“Telefoningizdan qo‘ng‘iroq qilib olsam, maylimi?”

15:12 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
502 0

Ushbu savol bilan murojaat qilish holati deyarli hayotimizda uchrab turadigan hodisa, shunday emasmi? Endi tasavvur qiling, siz yo‘lda ketyapsiz. Qarshingizdan bir yigit chiqadi-da, “Aka, telefoningizdan qo‘ng‘iroq qilib olsam, maylimi?”, - deya yuzlanadi. Siz ikkilanmay telefoningizni tutqazasiz. U esa kimgadir telefon qilib, allanimalarni gaplashgancha nari keta boshlaydi va olislaydi. Ortidan borasiz, telefonni qaytarishini so‘raysiz.

-Telefon? Qanaqa telefon? - hayrat ila boqadi u sizga.

-Hozirgina telefonimni so‘radingiz, berdim-ku!

Yigit esa kulimsiragancha, yana hayratlanadi:

-Hazillashyapsizmi? Men nega sizdan telefon so‘rar ekanman, axir o‘zimning telefonim bor. Mana ko‘ring, ishonmasangiz. Istasangiz cho‘ntagimni kovlab ko‘ringchi, telefoningiz mendamikin?

Siz esa rostdan ham uning yonidan hozirgina bergan telefoningizni topa olmaysiz. Nima qilasiz? Urasizmi, tepasizmi, nima qilsangiz ham telefoningiz unda yo‘q! Aynan u olganligini qanday isbotlay olasiz? Guvohingiz bormi?  Yo‘q!

Achinarli holat, shundaymi? Biroq, bu andijonlik O‘ktam Sharopov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) uchun hech ham achinarli emas, aksincha, daromadli ish.

O‘ktam Sharopov garchi muqaddam ikki marotaba sudlangan bo‘lsa-da, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi. Halol mehnat qilib,  jamiyatda o‘rnini topish o‘rniga o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish orqali tirikchilik qilishni kasb etdi. Buning uchun atrofiga yana uch kishini chorladi.  Shu tariqa Maʼruf Inomov, Gulchehra Sulaymonova hamda Anvar Hikmatov  uning jinoiy sheriklariga aylandilar. Jinoiy harakatlari uchun juda sodda reja tuzishdi: odamlar harakati siyrak joyga borishadi. Shunda O‘ktam kimningdir telefonini so‘rab oladi. Boshqa birov bilan telefonda gaplashayotgan bo‘ladi va mulk egasidan biroz uzoqlashadi. Shunda qarshilaridan go‘yo begona yo‘lovchilardek Maʼruf bilan Gulchehra keladi. Ular O‘ktamning yonidan suhbatlashgancha, o‘tib ketadilar. Aynan shu paytda O‘ktam qo‘lidagi o‘zganing telefonini ularga beradi.  So‘ng Maʼruf bilan Gulchehra Anvar boshqaruvidagi “Matiz” avtomashinasiga borib o‘tiradilar. O‘ktam kelgan zahoti, manzildan Andijon shahri sari yo‘l oladilar.

-Ular shu tariqa bir necha fuqaroning telefon vositasini o‘zlashtirishga ulgurgan, -deydi Andijon viloyat sudining matbuot xizmati rahbari Nurillo Noʻmonov. –Qo‘lga kiritgan o‘ljalarini “Mobil olam” savdo markazida pullashib, mablag‘ni o‘zaro taqsimlashgan. Ishlari go‘yoki xamirdan qil sug‘urgandek ketayotgan edi. Biroq ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Ularning noo‘rin xatti-harakatlariga chek qo‘yadigan payt ham keldi.

  -Jinoiy guruhning xatti-harakati atroflicha o‘rganib chiqildi,-deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi sudyasi Ozodbek Neʼmatillayev. –Barchasi qonun doirasida tahlil qilindi. Sudlanuvchilar qilmishiga iqror bo‘ldilar. Sud hukmiga binoan O‘ktam Sharopov 4 yil ozodlikdan mahrum etildi. Jinoiy sheriklari ham tegishli tartibda javobgarlikka tortildi.

Bu dunyoda kim nimani eksa, shuni o‘radi. Keling, ekkanimiz bug‘doy bo‘lsinu yiqqanimiz don bo‘lsin! Har holda halol mehnat ortidan ko‘ngil xotirjamligida yashashga ne yetsin!

 

Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?