Termizda milliy suvenirlar festivali boʻlib oʻtdi

11:40 29 Oktyabr 2021 Jamiyat
473 0

Foto: Халқ сўзи

Termiz shahrida milliy suvenirlar festivali boʻlib oʻtdi. Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni doirasida Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Termiz davlat muzey qoʻriqxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vohada faoliyat olib borayotgan folklor-etnografik jamoalari chiqishlari, xalq amaliy sanʼati ustalari, mahalliy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazma-yarmarkasi va mahorat darslari yigʻilganlar eʼtiboriga havola qilindi.

Taʼkidlanganidek, qadim Surxon vohasida koʻplab xalq amaliy sanʼati va hunarmandlik maktablari mavjud boʻlib, ular tomonidan avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan boy anʼanalar tobora rivojlanib, sayqal topib bormoqda. Mamlakatimizda hunarmandlar faoliyati har jihatdan qoʻllab-quvvatlanib, bir qator imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani sohada band boʻlayotganlar safini kengaytirishda muhim omil boʻlayotir. Ichki bozor sifatli mahsulotlar bilan toʻldirilishi barobarida turli hunarmandlik mahsulotlarini eksport qilish hajmi ham ortib bormoqda. Xususan, hunarmandlar mahorati ila yaratilayotgan milliy suvenirlar mahalliy va xorijiy sayyohlarlik markazlariga yetkazilmoqda.

Barchada qiziqish va zavqli taassurotlar uygʻotgan ushbu festival ham surxondaryolik usta-hunarmandlarning faoliyati yaratilayotgan imkoniyatlarga uygʻun ravishda rivojlanayotganini amaliy jihatdan tasdiqladi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?