Tenglik — adolat va demokratiyaning eng ustuvor talabi

09:55 14 Iyun 2022 Jamiyat
225 0

Dunyo mamlakatlarining konstitutsiyalarida davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalari, davlatning asosiy funksiyalari, jamiyat shakllanishi va davlat qurilishining asosiy yoʻnalishlari, shaxs huquqlari va erkinliklari kabi eng muhim qoidalar rasman mustahkamlangan. Oʻz konstitutsiyasiga ega davlatlarda ushbu qoidalarni oʻzida aks ettirgan Konstitutsiya asosiy huquqiy manba, qonun hujjatlarini ishlab chiqishning asosiy poydevori va huquqning ustuvor tamoyillarni belgilovchi Asosiy qonun sifatida eʼtirof etiladi.

Mustaqil Oʻzbekistonimizning Asosiy qonuni haqida fikr yuritar ekanmiz, beixtiyor qadimiy ajdodlarimizning ezgu gʻoyalari “Avesto” kitobi, buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning “Tuzuklari” hamda Sharqda “Muallimi Soniy” deb nom qozongan ulugʻ qomusiy olim Abu Nasr Farobiyning“Fozil odamlar shahri” hamda boshqa ulugʻ allomalarimizning bebaho asarlari yodga tushadi. Zero, bu asarlarning barchasi xalqimizni ezgulik va ulugʻlik sari chorlovchi, istiqbolga va baxt-iqbolga boshlovchi muqaddas va qutlugʻ kitoblardir.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida inson huquqiga sodiqlik, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishi, fuqarolar tinchligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilanib, uning 13-moddasida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi nazarda tutildi. Shuningdek, Konstitutsiyaning ikkinchi boʻlimi toʻla inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini tartibga solishga bagʻishlandi.

Islohotlarimizning uzviyligi hamda davomiyligini taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan taqdim etilgan Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalarning birinchi va ikkinchi yoʻnalishlari ham aynan inson hamda fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi ishlarimizni faol davom ettirishga hamda adolat va qonun ustuvorligi — xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy va zarur sharti ekanini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

Darhaqiqat, jamiyat va davlatning bugungi kunda erishayotgan yutuqlarida, xususan inson huquqlariga doir qonunchilik tizimini takomillashtirishda hamda kelajak uchun ishlab chiqilayotgan reja va dasturlarning hayotiyligini taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tutgan oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.

Ayniqsa, kishilik jamiyati vujudga kelgan vaqtdan boshlab, insonlar tenglik haqida, davlatchilik munosabatlari kelib chiqqan vaqtdan boshlab esa, hurlik va ozodlik haqida fikrlay boshlaganlar. Tarixiy manbalarning maʼlumot berishicha, insonlar oʻrtasida lozim boʻlgan tenglik gohida toʻliq, gohida faqat rasman, gohida ayrim tabaqa vakillari oʻrtasida, gohida barcha insonlarga tegishli boʻlishi gʻoyalari ilgari surilgan. Oʻrta Osiyoga islom dini kirib kelguniga qadar asosiy koʻpchilik insonlar eʼtiqodiga aylangan zardushtiylik, manixeizm va mazdakiylik kabi din va gʻoyaviy oqimlar bunga yaqqol misol boʻla oladi. Masalan, qadimgi mutafakkirlar: yunon faylasuflari Protogor va Alkidamant barcha insonlarning teng boʻlib tugʻilganligi haqida fikr bildirgan.

Tarixdan maʼlumki, ijtimoiy tenglik, jamiyatda insonlar imkoniyatlarining tengligini taʼminlash maqsadida qoʻzgʻolonlar va boshqa faol harakatlar amalga oshirilgan. Masalan, bunga Qadimgi Rimdagi Spartak qoʻzgʻoloni, Muqanna qoʻzgʻoloni, Angliyadagi 1381-yilgi Uot Tayler qoʻzgʻoloni, Chexiyadagi Yan Gus harakati va boshqa koʻplab misollarni keltirish mumkin.

XVII asrda Gʻarbiy Yevropadagi inqilobiy harakatlar tenglik gʻoyasini yoqlovchilarning chinakam gʻalabasi boʻlganligini bemalol aytish mumkin. Shu paytdan boshlab, siyosiy huquqiy taʼlimotlar sohasidagi gʻoyalar dastlabki demokratiya qonunchiligini shakllantirishga asos boʻladigan individualizm va tenglikning aniq ideologiyasini vujudga kelishiga olib kelgan. Bu jarayonlarda asosiy rolni albatta huquq oʻynaganligini taʼkidlash lozim.

Shundan keyingi yirik nazariyotchilar Gugo Grotsiy tabiiy huquq tushunchasi orqali tenglikni taʼminlash haqida fikrlar bildirgan boʻlsa, Tomas Gobbs huquqiy tenglik atamasini keng qoʻllaganligi bilan ajralib turadi. Fransuz mutafakkiri Monteskye esa, erkinlik barchaga beriladigan huquq degan gʻoyani ilgari surgan va boshqa koʻplab oʻsha zamon olimlari tomonidan insonlar oʻrtasida tenglik, birodarlik va erkinlik gʻoyalarining nazariy asoslari koʻrsatib berilgan.

Huquq manbalari tarixidagi keyingi hujjatlarda ham tenglik qoidalari bayon qilina boshlangan. Biroq insoniyat tenglikni taʼminlash asnosida koʻplab inqirozlarni ham boshdan kechirgan. Barcha odamlarning bir-biridan farqli ravishda dunyoga kelishi va rivojlanishi, aql va tafakkurda, isteʼdodda ham teng emasligini inobatga olish taqozo etilgan.

Tenglik insoniyat siviliziyatsiyasida bir necha asrlar davomida shakllangan muhim qadriyat, demokratiyaning tamal toshi, bashariyat tamaddunining yutugʻi va barcha xalqlar uchun qadrli boʻlgan ezgu gʻoya hisoblanadi. Tenglik har bir fan tarmogʻi uchun eng asosiy tamoyillardan biri sanaladi va buning eng yorqin namunasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Bosh Qomusimiz boʻlgan Konstitutsiyada ifodalanganligidir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 7-moddasida “Barcha odamlar qonun oldida tengdir va hech bir tafovutsiz qonun bilan teng himoya qilinish huquqiga egadir. Barcha odamlar ushbu Deklaratsiyaga zid boʻlgan har qanday kamsitishdan va shunday kamsitishga undaydigan har qanday gij-gijlashdan teng himoya qilinish huquqiga egadir” deyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida ham “....qonun oldida tengdirlar” degan mantiqan toʻgʻri qoida mustahkamlangan. Ushbu hujjatlardagi umumiy maʼnodada qoʻllanilgan “qonun” soʻzi bilan qamrab olingan huquq oldidagi tenglikni taʼminlash qonunchilikda mustahkamlab qoʻyilgan qoidalarni barcha shaxslarga birdek qoʻllashni talab etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qati nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb mustahkamlab qoʻyilgani, yurtimizda istiqomat qilayotgan bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elat vakillarining xuddi bir onaning farzadlaridek ahil-inoq boʻlib yashashlari qonun bilan mustahkamlab qoʻyilganligining oʻzi bu yurtda har bir insonning baxtli-saodatli boʻlib yashashlariga ochib berilgan keng imkoniyatlar eshigidir.

Aslida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qonun oldida tengligi qoidasi odatda, quyidagilarni qamrab olishini koʻrsatib oʻtish oʻrili:

birinchidan, u nafaqat fuqarolarning, balki ular faoliyati natijasi boʻlgan huquq subyektlari - yuridik shaxslarning huquq oldida tengligi;

ikkinchidan, qonun oldida tenglik garchand konstitutsiyaviy gʻoya boʻlsada, fuqarolarning nafaqat konstitutsiyaviy huquq va majburiyatda tenglikni, balki boshqa subyektiv huquqlarda ham tengligini anglatadi;

uchinchidan, qonun oldidagi tenglik maʼsuliyat va huquq buzilganda bir xil javobgarlikni nazarda tutadi.

Umuman olganda, tenglik – ahamiyati, tutgan oʻrni, mavqei nufuzi, haq –huquqlari jihatidan oʻxshash, bir xil baravar, bir biridan qolishmaydigan boʻlishdir. Tenglik nafaqat maʼlum bir hayot sohasini balki ijtimoiy munosabatlarning hamma bosqichlarini qamrab olgan boʻlishi kerak. Mazkur tenglikning buzilishi esa oʻz navbatida diskriminatsiyaga olib kelishi va mazkur holatdan maʼlum bir insonlar toifasi jabrlanishi mumkin hisoblanadi.

Qonun oldida tenglik prinsipi Oʻzbekiston Respublikasining asosiy, bosh qomusi, qonuni hisoblangan Konstitutsiyadan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 5-moddasi “Fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi” deb nomlanib, unda jinoyat sodir etgan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, bir xil huquq va majburiyatlarga ega boʻlib, qonun oldida tengdirlar deyilgan.

Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va xalqaro hujjatlarda belgilangan fuqarolarning qonun oldida tengligi qoidasini buzish huquqiy javobgarlikka tortishga sabab boʻladi, hattoki fuqarolarning qonun oldida tengligiga daxl qilish jinoyat sifatida taʼqib qilinadi. Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141-moddasi “Fuqarolarning teng huquqliligini buzish” deb nomlangan boʻlib, unga koʻra, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita buzish yoki cheklash yoxud fuqarolarga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish jinoiy javobgarlikka tortishga sabab boʻlishi belgilab qoʻyilganining oʻzi fikrimizning isbotidir.

Bir soʻz bilan aytganda, respublikamizning amaldagi barcha qonun hujjatlarida qonun oldida tenglik prinsipining quyidagi muhim elementlarini koʻrishimiz mumkin:

birinchidan, shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, bir xil huquq va majburiyatlarga ega ekanligi;

ikkinchidanodil sudlov fuqarolarning, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar barcha uchun bir xilda amalga oshirilishi;

uchinchidan, sud va davlat organlari ish yurituvida barcha fuqarolar teng nuqtayi nazaridan koʻrilishi;

toʻrtinchidan, barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega boʻlish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egaligi;

beshinchidan, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador boʻlmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yoʻl qoʻyilmasligi;

oltinchidan, ayol va erkakning, shu jumladan, oilaviy munosabatlarda teng huquqliligi, ichki oilaviy masalalarni birgalikda hal etishi kabilardir.

Xulosa qilib aytganda, tenglik – demokratiyaning eng ustuvor talabi, adolatning muhim mezoni boʻlib, demokratik-huquqiy davlatning ajralmas shartidir. Bu orqali fuqarolarga ijtimoiy, iqtisodiy, mehnat, oilaviy, sud sohasidagi va boshqa munosabatlarda teng huquqlarga, imkoniyatlarga ega boʻlishni, shuningdek ularga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, huquqlarni muayyan tarzda cheklashga va yoki afzalliklar belgilashga yoʻl qoʻymaslikni nazarda tutadi.

Muqaddasxon AHMEDOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat

xavfsizligi universiteti professori,

yuridik fanlar doktori, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?