Termizda baxshi, oqin va jirovlar festivali boʻlib oʻtdi

15:23 31 Oktyabr 2022 Jamiyat
425 0

Foto: Xalq so‘zi

Joriy yilning 27-30-oktyabr kunlari Termiz shahridagi Sanʼat saroyida Respublika baxshi, oqin va jirovlar festivali boʻlib oʻtdi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlardan kelgan baxshi, oqin va jirovlar, folklorshunos olimlar, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, baxshilik sanʼati ixlosmandlari ishtirok etdi.

Taʼkidlangidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va rahbarligida mamlakatimizda baxshichilik sanʼatini asrab-avaylash, uning oʻlmas anʼanalarini yanada rivojlantirish, xalq ogʻzaki ijodi namnularini xalqaro miqyosda keng namoyish etishga yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori binoan Termiz shahrida yangi baxshilar maktabi, mamlakatimizning boshqa hududlaridagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida baxshichilik sinflari tashkil etildi. Xalqaro YUNESKO tashkiloti koʻmagida 2019-yilda Termiz shahrida birinchi, 2021-yilda Nukus shahrida ikkinchi xalqaro baxshichilik sanʼati festivallari oʻtkazildi. Oʻtgan yili baxshichilik sanʼati Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi. Ayni paytda yuz tomlik “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda samarali faoliyat olib borayotgan 250 nafardan ortiq soha vakillari orasida 26 nafarga yaqini “Oʻzbekiston xalq baxshisi” va “Qoraqalpogʻiston xalq baxshisi” unvonlari, 1 nafari “Doʻstlik ordeni”, 11 nafari “Shuhrat” medali, 7 nafari “Nihol” mukofoti, 2 nafari “Kelajak bunyodkori” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Oʻzbek xalq dostonlari ajdodlarimizning uzoq oʻtmishi, madaniy hayoti va milliy qadriyatlarini oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, bu oʻlmas, nomoddiy madaniy merosimiz bugungi kunda ham yuksak qadrlanmoqda. Baxshichilik sanʼatining serjilo ijro namunalari tinglovchiga katta zavq-shavq bagʻishlashi bilan birga kishilarni yaxshilikka chorlovchi, maʼrifat tarqatuvchi, yosh avlod qalbida ezgu fazilatlarni uygʻotuvchi maʼnaviy targʻibot manbai vazifasini oʻtab kelayotir. Mazkur festivalda ham ishtirokchilar tomonidan xalq ogʻzaki ijodining nodir namunalari - doston va tarmalar zoʻr mahorat bilan ijro etildi.

— Yurtimizdagi har bir baxshichilik maktabining oʻz yoʻli, ifoda yoʻsini, mahalliy shevadan kelib chiqqan holda soʻz boyliklari xalq ertaklari, dostonlarida mujassamlangan. Masalan, mamlakatimizdagi hozirgi Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlaridagi baxshichilik maktablari bevosita bir-biridan farq qiladi. Jumladan, “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish” turkumidagi dostonlar har bir baxshichilik maktabida oʻziga xos tarzda soʻylangan va kuylangan. Xususan, “Goʻroʻgʻli” turkumidagi qirqdan ortiq , “Alpomish” turkumiga kiruvchi oʻnlab dostonlar mavjud. Ana shu oʻlmas merosimizni asrab-avaylash, xalq ogʻzaki ijodining qadimiy anʼanalarini tiklash va milliy qadriyatlarimizni izchil rivojlantirish, baxshichilik sanʼatini keng targʻib qilishda bunday festivallarning oʻrni va ahamiyati juda ham muhim, — deydi Oʻzbekiston davlat va sanʼat instituti professori Oʻrozali Toshmatov.

Baxshi, oqin va jirovlar respublika tanlovida umumjamoa hisobida oliy oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi jamoasiga nasib etdi. Birinchi oʻrinni Surxondaryo viloyati, ikkinchi oʻrinni Xorazm viloyati va uchinchi oʻrinni Qashqadaryo viloyati jamoasi qoʻlga kiritdi. Tanlovning yakkaxon yoʻnalishida birinchi oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakili Azamat Elmuratov, qashqadaryolik Ziyodulla Axmedov, surxondaryolik Ravshan Mamatmurodovlarga nasib etdi. Ikkinchi oʻrinni Toshkent shahridan Rasulbek Abdurahmonov, surxondaryolik Zulxumor Shernazarova va qoraqalpogʻistonlik Safargul Bashirova egalladi. Uchinchi oʻringa xorazmlik Ximoyat Sariyev, qashqadaryolik Muhammadi Daminov, qoraqalpogʻistonlik Uldavlet Sersenbayeva, surxondaryolik Xamza Xolboyev munosib koʻrildi.

Gʻoliblar diplom, festival statuetkasi va pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi. Festival yakunida shuningdek, “Eng yaxshi doston ijrochisi”,  “Eng yaxshi terma ijrochisi”, “Yosh doston ijrochisi”, “Eng yaxshi jirov ijrosi” kabi yoʻnalishlar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlanib, mukofotlandi.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?