Tarixiy obidalardagi bitiklar haqida soʻzlovchi muazzam toʻplam

19:51 08 Aprel 2024 Jamiyat
171 0

Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatida “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomi nashr etilishi munosabati bilan media-ivent boʻlib oʻtdi. Unda loyiha muallif va tashkilotchilari, tarixshunos olimlar, davlat tashkilot, vazirlik, idoralari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashishdi.

Tadbir avvalida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, loyiha va tashabbuslar haqida soʻzlovchi lavha mehmonlar eʼtiboriga havola etildi.

Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida madaniy merosni oʻrganish, asrab-avaylash va ommalashtirish masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani, xususan, “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi ham jamiyat faoliyatining muhim yoʻnalishi ekanini taʼkidladi.

— Oʻzbekiston nihoyatda boy tarixiy-madaniy merosga ega mamlakat, ular orasida epigrafika yodgorliklari alohida oʻringa ega, — dedi professor, islomshunos va tarixchi Baxtiyor Bobojonov. — Ushbu 20 jilddan iborat toʻplamda yigʻilgan qimmatli maʼlumotlar millatimiz xazinasini ilmiy jamoatchilik va xalqimizga tanitishdagi yakdil qadam, desak adashmaymiz. Bu kitoblar ustida koʻplab olim va tarixshunoslar, tilshunoslar ish olib borishdi. Davlatimiz rahbarining qoʻllovi, jonkuyar olimlarimiz saʼy-harakati natijasi kitob bugun qoʻlimizga yetib keldi. Bu kitoblar ishimizning debochasi xolos, hali yana izlanish va oʻrganishda davom etamiz.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston bugungi kunda epigrafik yodgorliklarning miqdori va noyobligi boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchi mamlakat hisoblanadi, bu bitiklarning aksariyati ilgari oʻrganilmagandi. Taqdim etilgan kitob-albomlar yirik loyihaning birinchi bosqichi yakunini oʻzida mujassam etgan boʻlib, keyingi jildlarda Oʻzbekistonning barcha obidalaridagi oʻrganilmagan bitiklarini qamrab olish rejalashtirilgan.

Tadbir yakunida toʻplamlarni begʻaraz tarqatish uchun tegishli tashkilotlar, vazirlik va idoralarga sertifikatlarni topshirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер