Tashkilotlarga ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish tartibi belgilandi

12:27 14 Avgust 2023 Jamiyat
324 0

Ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi namunaviy nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3451, 14.08.2023-y.).

Namunaviy nizomda ishga qabul qilish chogʻida tanlovni tashkil etish
va oʻtkazish hamda nomzodlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi belgilangan.

Xususan, ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish uchun tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan doimiy faoliyat yuritadigan tanlov komissiyasi tashkil etiladi.

Tanlov komissiyasi tarkibi tashkilotning xodimlari va tegishli sohaning malakali mutaxassislari orasidan kamida besh kishidan iborat va toq sonli tarkibda shakllantiriladi.

Tanlov komissiyasi tomonidan tanlov tadbirlari oʻtkazilishidan kamida bir oy oldin tashkilotning rasmiy veb-saytida boʻsh (vakant) ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlar hamda tanlov oʻtkazish joyi va kunlari, tanlov tadbirlarida berilishi mumkin boʻlgan savollarning namunaviy roʻyxati joylashtiriladi.

Nomzodlar Tanlov komissiyasiga mazkur Namunaviy nizomning ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Tanlov komissiyasi tomonidan nomzodning arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida unda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrganib chiqiladi.

Tanlovda qatnashish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan nomzodlarga tanlov tadbirlari boshlanishidan besh kun oldin tanlov tadbirlarining boshlanish vaqti va joyi haqida Tanlov komissiyasi tomonidan xabar beriladi.

Nomzodning ish tajribasi va kasbiy kompetetsiyasini aniqlash uchun Tanlov komissiyasi tomonidan test, suhbat va amaliy mashgʻulot sinov tadbirlarining barchasi yoki ulardan biri oʻtkazilishi mumkin.

Tanlov tadbirlarini oʻtkazish vaqtida nomzodning natijalari (tanlov natijalari) ballik tizimda baholanadi.

Tanlov tadbirlari faqat test sinovlari boʻyicha oʻtkazilgan taqdirda nomzodning natijalari 100 ballik tizimda baholanadi. Bunda, test savollari 50 tani va har bir toʻgʻri javob 2 ballni tashkil qiladi.

Tanlov tadbirlari faqat suhbat va amaliy mashgʻulot shaklida oʻtkazilgan taqdirda nomzodning natijalari 5 ballik tizimda baholanadi.

Tanlov natijasiga koʻra eng yuqori ball toʻplagan nomzod tanlov gʻolibi hisoblanadi va u boʻsh (vakant) ish oʻrni mavjud boʻlgan taqdirda ishga qabul qilinadi.

Maʼlumot uchun: Namunaviy nizom talablari ishga qabul qilish uchun tanlov oʻtkazish tartibi alohida qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?