“Temir daftar”ga kiritilgan 396 ming kishi yil oxiriga qadar ish bilan band etiladi

13:22 28 Avgust 2020 Jamiyat
424 0

Sir emaski, karantin davrida iqtisodiy oʻsish suratlari pasaydi, aholining koʻp qismi kundalik daromadidan ayrildi, ishsizlar soni ortdi. Shu kabi jihatlarni inobatga olib, uch toifa asosida 16 yoshgacha boʻlgan bolalari bor oilalarga besh yuz mingdan bir martalik yordam puli ajratilishi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi yuzasidan AOKAda tashkil etilgan brifingda bu haqda batafsil soʻz yuritildi. Unda Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi rasmiy vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bir martalik yordam puli beriladigan oilalar uchun davlat tomonidan 400 mlrd.dan ortiq pul ajratilgan boʻlib, bu orqali bolalarga qishki kiyim, oʻquv qurollari kabi zarur narsalar bilan taʼminlashda aholiga yordam berish koʻzda tutilgan. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi departament bosh mutaxassisi Shahobiddin Davlatovning taʼkidiga koʻra, “Temir daftar”ga 409 ming ijtimoiy himoyaga muhtoj oila kiritilgan. Oila aʼzolari soni jami 1 mln 726 ming kishini tashkil etadi. Ularning 396 ming nafari ishsiz boʻlib, yil oxiriga qadar ish bilan band etiladi. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligining respublikadagi tegishli boshqarma, tashkilot xodimlari, pedagoglar va boshqa xodimlar 1-oktyabrgacha bepul tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishi hamda bunga 60 mlrd miqdorida mablagʻ ajratilganligi alohida eʼtirof etildi.

Eslatib oʻtamiz, bir martalik yordam puli ajratiladigan uch toifadagi oilalar:

— Mehnatga layoqatsiz, nogironligi boʻlgan 16 yoshgacha boʻlgan bolalar;

— Moddiy yordamga muhtoj oilalarning roʻyxatlariga kiritilgan, koronavirus tufayli daromadidan ayrilgan, 5 va undan koʻp 16 yoshgacha boʻlgan bolalari bor oilalar;

— Boquvchisini yoʻqotgan, qarovchisiz 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning har biriga 500 mingdan pul miqdorida yordam puli beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?