Test sinovlari natijalariga oid bildirilayotgan fikrlarga Xalq taʼlimi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi

11:39 25 Avgust 2022 Jamiyat
545 0

Illyustrativ foto

Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar orqali abituriyentlarning 2022-yilda oliy taʼlim muassasalariga kirish boʻyicha test sinovi natijalari keng jamoatchilik vakillari tomonidan atroflicha muhokama etilmoqda.

Albatta, davlatimiz ravnaqi va kelajagi, xalqimizning faravon turmush tarzini taʼminlashda bugungi yosh avlod kamolotining oʻrni va ahamiyati naqadar muhim ekanligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Shu boisdan bu borada kuyunchaklik bilan bildirilayotgan turli fikr-mulohazalarning ham juda oʻrinli ekanligini taʼkidlab oʻtamiz.

Muhokama qilinayotgan koʻrsatkichlar barcha test sinovlarida qatnashgan 1 milliondan ortiq abituriyentlarning natijalari ekanligiga ham eʼtiborni qaratish lozim, deb hisoblaymiz.

Shu oʻrinda, bir qator tahliliy holatlarga eʼtibor qaratsak:

2022-yilgi test sinovlarida ishtirok etgan jami abituriyentlarning 386 523 nafar yoki 24 foizi joriy yilgi maktab bitiruvchilarini tashkil etadi. 810 mingdan ortiq yoki 76% abituriyentlar kasb-hunar maktablari, akademik litseylar bitiruvchilari va eng asosiy qismi oldingi yillar davomida oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinmagan yoshlardan iborat.

2021-yilda bitiruvchilarning oʻrtacha bali (samaradorlik koʻrsatkichi) 2020-yilga nisbatan 69,8 balldan 74,9 ballga, yaʼni,+5.1 ballga oshgan. Shuningdek, past natija koʻrsatgan (56,7 balldan kam) bitiruvchilarning ulushi 2021-yilda 2020-yilga nisbatan qariyib -13% yoki -35 232 nafarga kamaygan.

Jumladan, 2020-yilda 56.7 balldan past natija koʻrsatgan bitiruvchi-oʻquvchilar 138 780 nafar (yoki 46%)ni tashkil qilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 103 548 nafar (yoki 33%)ni tashkil etgan.

Albatta, hozirgi kundagi maktab bitiruvchilarining bilimi va koʻnikmalari past ekanligini qayd etish kerak. Hozirgi kunda maktab taʼlimida taʼlim mazmunini yangilash hamda pedagoglarning malakasini oshirish boʻyicha boshlangan qadamlar, sekin-astalik bilan bitiruvchilarning darajasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, deb oʻylaymiz.

Shuni ham taʼkidlab oʻtishni istardikki, hozirgi vaqtda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Davlat test markazi bilan hamkorlikda bitiruvchilarning maktab yakuniy davlat imtihonlari natijalariga koʻra oliy taʼlim muassasalariga kirishini tashkil etish, maktab bitiruv imtihonlarini unifikatsiyalashtirish borasida ishlar olib borilmoqda.

Maʼlumot uchun: 2022-yilgi maktab bitiruvchilarining test sinovlarida egallagan oʻrtacha ball koʻrsatkichlari Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida joriy yilning oktyabr oyida toʻliq tahlil etiladi va jamoatchilikka yetkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?