«Tashabbusli byudjet» – fuqarolar faolligining yorqin namunasi

16:33 17 Mart 2023 Jamiyat
305 0

Foto: Xalq so‘zi

Fikr erkinligi tafakkurni yuksaltirib, insonning yurt istiqboliga boʻlgan daxldorlik tuygʻusini tarbiyalaydi. Shu maʼnoda «Tashabbusli byudjet» ham mahalliy byudjet mablagʻlarining aholi tomonidan ovoz berish orqali yoʻnaltirilishida, qolaversa, xalq irodasini sinovdan oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat byudjeti departamenti direktori Sherzod Muhammedov, vazirlikning davlat byudjeti boʻlimi boshligʻi Azimjon Hasanov ishtirokida OAV xodimlari uchun oʻtkazilgan matbuot anjumanida aynan «Tashabbusli byudjet» loyihasi uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlar, ovoz berish jarayonida amalga oshiriladigan yangiliklar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

Anjumanda taʼkidlanganidek, «Tashabbusli byudjet» loyihasi boʻyicha joriy yil birinchi mavsumi doirasida taklif kiritish jarayonlari yakunlanib, hozirda shahar va tuman ishchi komissiyalari tomonidan moderatsiya jarayoni amalga oshirilayotir.

Eʼtiborlisi, birinchi mavsum doirasida fuqarolar tomonidan 55,9 mingta loyiha kelib tushgan. Hududlar kesimida eng koʻp loyiha Surxondaryo viloyatida boʻlib, bu 9,5 mingtani, Qashqadaryo viloyatida 6,2 mingta, Toshkent shahrida 5,6 mingta va Xorazm viloyatida 5,1 mingtani tashkil etmoqda. Hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash eng koʻp qayd etilgan boʻlib, fuqarolar ushbu yoʻnalish boʻyicha 14,7 mingta loyihani ilgari surishgan. Bu umumiy loyihalar sonining 26 foiziga teng.

Shu bilan birga aholi umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash va jihozlash boʻyicha 10 mingta, koʻcha chiroqlarini oʻrnatish hamda elektr energiya taʼminoti bilan bogʻliq 6,3 mingta, maktabgacha taʼlim hamda sogʻliqni saqlash tashkilotlarini taʼmirlash va jihozlash yuzasidan tegishlicha 4,4 mingta va 3,1 mingta loyihani ilgari surgan.

Tadbirda jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirish uchun 2023 yilda byudjetdan jami 8 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi aytildi. Shundan 2 trln. soʻm «Tashabbusli byudjet» jarayonlari uchun, 320 mlrd. soʻm «Mening yoʻlim» loyihasi doirasida shahar va tuman byudjetlaridan ajratilishi moʻljallanmoqda. Shuningdek, 4 trln. soʻm «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirish uchun sarflanadi.

Bundan tashqari joriy yilda mahalliy byudjetlar qoʻshimcha manbalarining 30 foizi hisobiga 1,7 trln. soʻm miqdoridagi mablagʻ fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.

Faxriddin BOZOROV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер