Tashabbus yoʻq joyda taraqqiyot boʻlmaydi

20:13 01 May 2021 Siyosat
885 0

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo iqtisodiyoti, insonlarning turmush tarzi va farovonligiga juda katta salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Prezidentimiz rahbarligida har hafta videoselektor tarzidagi yigʻilishlarda rahbarlarning shaxsiy masʼuliyati, daxldorlik tuygʻusi va javobgarlik hissini oshirish boʻyicha jiddiy muhokamalar oʻtkazilyapti.

Ayni jarayonda yurtimizdagi har bir oila, inson hayoti eʼtibordan chetda qolmasligi uchun «mahallabay» ishlash tizimi yaratildi. Amaldagi qonunchilik meʼyorlari shunga muvofiq takomillashtirildi, yangitdan huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ammo shunga qaramay, hamon hududlarda belgilangan vazifalar mushtarak maqsad yoʻlida oʻzaro muvofiqlashtirilgani yoʻq. Toʻrtta sektor rahbarida fidoyilik koʻrsatish, tashabbuskorlik yetishmaydi. Mahalliy hokimlik, deputatlar hamda tegishli masʼul idoralar rahbarlari ijtimoiy sheriklikni yoʻlga qoʻymay, oʻz bilganicha ish yuritib kelmoqda.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida boʻlib oʻtgan xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi, mahalliy Kengashlar deputatlari, toʻrtta sektor, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda bu borada belgilangan vazifalar ijrosi tahliliy-tanqidiy ruhda oʻrganildi.

Maʼlumki, shu yilning 12-17-aprel kunlari Oliy Majlis Senati ishchi guruhi Fargʻona viloyatida «mahallabay» tizimida asosida “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar bilan ishlash, bandligini taʼminlash, yashash, uy-joy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha sektorlar kesimida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni oʻrgangan edi.

— Ishchi guruhining oʻrganish xulosalarini joyida oʻrganish maqsadida uch kun mobaynida Qoʻshtepa, Toshloq, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida boʻldim,-dedi Tanzila Norboyeva. – Uchta daftar roʻyxatiga kiritilganlar bilan ishlash borasida Fargʻonada tizim yaratilgan, lekin sektorlar rahbarlari, deputatlarda faollik yetishmayapti.

Yigʻilishda tosh-shagʻal yerlarda issiqxonalar tashkil etishda Oltiariq tajribasi, mahallada kichik sanoat korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyishda Toshloq tumani yutuqlari, viloyatda 13 ta hududda Hunarmandlar markazlari barpo etish, kichik va yoshlar sanoat zonalariga katta eʼtibor qaratilayotgani alohida eʼtirof etildi. Ammo viloyatning aksariyat tumanlarida kam taʼminlangan qatlamni uy-joy bilan taʼminlash, ijtimoiy uylar tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish, ijtimoiy sohalardagi muammolarni hal etishda sustkashliklarga yoʻl qoʻyilayotgani keskin tanqid qilindi.

Tijorat banklari, tibbiyot sohasi faoliyatidan odamlar mutlaqo norozi boʻlmoqda. Misol uchun, Qoʻshtepa tumanida tadbirkorlikni boshlash niyatida kredit soʻragan 900 nafar hamyurtimizning 841 nafariga (93 foiz) kredit berilmagan. Viloyatda tugʻish yoshidagi ayollarning bor-yoʻgʻi 24 foizi tibbiy koʻrikka jalb etilgan. Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni davolash koʻrsatkichi juda past, tibbiyot muassasalarida zamonaviy jihozlar yetishmaydi. 2021-yili viloyatda baʼzi koʻrsatkichlar boʻyicha jinoyatchilik soni, oilaviy ajrimlar oshib ketgan. Mahalliy byudjet mablagʻlarini tasarruf etishda deputatlik va jamoatchilik nazorati sezilmayapti.

— Sektorlar kesimida bajarilishi kerak boʻlgan ishlarni oʻzaro muvofiqlashtirish talab darajasida emas,-dedi Yuqori palata raisi. – Vaholonki, masʼullar joriy yilning 1-sentyabr holatiga viloyatda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar qolmasligiga vaʼda berishgan. Ahvol shu tarzda davom etsa, davlatimiz rahbari oldida uyalib qolishimiz aniq.

Yigʻilishda Buvayda, Qoʻshtepa, Uchkoʻprik, Fargʻona, Toshloq, Beshariq, Oʻzbekiston, Rishton singari bir qator tumanlarning sektor rahbarlari faoliyatida yoʻl qoʻyayotgan kamchiliklari uchun jiddiy ogohlantirildi. Shu yilning birinchi yarmi yakunida koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

— Shahar-tumanlar, sektorlar rahbarlari bugungi tanqidlardan tegishli xulosa chiqarib olishi kerak,-dedi Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. – Shuningdek, tijorat banklari, bandlik, tibbiyot, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim boshqarmalari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari masʼullari islohotlar jarayonining shunchaki kuzatuvchisi emas, balki faoli, fidoyisi boʻlishi zarur.

Yigʻilishda shahar-tuman studiyalaridan qatnashgan sektorlar rahbarlari bilan onlayn muloqotlar oʻtkazilib, bundan buyon aniq maqsad va reja asosida ish tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?