TDPUning Shahrisabz filialida IT-Inkubatsiya markazi ochildi

13:18 20 Fevral 2021 Jamiyat
854 0

Bugungi kunda taʼlim tizimini isloh qilishda oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va IT-parklar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Oliy taʼlim tizimida talaba-yoshlarga imkoniyatlar yaratib berish, ularning yangilik yaratishlari va amaliyotga tatbiq qilishlari uchun shart-sharoitlarini toʻgʻrilash boʻyicha bosqichma-bosqich amaliy ishlar boshlangan. Ayniqsa bu borada viloyatlardagi talaba yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochiqmoqda.

Xususan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialida IT-Inkubatsiya markazi ochildi. Markaz ochilishida Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov ishtirok etdi. Universitet tomonidan poytaxtdagi asosiy oʻquv muassasasi bilan birgalikda oʻz filiallari faoliyatini yana-da samarali tashkil etilish boʻyicha tizimli ishlar tashkil etilmoqda. Ushbu markazning ochilishi orqali buni guvohi boʻlishimiz mumkin. Markaz avvalo, ilgʻor startap gʻoyalar va innovatsion ishlarni monitoring qilish, tanlash va inkubatsiya qilish vazifalarini bajaradi.

Shuningdek, yoshlarning startap jamoalarini shakllantirish, loyiha faoliyatiga tayyorlash boʻyicha innovatsiyalar sohasidagi yoshlar tashabbuslarini aniqlash, jamoalarini qoʻllab quvvatlash, talabalar, doktorantlar va yosh olimlarning ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalarini rivojlantirishga koʻmaklashish vazifalarini bajaradi.

Nima uchun ushbu inkubatsion markaz oliy taʼlim muassasasi qoshida tashkil etildi? Bundan koʻzlangan maqsad iqtidorli yoshlar oʻrtasida yaratilayotgan innovatsion loyihalar sifati va soni bilan qiziqishdir. Inkubatsiya markazi oʻz navbatida talabalar uchun original ilmiy-texnik gʻoyalarni amalga oshiruvchi kichik innovatsion loyihalarning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.

Inkubatsiya markazida talabalar oʻz gʻoyalari va loyihalarini toʻsiqlarsiz amalga oshirishlari, ustoz, murabbiy va mutaxassislardan bevosita yordam soʻrashlari mumkin. Eng asosiysi, ular startap ekotizimining oʻzida boʻlishlari va butunlay tadbirkorlik muhitini toʻliq his qilishlari mumkin. Inkubatsion markaz zamonaviy oʻquv xonalari va kompyuterlar hamda yosh olimlarimizni oʻqib izlanishlari uchun barcha zarur AKT jihozlari bilan taʼminlangan.

Inkubatsiya markazi faoliyati davomida kelajakda konsalting xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan, shartnoma asosida raqamli iqtisodiyot, pedagogika-psixologiya, fizika astronomiya va taʼlimning barcha sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro grantlar, ilmiy tadqiqot loyihalari tanlovlari va konferensiyalarda ishtirok etishni rejalashtirgan.

Markaz ochilishidan soʻng universitet rektori filialdagi professor-oʻqituvchilar va talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda universitet rektori davlatimiz rahbarining oliy taʼlim, xususan pedagogika oliy taʼlim muassasalariga oldiga qoʻygan ustuvor vazifalar va ularning bajarish mexanizmlari haqida gapirib oʻtdi. Uzluksiz taʼlim tizimida IT, elektrotexnika, mashinasozlik, energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarga eʼtiborni kuchaytirish lozimligi haqida taʼkidlab oʻtdi. Filialning talaba-yoshlari tomonidan bosh universitet rektoriga takliflar berildi.

Shuningdek, rektor filialning har bir kafedra mudiri va professor-oʻqituvchisi bilan ilmiy tadqiqot ishlari boʻyicha suhbat olib bordi. Ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullanayotgan yosh olimlar bilan suhbat chogʻida tadqiqotning qaysi jarayondaligi, universitet tomonidan uning ilmiy faoliyatiga qanday yordam kerakligi, himoya jarayonlarini tez muddatlarda amalga oshirishi boʻyicha rejalar tuzildi. Filialda faoliyat koʻrsatayotgan oʻrta yoshli, lekin haligacha ilmiy darajaga ega boʻlmagan professor-oʻqituvchilar bilan ularning ilmiy daraja olish uchun bajarayotgan tadqiqot ishlari holati tahlil qilindi. Ularni ilmiy himoyasini tez muddatlarda amalga oshirish boʻyicha sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi. Shu oʻrinda rektor Alisher Umarov filial professor-oʻqituvchilari uchun yetuk olimlar, professor va akademiklar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar tashkil etib borilishi kerakligini aytib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?