Tender yakunlandi: Rabat, Chappasuy va Tamshush GESlari qurilishi uchun bosh pudratchi aniqlandi

18:20 22 Iyun 2021 Iqtisodiyot
511 0

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-avgustdagi “Oqsu daryosida Rabat GES qurilishi, Oqsu daryosida Chappasuy GES qurilishi va Oqdaryo-Oqsu daryosida Tamshush GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 497-son qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida “barqaror gidroenergetika” loyihasi doirasida Oqsu daryosida Rabat, Chappasuy va Tamshush GESlari qurilishi loyihalarini moliyalashtirish uchun 25 yil muddatga 60,0 mln AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi boʻyicha zayom kelishuvi imzolangan.

Mazkur GESlar qurilishiga jalb etilgan kredit mablagʻlari loyihalar doirasida Osiyo taraqqiyot banki tartib-taomillariga asosan “tayyor holda topshirish” sharti asosida Bosh pudratchini aniqlash uchun xalqaro ochiq va shaffof tender savdolari oʻtkazildi. Bu haqda “Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga koʻra, tender savdolari natijalariga koʻra, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va Xitoy Xalq Respublikasining “CHINA NATIONAL ELECTRIC ENGINEERING CO., LTD” davlat korxonasi oʻrtasida umumiy qiymati 54 mln. AQSH dollari miqdoridagi “Oqsu daryosida Rabat, Chappasuy va Tamshush GESlari qurilishi” investitsiya loyihasi boʻyicha 2021-yil 18-iyundagi UGE/PC-001 sonli “tayyor holda topshirish” sharti asosida shartnoma imzolandi.

Mazkur shartnoma shartlariga asosan, ushbu yangi GESlarni qurib foydalanishga topshirish muddati – 3 yil etib belgilangan.

Yangi GESlarning umumiy oʻrnatilgan quvvati 24 MVtni tashkil etadi. Xususan, Rabat GES – 6,2 MVt, Chappasuy GES – 7,5 MVt, Tamshush GES – 10,3 MVt.

Ushbu istiqbolli loyihalarni amalga oshirilishi natijasida, qayta tiklanadigan manbalar hisobidan oʻrtacha yillik 97,5 mln. kVt.soat ekologik toza elektr energiya ishlab chiqariladi.

Loyihani amalga oshirish davrida 500 dan ortiq ishchi-xizmatchilar ish bilan taʼminlanadi. Loyiha yakunida, mazkur GESlarda doimiy mehnat qilish uchun 50 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Bundan tashqari, yiliga 29,3 mln. kub metr tabiiy gazning iqtisod qilinishiga erishiladi. Bu esa, 90,0 mingga yaqin xonadonning elektr energiya bilan taʼminlanishiga zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?