Termizda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha seminar oʻtkazildi

18:16 10 Noyabr 2020 Jamiyat
855 0

Bugun, 10-noyabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev boshchiligida Surxondaryo viloyati hokimligi, Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda Termiz shahridagi 11-sonli maktabda “Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda umumtaʼlim muassasalari hamkorligini rivojlantirish” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi.

Maʼlumki, joriy yilning 30-oktyabr kuni muhtaram Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan maktab taʼlimi boʻyicha ilgʻor davlatlar tajribasini oʻrganish, xususan Finlyandiya taʼlim tizimining oʻziga xos xususiyatlari hamda xalqaro baholash dasturlarida erishayotgan muvaffaqiyatlarini oʻrganish, xususan, taʼlim sifatini oshirish, maktablarda oʻquv yuklamasi va darslar sonini qayta koʻrib chiqish, oʻquvchilarni faqatgina yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur tadbir ham Surxondaryo viloyatida ushbu vazifalar ijrosini samarali taʼminlash, xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik koʻrish maqsadida tashkil etildi.

Seminarda viloyatdagi tayanch maktablari, tayanch maktabiga biriktirilgan 21 ta maktab direktorlari, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, tabiiy va aniq fanlar yoʻnalishi boʻyicha trener oʻqituvchilari, hududiy malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi hamda oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari jami 100 nafardan ortiq pedagog qatnashdi.

Tadbirda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev tomonidan xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik uchun tayanch maktablar oʻziga biriktirilgan taʼlim muassasalar bilan muntazam hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi, oʻqituvchilar seminarlarda PISA savollarini muntazam oʻrganib borishlari va oʻquvchilarning mavzularni oʻzlashtirishida hayotiy masalalar bilan tanishtirib borishlari boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek,Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari Finlyandiya tajribasi misolida”, “Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda oliy taʼlim muassasalarining roli” mavzularida taqdimotlar oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, “Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da PISA Xalqaro oʻquvchilarni baholash dasturi reytingida Oʻzbekistonning 2030-yilga kelib 30 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kirishiga erishish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, umumtaʼlim muassasalarining oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun xalqaro baholash dasturlari haqidagi tushunchalar, oʻquvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy va oʻqish savodxonligi va kreativ fikrlashini baholash boʻyicha namunaviy topshiriqlar, ularni bajarish boʻyicha tavsiyalar berildi.

“Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda umumtaʼlim muassasalari hamkorligini rivojlantirish” mavzusidagi oʻtkazilgan seminar shoʻbalarda davom ettirildi.

Matematik savodxonlik shoʻbasida hududiy malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi kafedra mudiri Oygul Berdiyeva maʼruza qildi va 29 nafar trener oʻqituvchilari qatnashdi.

Tabiiy-ilmiy savodxonlik shoʻbasida hududiy malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi katta oʻqituvchilari Jasur Razzoqov, Nodir Ziyodullayevlar maʼruza qildi, 19 nafar oʻqituvchilarga oʻquv-seminarida tushuntirish ishlari olib borildi .

Oʻqish savodxonligi shoʻbasida hududiy malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi katta oʻqituvchisi Surayyo Qodirova maʼruza qildi va 17 nafar oʻqituvchilari qatnashdi

Qayd etish lozimki, xalqaro (OECD) tashkilotlari tomonidan tasodifiy tanlov asosida Surxondaryo viloyatidan Termiz shahar 15-maktab, Boysun tumani 47-maktab va Oltinsoy tumani 13- umumtaʼlim maktablari tadqiqot uchun tanlab olindi.

Maʼlumot uchun, Prezidentning joriy yilning 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasiga asosan xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Respublika boʻyicha 348 ta tayanch maktablar belgilanib, qolgan maktablar ularga biriktirildi. Tayanch maktablar bazasida maktab rahbarlari va tegishli fan oʻqituvchilari uchun xalqaro PISA va PIRLS tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrishga bagʻishlangan seminarlar tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilning 6-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.

Seminarlar tumanlardagi xalqaro tadqiqotga yoʻnaltirilgan tayanch maktablarda grafik asosida davom ettiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер