Termizda “Hamdoʻstlik – 2022” oʻquv mashgʻulotlarida boʻlib oʻtmoqda

12:28 05 Avgust 2022 Jamiyat
265 0

Foto: Xalq so‘zi

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida harbiy yoʻnalishdagi hamkorlik aloqalari kengayib, ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirokidagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda. Bu galgi “Hamdoʻstlik - 2022” oʻquv-mashgʻuloti Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Termiz dala-oʻquv maydonida boʻlib oʻtmoqda.

Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi “Sariosiyo” chegara nazorat-oʻtkazish punktida tantanali kutib olindi. Ular Termiz garnizonidagi harbiy qismga joylashtirildi va mashgʻulotlarni oʻtkazish boʻyicha oʻzbek va tojik ofitserlari ishtirokida harakatlar rejasi ishlab chiqildi.

“Hamdoʻstlik – 2022” birgalikdagi oʻquvining tantanali ochilish marosimida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondoni, general-mayor Zaynobiddin Iminov hamda Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi oʻrinbosari, general-mayor Egamzod Sharof Xudoyberdi qatnashib, bunday tadbirning oʻzaro doʻstona aloqalarni mustahkamlash, birgalikdagi harbiy-taktik mashgʻulotlarni oʻtkazish orqali harbiy xizmatchilar bilim va koʻnikmalari, jangovar shayligini oshirishdagi ahamiyati haqida soʻzladilar.

Shundan soʻng ikki davlat madhiyasi sadolari ostida Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalari davlat bayroqlari koʻtarildi. “Hamdoʻstlik – 2022” oʻquviga jalb etilgan harbiylar harbiy orkestr sadolari ostida saf maydonidan shaxdam oʻtishdi.

Termiz dala-oʻquv maydonida mashgʻulotlarning dastlabki kunida toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish hamda ikki davlat harbiy xizmatchilari oʻrtasida futbol musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentining maʼlum qilishicha, “Hamdoʻstlik –2022” oʻquv mashgʻulotlari oʻn kun davom etadi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?