Termizda ikkita oilaviy poliklinika ishga tushdi

12:33 10 Mart 2021 Jamiyat
397 0

Kuni kecha Termiz shahrida bir yoʻla ikkita oilaviy poliklinika ishga tushirildi. Yangi oilaviy poliklinikalarning tantanali ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Narimon Umarov, Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev, viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, senator Orziqul Soatov soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar salomatligini taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirishda yuksak samaralar berayotganini taʼkidladi. Yangi tibbiy inshootlarni qurish va mavjudlarini taʼmirlab, jihozlashga eʼtibor kuchaytirilganini alohida qayd etdi.

«Boʻkaagroqurilish» masʼuliyati cheklangan jamiyati bunyod etgan birinchi va toʻrtinchi oilaviy poliklinikalarda ham barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Zarur axborot texnologiya vositalari, tibbiy texnikalar bilan taʼminlangan. Sterilizatsiya va UTT apparatlari bilan jihozlangan. Emlash xonalarida “COVID-19» ga qarshi emlash punktlari barpo etilib, vaksinani sifatli saqlash va ishlatish uchun muzlatkich va boshqa zamonaviy jihozlar oʻrnatilgan.

Birinchi oilaviy poliklinikada 12 nafar malakali shifokor, 36 nafar oʻrta tibbiyot va boshqa xodimlar mehnat qilib, viloyat markazidagi “Bogʻishamol”, “Guliston”, «Mexrabod», «Tuproqqoʻrgʻon», “Surxon sohili”, «Guliraʼno», “Manguzar” va “Chegara” mahallalarida yashaydigan 44 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi.

Mahallalar aholisi uchun qulay hududda qad rostlagan oilaviy poliklinika hozirgacha Termiz shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi binosida faoliyat yuritib keldi. Bu aksariyat aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun qator noqulayliklarni yuzaga keltirayotgan edi. Yangi inshootning foydalanishga topshirilishi bilan bu masala oʻz yechimini topdi.

Shodlik mahallasi hududida barpo etilgan toʻrtinchi oilaviy poliklinikada 10 nafar yetuk shifokor, 52 nafar oʻrta tibbiyot xodimi faoliyat yuritib, 3-oilaviy poliklinika binosida “Bogʻzor”, “Saxovat”, “Shodlik”, “Eski shahar”, “A.Jomiy”, “Maʼrifat” mahallalarida yashaydigan 31 mingga yaqin fuqaroga tibbiy xizmat koʻrsatayotgan edi. Bayram arafasida yangi inshootning foydalanishga topshirilishi ularga bir olam quvonch ulashdi.

Tantanali marosimlar yakunida tadbir ishtirokchilari oilaviy poliklinikalarda mavjud sharoitlar bilan tanishdi. Elektron poliklinika tizimida ishlash jarayonlari bilan qiziqdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?