Tashqi qarz: taraqqiyotga yoʻnaltirilgan sarmoya

13:07 06 Aprel 2022 Siyosat
1016 0

Foto: Халқ сўзи

Xabaringiz bor, “Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 18-mart sonida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Bugun qarsaklar zamoni emas!” sarlavhali maqolasi chop etilgan edi. Taʼkidlash joizki, maqola yurtdoshlarimiz orasida juda katta aks sado berdi. Buni turli soha mutasaddilari, ekspertlar, ziyolilar, tadbirkorlar, agrar tarmoq vakillari, oddiy odamlar, qoʻyingki, mamlakatimizdagi tarixiy yangilanishlar jarayoniga befarq boʻlmagan keng aholi qatlami tomonidan bevosita tahririyatga yoʻllanayotgan, elektron pochta manzilimiz orqali kelib tushayotgan munosabatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda qoldirilayotgan izohlardan ham bilish mumkin. Va bu jarayon hamon davom etmoqda.

Xoʻsh, maqola nima uchun bunchalik katta qiziqish uygʻotdi? Sababi unda davlat tashqi qarziga oid dolzarb mavzu chuqur va qiyosiy tahlillar, hayotiy misollar bilan aniq, sodda va tushunarli tarzda ochib berilganki, iqtisodiyotdan u qadar xabari yoʻq kishi ham maqolani oʻqib, koʻtarilgan masala mohiyatini anglab yetadi, desak, aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.

Albatta, bugungi davr insoniyat uchun oson kechayotgani yoʻq. Koronavirus pandemiyasining ogʻir asoratlari, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat, har kuni yuzaga kelayotgan yangidan-yangi sinovlar tezkor choralar koʻrish zaruratini kun tartibiga koʻndalang qilib qoʻymoqda. Mana shunday dolgʻali zamonda ham mamlakatimiz rahbariyati inson manfaatlari yoʻlidagi saʼy-harakatlarni izchil davom ettirib, ichki bozordagi moʻtadillikni taʼminlash, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, xalqimizni ijtimoiy himoyalashga qaratilgan siyosatiga qatʼiy amal qilayotgani tahsinga sazovor. Bunga, shubhasiz, puxta asossiz erishib boʻlmaydi va ana shu asos yangi Oʻzbekistonni barpo etishga kirishilgan ilk kunlardanoq qoʻyila boshlangandi. Maqola ayni jihatdan eʼtiborga molik boʻlib, unda tashqi qarz olishning mohiyati va omillari tushuntirib berilgan.

Keling, endi yuqorida aytib oʻtganimiz — munosabatlardan ayrimlarini eʼtiboringizga havola qilsak.

Oʻzbekistonning toʻlov qobiliyatiga ishonch tasdigʻi

Hozir oʻzga yurtda boʻlsamda, jonajon Vatanimiz taqdiri bilan bogʻliq deyarli barcha jarayonlarni kuzataman, befarq qaray olmayman. Chunki shu yerda tugʻildim, tarbiya oldim, oʻqib-oʻrganib shakllandim, soʻng uchirma boʻldim. Boshqacha aytganda, tomirlarim Oʻzbekistondan “suv ichadi”.

Maqolada koʻtarilgan masala dolzarb — tashqi qarz nima uchun olinadi? Savol oddiy. Javobi ham joʻn: mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun, xalq farovonligiga erishish uchun.

Uzoqqa bormaylik, keyingi uch-toʻrt yilda olimlar, oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari va boshqa soha vakillarining maoshi necha bor oshirildi? Ishlab chiqarish, ilmiy salohiyat, qishloq xoʻjaligiga eʼtibor qay darajada kuchaydi? Qurilish industriyasidagi oʻsish tezligini tasavvuringizga keltirib koʻring. Bularning barchasi nimaning hisobidan? Albatta, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash “oqsab” qolmayotganidan. Shu bois ham ­tashqi qarzga murojaatni toʻgʻri tushunish lozim.

Shu kabi ziyolilarning munosabatlarida koʻp misollar keltirilmoqda, balki yod boʻlib ham ketgandir, AQSH, Yaponiya, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Turkiya singari rivojlangan davlatlarning tashqi qarzlari qanchaligi. Bugungi kunda Avstraliyaning Monash universiteti Malayziya kampusida faoliyat yuritayotganim bois bu davlat tarixini oʻrganganman. Malayziya ham bir zamonlar, aniqrogʻi, oʻtgan asrning 70 — 80 yillarida faqat xom ashyo yetkazib beruvchi kambagʻal mamlakat boʻlgan. Vaqti kelib dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrni, ovozi, mavqeyi boʻladi, degan gap-soʻzlarga malayziyaliklarning oʻzlari ham ishonishmagan. Bugungi kunda esa u elektronika, bank xizmatlari, boshqaruv masalalarida AQSH, Yaponiya, Gonkong bilan teng bellashmoqda, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari orasida esa yetakchilik qilmoqda. Bunga qanday erishdi? Albatta, xorijiy investorlar ishonchiga kirish, ular sarmoyasini mamlakatga keng jalb etish, buning uchun oʻlkada zarur sharoit yaratib berish hisobiga.

Taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻygan Oʻzbekistonda ham shu kabi jarayonlar kechishi tabiiy. Quvonarlisi, jahon ekspert tashkilotlari mutaxassislari Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy vaziyat haqida yaxshi fikrlar bildirmoqda. Masalan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan 2021-yil 26-aprelda eʼlon qilingan qarzlar barqarorligi boʻyicha hisobotda mamlakatning qarzga xizmat koʻrsatish salohiyati yuqori va tashqi qarz moʻtadil ekani aytilgan. Bundan tashqari, respublikaning umumiy toʻlov qobiliyati 3,16 birlikkacha oshgan. Bu xalqaro kreditorlar mamlakatda ­davom etayotgan iqtisodiy oʻzgarishlar natijalariga tayanib, Oʻzbekistonning toʻlov qobiliyatiga ishonchini ­tasdiqlaydi.

Akrom HASANOV,

Avstraliyaning Monash universiteti katta ilmiy xodimi, PhD,

biznes fakulteti ilmiy-tadqiqot dasturi direktori oʻrinbosari.

Masalaga ilm koʻzi bilan qarang!

Har bir voqelikka, hodisaga ilmiy nuqtayi nazardan yondashishga odatlanganman. Shu bois boʻlsa kerak, keyingi paytlarda Oʻzbekistonning tashqi qarzi boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda urchiyotgan gaplar menga erish tuyulmoqda. Bu muhokamalarning tag-zamini puch, asos yoʻq, umuman, ilmiy nuqtayi nazardan yondashilmagan.

Toʻgʻri, ularni yozayotgan mualliflar tashqi qarz, uning mohiyati, ahamiyati va beradigan foydasini chuqur tushunib yetmas. Tashqi qarzlarni qoplash strategiyasi haqida ham biror-bir tushunchaga ega emasdir? Bu jihatlarni ham eʼtibordan qochirmay, darhol unga poyintar-soyintar munosabat bildirish ham insofdan emas. Biroq yurt farzandi sifatida, garchi oʻzim xorijda ishlayotgan boʻlsamda, munosabat bildirishga, oʻz qarashlarimni bayon etishga jazm qildim.

Shundoq ham Oʻzbekistonning yozma ­nashrlarida, internetda bu mavzuda ilmiy-hayotiy misollar bilan chambarchas bogʻlangan maqolalar berilyapti. Bular bilan ularning saytlari orqali tanishib turibman. Ayniqsa, menga “Xalq soʻzi”da yaqinda eʼlon qilingan Qudratilla Rafiqovning katta va shunga monand ravishda salmoqdor maqolasi maʼqul boʻldi. Hayotiy, bugungi kun bilan bogʻlangan.

Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekistonda ochiqlik siyosati yuritilmoqda. Bu shuni anglatadiki, tashqi qarzlar toʻliq qoplangani haqidagi mulohazalarni ham hali koʻp oʻqish vaqti keladi. Rivojlanishning choʻqqisiga chiqish ham uzoq kuttirmaydi, deb oʻylayman.

Negaki, bugungi saʼy-harakatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, dunyoviy integra­siyalashuv va oʻzaro ishonch muhitining ustuvorlik kasb etishi qoʻllab-quvvatlashlar zalvarini yanada orttiradi. Bu esa taraqqiyot sari zinama-zina koʻtarilishga asos boʻladi. Uchinchi Renessans poydevoriga bugundan asos solinishi kerakligi haqida Prezident bejiz bong urmayapti. Bu ushalmas orzu emas. Bugungi mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalar ham unga tamal toshi boʻlib xizmat qilishi kunday ravshan.

Shohruh MAJIDOV,

XXRning Changshu texnologiya instituti dotsenti, PhD.

Imkoniyatlar kaliti

Hayot pastu balandliklardan iborat. Gohida unday, baʼzan bunday. Aytaylik, oilangizda kutilmaganda bir muammo chiqib qoldi. Gap uning qanchalik katta yoki kichikligida emas, naqadar tez hal etilib, ijobiy yakun topishida. Albatta, buning uchun oilaboshi masʼul va muammoni bartaraf qilish choralarini koʻradi. Ana endi bunday vaziyatni jamiyat, butun bir mamlakat miqyosida tasavvur etib koʻring — masʼuliyat qanchalik ulkan va zalvarli.

Pandemiya dunyo mamlakatlariga, shu jumladan, Oʻzbekiston uchun ham ortiqcha yuk, qoʻshimcha sinov boʻldi. Bu mamlakatlar oldiga yuzaga kelgan vaziyatni tezroq yum­shatish, buning uchun zarur choralarni koʻrish vazifasini qoʻydi. Bir tarafda odamlar sogʻligʻini saqlash, ikkinchi tomonda iqtisodiyotni tanazzuldan asrash lozim edi. Bunday sharoitda aholini ham tibbiy, ham ijtimoiy himoya qilish, ham iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash ­hazilakam gap emas.

Endi, oʻylab koʻring, Oʻzbekiston xorij davlatlari bilan doʻstona munosabatda boʻlmaganida, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan yaxshi hamkorlik qilmaganida mazkur muammoga qanday yechim topgan boʻlardi?! Bu faqat Oʻzbekistonga emas, balki barcha davlatlarga daxldor jihat. Chunki oʻzaro aloqalarsiz, bir-birini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlovsiz taraqqiyotga erishish qiyin. Nazarimda, maqolada koʻtarilgan qarz masalasi ayni shu jihatdan ham juda dolzarb va oʻrinli.

Uzoq yillar siyosiy partiya rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Spiker oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan tajribalarimdan kelib chiqib aytsam, oʻsha kezlarda davlatning tashqi qarzi koʻpam ochiq-oydin gapirilib, maʼlumotlar taqdim etilavermasdi. Qandaydir oʻz qobigʻimizga oʻralib qolgandik. Lekin aslida bunday yurib boʻlmasdi. Eng rivojlangan davlatlar ham bir-biridan qarz olib, yirik loyihalarni amalga oshirgan. Aholi hayot sifatini yaxshilashga intilgan. Biz nima uchun shu yoʻlni tanlab, odamlarga qulay sharoit yaratmasligimiz kerak? Axir salohiyatimiz boʻlsa, qurbimiz yetsa! Eng muhimi, xalqaro hamjamiyat bugungi islohotlarga ishonch bildirib, hamkorlik qilishga tayyor turgan boʻlsa. Shu bois mamlakatimiz xalq manfaati uchun dadil qadam tashladi.

Bir omilni yaxshi aniqlashtirib olishimiz kerak. Eng avvalo, Oʻzbekistonning hozirgi kundagi tashqi qarzi maqbul darajada. Buni xalqaro moliyaviy tashkilotlar va muassasalar, ekspertlar ham tan oladi. Ikkinchidan, tashqi qarz qachon xavotir uygʻotishi mumkin? Qachonki u notoʻgʻri sarflansa yoki ochiq boʻlmagan jarayonlar orqali oʻzlashtirilsa. Lekin bizda hammasi maqsadli loyihalarga yoʻnaltirilmoqda. Demak, ortiqcha xavotirga asos yoʻq.

Umuman, bugungi dunyo iqtisodiyoti fani va statistikasiga tayanib shunday xulosa qilish mumkinki, qarz koʻpligi bir davlatning ahvoli ogʻirligini anglatmaydi. Aksincha, iqtisodiy jihatdan muvaffaqiyatli mamlakatlar kerak paytda qarz olish (nisbatan past stavkada) imkoniyatiga ega boʻladilar.

Matbuot shu mavzuda dolzarb maqolalar berib borsa, tahlillar orqali odamlarning masala mohiyatini tushunishiga koʻmaklashsa, oʻylaymanki, juda maʼqul ish boʻladi. Turli savollarga, tu­shun­movchiliklarga oʻrin qolmaydi.

Ismoil SAIFNAZAROV,

falsafa fanlari doktori, TDIU professori.

Davrga hamohang qadam

Ilm odami sifatida senator va siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Bugun qarsaklar zamoni emas!” sarlavhali maqolasida koʻtarilgan mavzu yuzasidan oʻz qarashlarimni bildirishni lozim topdim.

Darhaqiqat, maqolada tashqi qarz nima uchun kerakligi, u qanday olinishi, toʻgʻrirogʻi, qarz kimlarga berilishi mumkinligi, shu mezonga mos boʻlish uchun davlat siyosati qanday olib borilayotgani va umuman, mamlakatdagi oʻzgarishlar keng ochib berilgan.

Aytish kerakki, Oʻzbekistonda ochiqlik siyosati olib borilmoqda. Shu bois ham tashqi qarzdan hamma xabardor. Va koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz fikrini bildirmoqda. Ularning ayrimlarini oʻqib, xayolga borasan: avvalgidek hamma yoqni berkitib, qarsakbozliklarga mast boʻlib, bir joyda depsinib turganing yaxshimi yoki imkoniyatga yarasha qarz olib, pulni aylantirib, iqtisodiyotni ham, jamiyatni ham birdek harakatga keltirib, mamlakatning, millatning tomiriga yangi qon yoʻnaltirib, unga kuch-quvvat va gʻurur baxsh etgan yaxshimi? Albatta, qarz olib, ishlamayotgan “richag”larni, imkoniyatlarni ishga tushirish kerak deydiganlar koʻpchilikni tashkil qilishiga ishonaman.

Avvallari tashqi qarz “boshogʻriq” boʻlishi mumkinligini inkor etish insofdan emas. Chunki u ­paytda ochiqlik yoʻq edi, buning ­ustiga hamma ham qarz beravermasdi. Endi esa zamon oʻzgardi, siyosat oʻzgardi.

Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasi sari qadam bosgan Oʻzbekiston sharoitida yagona va toʻgʻri yoʻllardan biri, shubhasiz, ­xalqaro moliya muassasalari bilan hamkorlikni mus­tahkamlash, ular koʻmagiga suyanish, yaʼni yirik loyihalarni amalga oshirish uchun tashqi qarzdan foydalanish zarur. Bunday amaliyotni hech bir rivojlangan ­davlat chetlab oʻtmagan.

Yusupjon YULDOSHBOYEV,

Rossiya davlat agrar universiteti professori, qishloq

xoʻjaligi fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi.

Muhimi — maqsadli va toʻgʻri ishlatish

Chindan ham, tashqi qarz, davlat qarzi haqida keyingi paytlarda koʻp va xoʻp yozilmoqda. Xususan, oʻzim ham bir necha bor ommaviy axborot vositalarida chiqish qildim. Bu orqali OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda, jamoatchilik orasida bildirilayotgan fikrlarga javob berishga intildim. Lekin “Bugun qarsaklar zamoni emas!” maqolasi bu borada eng tushunarli chiqish boʻldi, desam, adashmayman.

Nega deganda, unda tashqi qarz nima, qanday beriladi va olinadi, nimalarga sarflanadi, qaytarish imkoniyatlari qanday boʻladi — barcha savollarga aniq va hayotiy misollar orqali javob berilgan. Oʻquvchida ortiqcha ishtiboh paydo boʻlishiga oʻrin qolmagan. Vaholanki, qarzsiz rivojlangan mamlakatning oʻzi yoʻq. Rivojlanish choʻqqisidagi mamlakatlar ham tashqi qarz evaziga iqtisodiyot lokomotivi harakatini tez­lashtirish yoʻlidan boradi. Qarz boʻla turib, bir-biridan qarz olayotgan davlatlar ham bor.

Masalan, AQSHning eng yirik tashqi qarzi Yaponiyadan, Yaponiyaning katta qarzi esa AQSHdan. Bu shuni anglatadiki, dunyoning rivojlangan davlatlari oʻrtasida ishonch kuchli, shu bois ular bir-biriga qarz berib, bir-birining iqtisodiyotiga sarmoya kiritib, ishlashaveradi. Eng muhimi, olingan qarzni maqsadli va toʻgʻri ishlata bilishda! Bu borada Oʻzbekiston yuritayotgan siyosat, mamlakat ichkarisida olib borilayotgan saʼy-harakatlar ishonch bagʻishlaydi.

Tashqi qarzning oʻsish dinamikasi keyingi yillarda tezkorlik kasb etgan boʻlishiga qaramay, xalqaro meʼyorlarga koʻra, moʻtadil darajada qolmoqda. Bu — xalqaro ekspertlarning fikrlari. Ular esa bu gapni ilmiy nuqtayi nazardan oʻrganib, ­keyin aytgan.

Demak, mamlakat toʻgʻri yoʻldan shaxdam odimlamoqda. Uning mevasidan bahramand boʻlish keyingi avlodlarga emas, balki sizu ­bizga ham nasib etishiga ishonch ­uygʻongan.

Muhiddin KALONOV,

“Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari

va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Koʻpchilikni qiziqtiradigan mavzu

Davlat tashqi qarzi masalasi keyingi paytlarda eng koʻp gapiriladigan, muhokama etiladigan mavzulardan biriga aylandi. Fikrimcha, buning asosiy sababi — shu paytgacha mazkur mavzu yopiq boʻlganida. Yaʼni avvallari qaysi davlat yoki moliyaviy tashkilotdan qancha qarz olinyapti, ular qayoqqa yoʻnaltirilyapti, qanday qaytariladi kabi savollarga javob topish tugul, bu xususda aksariyatimiz tushunchaga ham ega emasdik. Chunki tan olaylik, Oʻzbekiston koʻp jihatdan yopiq davlat edi.

Natijada mamlakatimizga sarmoyadorlar kelishi sust, iqtiso­diyotimiz rivojini ham quvonarli, deb boʻlmasdi. Misol uchun, Jahon banki va Xalqaro valyuta jam­gʻarmasi kabi tashkilotlar tomonidan biror mamlakatga mablagʻ aj­ratishdan oldin oʻsha davlatning qarzga xizmat koʻrsatish salohiyatini “past”, “oʻrtacha” va “kuchli” sifatida tasniflaydi. Yaʼni qaytarilish imkoniyatini shunday baholaydi. Bundan ikki yil avval ular Oʻzbekistonni “kuchli guruh”ga kiritdi. Bu tasnifdagilarga davlat tashqi qarzi YAIMga nisbatan 55 foizdan, jami davlat qarzi esa YAIMga nisbatan 70 foizdan oshmasligi tavsiya etiladi. Aytish joizki, Oʻzbekistonning tashqi qarzi miqdori har yili oʻsib bormoqda. 2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, davlat tashqi qarzi YAIMga nisbatan 35,2 foizni tashkil etadi, bu xavotirli emas. Qolaversa, mamlakatimiz qarzni koʻproq moliyaviy institutlardan olib kel­moqda.

Oxirgi yillarda Oʻzbekiston ochiqlikka yuz tutdi. Iqtisodiy raqamlar, raqamlar ortidagi imkoniyat va sharoitlar haqida turli xabarlar paydo boʻla boshladi. Bu jarayon, tabiiyki, davlat qarzi, tashqi qarz kabi ilgari eshitmagan soʻzlar odamlarda savollar paydo qildi. Uni hamma oʻzicha izohlay boshladi. ­Sharhlashga kirishdi. Natijada odamlar uning ahamiyatini tushunib, masala mohiyatini chuqur anglay boshladi. Shular orasida “Xalq soʻzi”da “Bugun qarsaklar zamoni emas!” sarlav­hali maqolada aytilgan fikrlar ayni shu masalani hozir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni chuqur tahlil va asosli fakt hamda dalillar asosida ochib bergani bilan ahamiyatlidir.

Zero, bugungi kunda mamlakatimizda ­Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz turmush farovonligi, iqtisodiyotimiz barqarorligini taʼminlash maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonning dunyo va xalqaro tashkilotlar oldidagi ­mavqeyi yuksalib, oʻzaro ishonch munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ana shu yangilanish hamda oʻzgarishlar fonida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Sarflangani ikki barobar boʻlib qaytadi

Metallurgiya sanoatiga kiritilgan har bir investitsiya salkam ikki barobar iqtisodiy qaytim beradi, deyishadi. Menimcha, buni faqatgina metallurgiya sanoatida emas, barcha soha va tarmoqlarga ham qoʻllasa boʻladi. Buning uchun oʻsha sarmoya aniq va maqsadli yoʻnaltirilsa kifoya.

Shu maʼnoda, “Bugun qarsaklar zamoni emas!” maqolasida qarz iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini rivojlantirish, sanoat sektorini modernizatsiya qilish, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish orqali aholi turmush darajasini yaxshilash uchun zarurligi, u iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilishga qoʻshimcha sarmoyalar oqimini kiritish orqali mamlakatga ijobiy taʼsir koʻr­satishi taʼkidlangani sanoat sohasining bir vakili ­sifatida menda ham ayrim fikrlarni uygʻotdi. Buni oʻz faoliyatimiz, aniqrogʻi, korxonamiz misolida tushuntirishga harakat qilaman.

Prezidentimizning 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq, kombinatimiz tomonidan “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish boʻyicha 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda. 11 ming gektar hududni egallagan konda yiliga 65 million tonna maʼdan qazib olinadi. Konimizda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor. Ularni qayta ishlash uchun esa kombinatimizning 3-mis boyitish fabrikasi ham qurilmoqda. Uning qurilishini moliyalashtirish uchun 712 million yevro miqdoridagi kredit mablagʻlari ajratilgan.

Elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining jadal taraqqiyoti hisobiga 2030-yilga borib dunyoda misga boʻlgan talab 40 foiz oshishi kutilyapti. Demak, mis kelajakning nodir metaliga aylanadi. Aslida, misning tabiiy koni juda koʻp ham uchrayvermaydi. Bunday inʼom kamdan-kam davlatlargagina nasib etadi. Quvonarlisi, Oʻzbekiston shular qatorida! Geologiya ishlari natijasida Olmaliqda 45 million tonna mis zaxirasi topilgan. Bugungi kunda jahon bozorida 1 tonna misning narxi 6,5 ming AQSH dollari miqdorida baholanmoqda.

2028-yildan keyin «Qalmoqir» va “Yoshlik-1” konlari birlashtirilishi bilan Oʻzbekiston dunyodagi eng katta ochiq konga ega mamlakatga aylanadi. Natijada mis qazib olish birinchi bosqichda 100 million tonna, ikkinchi bosqichda esa 160 million tonnaga yetadi.

Bugungi kunda bizda ishlab chiqarilayotgan mis mahsulotlari 15 davlatga eksport qilinmoqda. Mamlakatimizda soʻnggi 5 yilda mis ishlab chiqarish hajmi qariyb 1,5 barobar koʻpaydi. Biroq bu bilan cheklanmay, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ham kengaytirishimiz kerak. Shu bois ayni chogʻda mis sanoati klasterini ­tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan.

Koʻryapsizmi, bir loyiha ortidan boshqalari ham rivojlanyapti, qoʻshimcha imkoniyatlar vujudga kelyapti. Iqtisodiyotimiz yangi ishlab chiqarish subyektlari, yangi ­mahsulotlar bilan boyiyapti. Qoʻshimcha ish oʻrinlari ­yaratilyapti. Mana, investitsiya, qarz nima uchun kerak!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik

jamiyati boshqaruvi raisi, senator.

Bardavom islohotlar natijasi

Hayoti davomida qarz olib, qarz bermagan kishi boʻlmasa kerak. Mamlakatlar esa oʻz-oʻzidan, oʻzaro qarzlar orqali iqtisodiyotini bir-biriga bogʻlashadi. Shular ortidan oldinga intilib, xalqi farovonligini taʼminlaydilar. Muallif bu borada aniq raqamlarni keltirib, dunyoning eng rivojlangan davlatlari ham oʻzaro qarzlar vositasida bogʻlanganligini ijobiy hodisa sifatida taʼkidlaydi. Lekin bizning qarz olishimiz ayrimlarning gʻashini keltirayotganini qanday tushunmoq kerak?

Muallif ushbu savolga batafsil javob berarkan, XXI asr axborot texnolo­giyalari rivojlangan davr sifatida barcha masalalar insoniyatning farovon va xavfsiz hayot kechirishi hamda mehnat qilishiga qaratilishi kerakligini taʼkidlaydi. Bu borada rivojlangan mamlakatlarda koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Butun insoniyat tinch-totuv va hamkorlikda yashashga intilmoqda. Afsuski, dunyoda tahlikali vaziyatlar ham saqlanib qolmoqda. Ana shunday bir murakkab holatda biz ham oʻz oʻrnimizni topishimiz va uni mustahkamlashimiz juda muhimdir.

Men kon-metallurgiya sohasining turli boʻgʻinlarida ishlagan rahbar sifatida shuni alohida aytib oʻtishim kerakki, keyingi yillardagi oʻzgarishlar tushimizga ham kirgan emas. Oldinlari xorijiy hamkorlarning ishonchini qozonish, bu sohaga chetdan mablagʻ jalb etish juda qiyin masala edi. Zamonaviy va raqobatbardosh texnikalarni sotib olish uchun, albatta, katta mablagʻlar zarur edi. Ajratilayotgan mablagʻlar esa yetarli emasdi. Sodda qilib aytganda, “oʻz yogʻimizga oʻzimiz qovurilib yurardik”.

Nihoyat, soʻnggi yillarda Shavkat Mirziyoyev­ning tashabbusi bilan kon-metallurgiya sohasi yangi rivojlanish va yuksalish davriga qadam qoʻydi. Kombinatni rivojlantirishning 2017 — 2026-yillarga moʻljallangan yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish ­boʻyicha qiymati 3,4 milliard dollar boʻlgan 27 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. “Navoiy kon-metallurgiya ­kombinati” aksiyadorlik jamiyatining ­tashkil topishi chetdan mablagʻlarni jalb etishda ­katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Toshkentda boʻlib oʻtgan birinchi Xalqaro investitsiya forumi doirasida kombinatning investitsiya dasturini moliyalashtirish uchun
1 milliard dollarlik hamkorlik bitimi imzolandi. Shunisi alohida muhimki, bu kredit mablagʻlari davlat kafolatisiz olindi. Bu nimani anglatadi? Demak, xorijlik hamkorlarimiz bugungi kunda Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bardavomligiga ishonmoqda. Ishonch esa oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Uning zamirida Prezidentimiz olib borayotgan ochiqlik va pragmatik siyosat turibdi. Shunday ekan, bugungi kunda har bir ­fuqaro, korxona yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, natija uchun ishlashi ­kerak.

Quvondiq SANAQULOV,

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ

boshqaruvi raisi — bosh direktori, senator.

Munosib hayotga mustahkam zamin

Mamlakat taraqqiyoti darajasi amalga oshirilayotgan qurilishlar bilan ham oʻlchanadi. Shu maʼnoda, bugun mamlakatimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlami tobora kengayib borayotgani diqqatga sazovor. Binobarin, senator, siyosatshunos Qudratilla Rafiqov maqolasida keltirib oʻtilgan Prezident taʼbiriga koʻra, “agar bu (qarz) boʻlmaganida oylik ham, metro ham boʻlmas edi...”

Men Toshkentda tugʻilib, voyaga yetganman. Kasbim quruvchilik. Shu bois azim shahrimizdagi bino va inshootlar tarixini yaxshi bilaman. Qurilish jarayonlarini tahlil qila olaman. Qayd etilganidek, Toshkentdagi koʻp qavatli uylarning aksariyati 1966-yildan keyin qurilgan va ular, asosan, ikki qavatli edi. Keyinchalik ham qurilish ishlari amalga oshirildi. Uylar toʻrt, besh, toʻqqiz, oʻn ikki, oʻn olti qavatli qilib koʻtarildi. Bunda pishiq gʻishtdan foydalanilgani qoʻl keldi. 2018-yildan esa temir-beton panellardan foydalanila boshlandi. Bu, avvalo, qavatlar soni ortishi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchidan, ishlar koʻlami kengayishi bilan chambarchas jarayondir.

2020-yilda poytaxtda qurilayotgan binolarning qavatlari soni keskin oshdi. Vaholanki, bungacha Toshkentda 12 qavatdan ortiq atigi 30 ga yaqin turarjoy binolari bor edi, xolos.

Bundan 4-5 yil avval bizda ham zamonaviy «siti»lar quriladi, osmonoʻpar binolar boʻladi, desa birov ishonmasdi. Ochigʻi, koʻzimiz pastak-pastak inshootlarga oʻrganib qolganigami, buni aksariyat odam tasavvur ham qilolmasdi. Lekin mana, qilsa boʻlarkanku! Bugun nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarda ham zamonaviy shaharchalar bunyod etildi va etilyapti. Masalan, Samarqand viloyatida shu vaqtga qadar balandligi 12 qavatdan yuqori binolar qurilmagan. Oʻtgan 2-3 yil mobaynida Qorasuv mavzesida 16, 15, 14 va 12 qavatli jami 116 ta turarjoy barpo etildi. 2021-yildan eʼtiboran yana 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uy qurilmoqda.

Yoki Andijonni oling. Viloyatda umumiy maydoni 4 ming gektar boʻlgan Yangi Andijon shahri barpo etilyapti. Shaharning 2 ming gektar qismida uy-joylar, ijtimoiy obyektlar, sanoat zonalari, xizmat va servis obyektlari quriladi. Yana qariyb shuncha maydonda yashil hudud barpo etilmoqda.

Umuman olganda, ayni paytda sohada 1,5 millionga yaqin quruvchilar faoliyat yuritmoqda. Tizimdagi korxona va tashkilotlar soni esa 43,3 mingtaga yetgan. Qurilish korxonalari umumiy sonining 56,9 foizi bino va inshootlar, 9,9 foizi fuqarolik obyekt­lari, 33,2 foizi ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarini bajaradi. 2010-yilda qurilish ishlari hajmi 8,2 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich qariyb 100 trillion soʻmdan iborat boʻldi. Haligacha uy-joy qurilishi sohaning lokomotivi boʻlib qolayotganini inobatga ­olsak, odamlarni kichik vatanli qilish, yaʼni ularni qadrlash, munosib hayot kechirishlarini taʼminlash Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mazmun-mohiyatiga aylangan, deyishga asoslarimiz yetarli. Zero, eʼtibor va zarur mablagʻ boʻlmasa, zamonaviy uy-joy va mavzelar qayerdan barpo etilardi?!

Botir ZOKIROV,

Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri.

Biz “yashil iqtisodiyot” yoʻlidan boryapmiz

Avvalo, shuni aytish kerakki, maqolaning “Bugun qarsaklar zamoni emas!”, deya nomlanganining oʻziyoq katta maʼnoga ega. Chindan ham, hozir qilgan ishlarimizga mahliyo boʻlib, oʻzimizni oʻzimiz maqtab oʻtiradigan davr emas. Aksincha, mamlakatimiz, xalqimiz uchun xizmat qiladigan loyihalarni nafaqat ishlab chiqish, balki amaliyotga samarali tatbiq etish juda muhim.

Muallif keyingi yillarda yurtimiz energetika sohasidagi islohotlarni eʼtirof qilarkan, koʻplab shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etilayotgani, bu tashabbuslar istiqbolli ekani, chet el moliya institutlari eʼtirofiga sazovor boʻlayotganini alohida taʼkidlab, jumladan, shunday qiyos qiladi: «holbuki, dunyoda oʻnlab yillar mamlakatida bitta yirik zavod yoki korxona, oddiy toʻgʻon qurishga pul topa olmay sarson boʻlib yurgan davlatlar ham yoʻq emas».

Endi bizdagi raqamlarga eʼtibor bering: Oʻzbekiston energetika tarmogʻini modernizatsiya qilish natijasida 2026-yilgacha davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 29 ta loyiha amalga oshiriladi. Ular qoʻshimcha 71 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi, yiliga 12 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Tasavvur qilyapsizmi? Ham ishlab chiqaramiz, ham tabiiy zaxiramizni tejaymiz.

Yoki boʻlmasa, yaqinda Turkiya Respublikasi ­Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida davlatimiz rahbari Shavkat ­Mirziyoyev bilan birgalikda Qibray tumanidagi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirib, ­Xovos tumanidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab bergani ham tizimdagi ulkan voqealardan biri boʻldi. Nega deganda, Qibraydagi IES quvvati 240 megavatt boʻlib, yiliga 2 milliard kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradi. ­Xovos tumanidagi yangi issiqlik elektr stansiyasi esa 220 megavatt quvvatga ega, unda yiliga 1 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Mana, nima uchun bizga investitsiyalar kerak! Mana, nima uchun tashqi sarmoya muhim?! Ular masalan, elektr energiyasi taʼminotida yangi imkoniyatlar ochilishiga, demakki, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qiladi. Vaholanki, bir paytlar odamlarimiz sut­kasiga 20 — 22 soatlab elektr enegiyasiz oʻtirardi. Bu, albatta, ularning kayfiyatiga juda yomon taʼsir qilardi.

Soʻnggi toʻrt yil mobaynida sohaga investitsiya yoʻnaltirish jarayoni tezlashdi. Xususan, shu vaqt ichida elektr infratuzilmasiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi mustaqillik davridagi jami investitsiyalarning 75 foiziga teng boʻlgani yoki 26 baravar koʻpaygani eʼtirofga loyiq.

Bundan tashqari, 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil iqtisodiyot”­ga oʻtish strategiyasi qabul qilingan. Bu nima ­degani? Bu biz bundan buyogʻiga shamol va quyosh issiqligidan ham samarali foydalanamiz, ­degani. Chunki mintaqadagi joylashuvimiz yirik gidroinshootlar qurish imkoniyatini cheklaydi. Shu bois muqobil manbalardan foydalanishimiz ­zarur.

Oʻzbekiston bu borada yetarlicha kuch va salohiyatga ega. Bugungi qilinayotgan saʼy-harakatlar, sohadagi aniq maqsadli loyihalar bunga sharoit va imkoniyat yaratadi.

Alisher SULTONOV,

Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri.

Bugungi siyosatda dadillik va jasoratni koʻraman

Dunyoning qaltislashib borayotgan maydonida oʻzni yoʻqotmaslik, xalq farovonligi sari tinimsiz harakat uchun ham jasorat kerak. Oʻzbekistonda olib borilayotgan siyosatda men jasoratni koʻraman. Aytish joizki, islohotlarning ayrim jihatlari, yaʼni qarz bilan bogʻliq masalalarning mazmun-mohiyati “Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 18-mart sonida chop etilgan “Bugun qarsaklar zamoni emas!” maqolasida juda keng va tushunarli tarzda tahlil etib berilgan. Xususan, bizning zavod haqida ham mulohazalar keltirilgan.

Darhaqiqat, zavod qurish, qurgandayam texnologiyalarning eng soʻnggi rusumidagisini, hali ayrim rivojlangan davlatlar qurbi yetishi u yoqda tursin, aqlini shoshirib qoʻyadiganini qurish oson emas. Bunaqasi dunyo boʻyicha 6 ta, xolos.

Ochigʻi, bunday gigant korxonani Oʻzbekiston oʻz mablagʻiga qurishi juda qiyinligini yaxshi bilamiz. Aynan shu bois zavodimiz qurilishi bir vaqtlar toʻxtab qolgandi. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, qatʼiy pozitsiyasi bilan noyob zavod barpo etilib, ishga tushirildi. “Tashqi qarz shartmi?” kabi gaplarga mana shuning oʻzi bir misol boʻla oladi.

Bir narsani yaxshi anglab olish kerakki, aslida qarz hammaga ham berilavermaydi. Buning uchun ishonchga kirish lozim. Mamlakatimiz tanlagan yoʻl, olib borilayotgan siyosat xalqaro hamkorlarda qatʼiy ishonch uygʻotib, takliflarga “labbay” deyishlariga asos boʻldi. Zavodimiz misolida aytadigan boʻlsam, Niderlandiyaning “ING Bank«i, Xitoyning Taraqqiyot banki, Janubiy Koreyaning Eksimbanki, shu davlatning Savdo-sugʻurta korporatsiyasi, Rossiyaning «Gazprombank»i, «Roseksimbank»i singari moliya institutlari bizni qoʻllab-quvvatladi. Yaʼni loyihaning umumiy qiymati 3,42 mlrd. dollar boʻlsa, shuning 1,12 mlrd. dollari ­“Oʻzbekneftgaz” AJniki, qolgan 2,3 mlrd. dollari tashqi qarz.

Tashqi qarzdan qutulish masalasiga kelsak, qurilishga sarflangan mablagʻ tezda oʻzini oqlaydi. Sababi, avval gazning oʻzi xom ashyo sifatida sotilgan boʻlsa, endilikda qoʻshimcha qiymat yaratilyapti. Yaʼni gazni qayta ishlash hisobiga yiliga 724 ming tonna sintetik dizel yonilgʻisi, 307 ming tonna sintetik kerosin, 437 ming tonna sintetik nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gazdan tashqari chiziqli aksilbenzol, chiziqli aksilbenzol sulfanat, geksen-1, buten-1 sintetik moylari, parafin granulalari hamda boshqa mahsulotlar ham olinadi. Bular yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish imkonini beradi. Demak, ish oʻrinlari yanada koʻpayadi. Bundan tashqari, gazning oʻzini xom ashyo sifatida sotganga qaraganda 2,5 barobar koʻp foyda olinadi.

Qisqasi, Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur loyiha rentabelligiga xalqaro hamkorlar ishonchi kuchli. Bu esa kelgusida qilinajak loyihalarni moliyalashtirish uchun ham imkoniyatlarni keng ochib beradi.

Faxritdin ABDURASULOV,

Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” MCHJ bosh direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?