Tatariston Prezidenti Oʻzbekiston delegatsiyasini qabul qildi

23:06 10 Sentyabr 2021 Siyosat
438 0

Kecha Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov Qozon shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovni qabul qildi.

Unda Tatariston tomondan Respublika Bosh vazir oʻrinbosari Marat Zyabbarov, Davlat turizm qoʻmitasi raisi Sergey Ivanov, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Qozon shahridagi vakili Radik Vaxitov, Sport vazirining birinchi oʻrinbosari Xalil Shayxutdinov va savdo-sanoat vaziri oʻrinbosari Geman Lerner, Oʻzbekiston tomondan – mamlakatimizning Tataristondagi Bosh konsuli Farid Nasriyev, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Jamshid Babadjanov ishtirok etdi.

Tatariston Prezidenti yuqori darajali barcha tashriflar, hukumatlararo va idoralararo doimiy uchrashuvlar Oʻzbekiston hamda Tatariston oʻrtasidagi samarali va barqaror hamkorlikning yorqin dalili ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston delegatsiyasining Qozon shahriga tashrifi buni yana bir bor tasdiqlashini qoʻshimcha qildi.

Rustam Minnixanov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikka boʻlgan eʼtibor va qoʻllab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Bizning oʻzaro aloqalarimiz va qoʻshma loyihalarimiz Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan. Ikki mamlakat prezidentlari oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratishda davom etishni muhim deb hisoblaydilar», — dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti.

Shu bilan birga, Rustam Minnixanov joriy yilning iyul oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi hamda Oʻzbekiston Prezidenti bilan uchrashuvini iliqlik bilan yodga oldi.

Tatariston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mahalliy aholi hamda xorijiy sayyohlarga yaqqol sezilayotganini alohida qayd etdi.

Aziz Abduhakimov, oʻz oʻrnida, Oʻzbekiston — Tatariston oʻrtasida koʻp tomonlama, xususan turizm, madaniy meros va sport sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish haqida soʻz yuritdi va bunda xalqaro tadbirlarning oʻrni nihoyatda muhim ekanini taʼkidladi.

Qabul doirasida Rustam Minnixanov oʻzbekistonliklarni kelgusida Tataristonda oʻtkazilishi kutilayotgan sport tadbirlarida ishtirok etishga chaqirdi.

“Biz yirik sport tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha katta tajribaga egamiz. Yaqin yillarda Tataristonda qator yirik xalqaro sport tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ularda oʻzbekistonlik ishtirokchilarni koʻrishdan juda xursand boʻlamiz”, - dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?