Termizda kurash musobaqasi oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi

18:38 09 Aprel 2021 Sport
1152 0

Foto: Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")

Alpomishlar yurti — Surxondaryo yirik xalqaro turnirga mezbonlik qilmoqda. Bugun kunning birinchi yarmida Termiz xalqaro aeroportida musobaqa qatnashchilari tantanali tarzda kutib olindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash boʻyicha Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan anʼanaviy XV xalqaro turnir oldidan Termiz shahridagi Matbuot uyi binosida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Turizm va sport vazirligi, Xalqaro kurash federatsiyasi hamda Oʻzbekiston kurash federatsiyasi rahbarlari, Surxondaryo viloyat hokimligi masʼullari, sportchi va murabbiylar, shuningdek, mahalliy va xorijiy OAV xodimlari, blogerlar ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan bu yil oʻn beshinchi marotaba tashkil etilayotgan Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan anʼanaviy turnir oʻzbek kurashining nufuzi va ommaviyligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. 

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, 1998-yilda Osiyo, Yevropa va Amerikaning 28 davlati vakillari ishtirokida oʻtkazilgan Taʼsis kongressida Kurash xalqaro assotsiatsiyasiga (IKA) asos solingandi. Oʻtgan yillar davomida oʻzbek kurash xalqaro sport turi sifatida rasman eʼtirof etilib, kurrai zaminning 5 qitʼasidagi 1Z0 dan oshiq davlatlarda kurash federatsiyalari faoliyat olib bormoqda. 

— Oʻzbek kurashining jahonga yuz tutishida 1993-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnirning ahamiyati beqiyos, — deydi zamonaviy kurash qoidalari asoschisi, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Komil Yusupov. — Oʻtgan davr mobaynida mazkur nufuzli musobaqa koʻplab mashhur polvonlarni kashf etib, umidli sportchilarni yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qildi. Kurash Osiyo oʻyinlari qatoriga qoʻshilgani bizga ayniqsa, katta gʻurur va iftixor baxsh etadi. Kelgusida kurash va milliy qadriyatlarimizni yana-da keng targʻib qilish maqsadida London, Parij, Afina, Istanbul va Tehron kabi dunyoning yirik shaharlarida ham kurash boʻyicha nufuzli musobaqalarni tashkil etish niyatidamiz. Eng katta maqsadimiz oʻzbek kurashini 2028-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olishiga erishish. 

Matbuot anjumanida maʼlum qilishicha, bugun shuningdek, “Surxon” mehmonxonasida vazn oʻlchash va rasmiy qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtadi. Anʼanaviy XV xalqaro turnirning asosiy tadbirlar ertaga Al-Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasida ehson oshi bilan boshlandi. Kun davomida qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Sulton Saodat, Kokildor ota ziyoratgohlari, shuningdek, Qoratepa, Fayztepa singari qadimiy obidalarga sayohatlar uyushtiriladi.

Turnir musobaqalari ertaga, kunning ikkinchi yarmida start oladi. Unda Erkaklar 81, 90 kg vazn toifasida, ayollar 48, 57, 63, 70 kg.vazn toifasida bellashadi. Turnirning rasmiy ochilish marosimi 10-aprel soat 18:00 da Termiz shahridagi “Alpomish” oʻyingohida boshlanadi.

Eslatib oʻtamiz, mutlaq vaznda gʻolib boʻlgan polvon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSH dollariga sazovor boʻladi. Ikkinchi oʻrin sohibi 5 ming, ikkita uchinchi oʻrindan joy olgan polvonlar 3 ming 500 AQSH dollaridan mukofotlanadi. 

Ilhom Rahmatov,
Hasan Paydoyev (suratlar),
“Xalq soʻz” muxbirlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?