda.

Tizimdagi eng katta muammo – shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda koʻrsatiladi.

Shu bois tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqilgani maʼlum qilindi.

Yigʻilishda ushbu dasturdagi asosiy yangiliklar, uni amalga oshirish borasidagi vazifalar koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, joriy yil 1-iyuldan yagona vertikal boshqaruv asosida “103” Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning viloyat filiallari tashkil etiladi. Buning natijasida endi tez tibbiy yordam koʻrsatish bir tuman hududida emas, balki Toshkent shahri tajribasi asosida, masofaga qarab butun viloyat boʻyicha yoʻlga qoʻyiladi.

Tumanlarda chaqiruvlarni qabul qilish dispetcherlik xizmati tugatilib, viloyatlarda yagona koll-markaz tuziladi. Koll-markazda operatorlar bilan birga alohida tibbiyot-maslahat brigadasi faoliyat olib boradi. Shuningdek, viloyat koll-markazlariga tez tibbiy yordam xizmati mavjud xususiy klinikalar ham ulanishi mumkin boʻladi.

Bu tajriba dastlab Sirdaryo viloyatida Tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali tashkil etiladi va bosqichma-bosqich barcha hududlarga keng joriy etiladi.

2022-2025-yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtirilishi, natijada chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqarishi qayd etildi.

Bugungi kunda 2 ming 695 ta tez tibbiy yordam brigadasi boʻlib, 500 dan ortigʻida vrach yetishmaydi, shuningdek, 6 mingdan ortiq shifokor oʻrindoshlik asosida ishlaydi.

Xalqaro tajribaga koʻra, barcha chaqiruvlarda ham vrachlar boʻlishi shart emas. Shuning uchun endi chaqiruvlarning murakkabligi, dolzarbligi va turiga qarab, saralash tizimi joriy etiladi.

Yana bir masala: bizda tez tibbiy yordam brigadalari vrach, feldsher va haydovchidan tashkil topgan. Xorijiy tajribada tez yordam feldsheri bir vaqtning oʻzida haydovchi hisoblanadi.

Shu bois yangi oʻquv yilidan feldsherlikka oʻqiyotgan yoshlar haydovchilikka ham oʻrgatilishi belgilandi. Buning uchun tibbiyot kollejlariga haydovchilik maktablari biriktiriladi.

Koʻrsatilgan xizmatni bemorlar tomonidan baholash orqali tez tibbiy yordam xodimlarini ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, har chorak yakunida faoliyati bemorlar tomonidan yaxshi baholangan brigadalar xodimlari oylik ish haqining 50 foizi miqdorida mukofotlanadi.

Yurtimizda har ming kishiga nisbatan chaqiruvlar soni 352 tani tashkil etadi. Bu rivojlangan davlatlardagiga qaraganda 6-7 baravar koʻp. Chunki qishloq va mahallalarda oddiy tibbiy xizmat yoʻlga qoʻyilmagani uchun aholi tez yordamga murojaat qilmoqda.

Shuning uchun mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Tez tibbiy yordam tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Buning uchun, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam oʻquv-mashgʻulot markazi Respublika tez tibbiy yordam markazi tizimiga oʻtkazilib, Xodimlar malakasini oshirish maktabi sifatida qayta tashkil etiladi. Turkiya, Koreya, Fransiya kabi tez yordam tizimi ilgʻor boʻlgan mamlakatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.

Tumanlar darajasida shoshilinch tibbiy xizmat qamrovini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Buning uchun, eng avvalo barcha tuman va shahar shifoxonalaridagi terapiya, pediatriya va xirurgiya yoʻnalishida bir-birini takrorlaydigan rejali va shoshilinch boʻlimlar birlashtiriladi. Ularda tunu kun ishlaydigan shoshilinch yordam qabulxonalari tashkil etiladi.

– Bu vazifalarni joy-joyiga qoʻysak, tibbiyot sohasini xalqqa yanada yaqin qilgan, inson qadrini ulugʻlash uchun yana bir qadam tashlagan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda viloyat, tuman va shahar hokimlariga tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha oʻzlarining hududiy dasturlarini qabul qilib, ijrosini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?