Terrorizmni moliyalashtirishga oid jinoyatlar ochiqlandi

09:22 28 Noyabr 2021 Jamiyat
640 0

2016 — 2020-yillar hamda joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida sudlar tomonidan koʻrilgan terrorizmni moliyalashtirishga oid ishlar umumlashtirilgan.

Aniqroq aytganda, shu davr mobaynida koʻrilgan ishlar boʻyicha jami 62 nafar shaxs sudlangan boʻlib, ularning 18 nafari yoki 29 foizi 18 yoshdan 30 yoshgacha, 43 nafari yoki 69,4 foizi 31 yoshdan 60 yoshgacha, 1 nafari yoki 1,6 foizi 60 yosh va undan yuqori yoshdagi shaxslardir.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisida maʼlum qilindi.

Shuningdek, yigʻilishda aytilishicha, ushbu toifadagi ishlarning tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, sudlanganlarning 2 nafari yoki 3,2 foizi ayollar hisoblanadi, sudlangan shaxslarning 41 nafari yoki 66,1 foizi jinoiy qilmishni terroristik tashkilot, ularning vakillari yoki unga aloqador shaxslarga pul mablagʻlarini taqdim etish yoki ularning hisobraqamlariga pul koʻchirish yoʻli bilan sodir etgan boʻlsa, 21 nafari yoki 33,9 foizi ularning moliyaviy xarajatlarini qoplash yoʻli bilan sodir etgan.

Terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sudlangan shaxslarning asosiy qismi pul ishlash maqsadida xorijiy davlatlarga borgan shaxslar hisoblanib, jami 62 nafar shaxsning 43 nafari yoki 69,4 foizi jinoiy qilmishni xorijiy davlat hududida sodir etgan.

Sud amaliyotida ekstremizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoiy qilmishlar Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan kvalifikatsiya qilinadi.

2016 — 2020-yillar hamda 2021-yilning 1-yarmi davomida mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etganligi uchun jami 9 nafar shaxs sudlangan boʻlib, 5 nafari yoki 55,6 foizini 18 yoshdan 30 yoshgacha, 4 nafari yoki 44,4 foizini 31 yoshdan 60 yoshgacha boʻlganlar tashkil etgan.

Eʼtiborli jihati, sudlanganlarning asosiy qismi, yaʼni 8 nafari yoki 88,9 foizi jinoiy qilmishni xorijiy davlat hududida turib sodir etishgan. Terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishga oid jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirish natijalari sud amaliyotida ushbu toifadagi jinoyat ishlarini koʻrishda yagona amaliyotni shakllantirish yuzasidan ayrim masalalar boʻyicha tushuntirish berish lozimligini koʻrsatdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish demokratik huquqiy davlat qurishning hamda mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan biri hisoblanishi, mamlakatimizda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Mazkur toifadagi jinoiy qilmishlar domiga yoshlar tushib qolayotganligi gʻoyatda tashvishlanarli ekani aytib oʻtildi.

Shu munosabat bilan, “Terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirishga oid jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi Plenum qarorini qabul qilish zarurati tugʻilgani taʼkidlandi.

Mazkur qaror loyihasini ishlab chiqishda ushbu toifadagi jinoyat ishlarini koʻrish boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirishdan tashqari Jinoyat kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi, 2018-yil 30-iyuldagi “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlari, shuningdek mazkur masalalar bilan bogʻliq qonun va qonunosti hujjatlari oʻrganib chiqildi.

Ushbu Plenum qarorida terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoyat ishlarini koʻrib chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar borasida tushuntirishlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?