TDYUUda “Huquqiy shahar” mobil ilovasi yaratildi

16:21 08 Oktyabr 2020 Jamiyat
232 0

Toshkent davlat yuridik universitetida “Huquqingiz bor” loyihasining taqdimotiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi. Bu haqda OTMning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Bugungi kunda Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida TDYUUda koʻplab innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Yurtdoshlarimizning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan mazkur loyiha ham mazkur yoʻldagi saʼy-harakatlardan biridir.

Yangi loyiha doirasida kundalik hayotimizda duch kelishimiz mumkin boʻlgan dolzarb va qiziqarli mavzularda huquqiy-ommabop risolalar nashr etish hamda ularni xalqimiz, ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi aholiga yetkazish koʻzda tutilgan.

Mazkur risolalarda aholining huquq va erkinliklarini amalga oshirishda yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarni ijobiy hal etish borasida malakali yuridik maslahatlar berish, ayollarning tazyiqlardan himoyalanish bilan bogʻliq huquq va erkinliklarini tushuntirish va himoya qilish, gender tengligini taʼminlash, joylardagi inson huquq va erkinliklarini amalga oshirish sohasida hayotiy vaziyatni oʻrgangan holda yuridik fan va huquqni qoʻllash amaliyotining uygʻunligini taʼminlash borasida zarur tavsiya va koʻrsatmalar beriladi.

Ayni paytda ushbu yoʻnalishda TDYUUning yetakchi mutaxassislari, professor-oʻqituvchilari, shuningdek yosh olimlar tomonidan tayyorlangan 20 ta ilk risolalar toʻplami nashr etildi.

Ushbu risolalar yer olish, bola uchun aliment undirish, zoʻravonlikdan himoyalanish, yoʻl harakatida qatnashish, meros olish, xorijda ishlash va boshqalar kabi hayotimizning turli jabhalarida uchraydigan muammoli vaziyatlarni qamrab olgan. Risolalar bosma va elektron tarzda bepul tarqatiladi. 

Universitet risolalarning elektron nusxalarini tarqatish uchun “Huquqiy Shahar”  veb-platformasidan foydalanadi. Ayni paytda mazkur platformaning veb-sayti va mobil ilovasi yaratilgan.

Eslatib oʻtamiz, “Huquqiy Shahar” mobil ilovasi Android va iOS operatsion tizimlari uchun moʻljallangan boʻlib, foydalanuvchilar uchun risolalarning elektron shakllarini olish imkonini beradi. Ayni paytda mobil ilovaning soʻngi tekshirish bosqichlari yakunlanmoqda va u yaqin kunlarda foydalanuvchilarga taqdim etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?