Tarixi ham, taqdiri ham oʻzaro tutash ikki millat

18:37 11 Iyun 2021 Siyosat
390 0

Bugun xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Maʼlumki, Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, tojik va oʻzbeklar azaldan qardosh, biri-biri bilan doʻst va hamkor xalqlar hisoblanadi. Zero, bu ikki millat nafaqat geografik jihatdan qoʻshni, balki tarixi va taqdiri ham oʻzaro tutashib ketgan.

Tarixiy doʻstlik va birodarlik rishtalari keyingi bir necha yilda yana-da mustahkamlandi, desak ayni haqiqat. Bu borada, ayniqsa, Yurtboshimiz siyosiy irodasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, u kishi Prezidentlik vakolatiga kirishishi bilan qoʻshni davlatlar, jumladan, Tojikiston bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash yoʻlini tanladi.

Xabaringiz bor, shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikistonda boʻlib turibdi. Albatta, bu tashrif ham davlatlarimiz aloqalarini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi.

Bu galgi tashrifdan kutilayotgan natijalar haqida toʻxtalishdan oldin davlatlarimizning hamkorlik borasida qoʻlga kiritgan yutuqlarini yana bir bor yodga olsak oʻrinli boʻladi. 2017-yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida 8 marotaba ikki tomonlama uchrashuvlar boʻldi, Prezidentlarimiz xalqaro doiradagi tadbirlarda ishtirok etdi. Jumladan, 2018-yil 9-10-mart kunlari Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan boʻlsa, shu yili 17-18-avgust kunlari Tojikiston Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi uyushtirildi. 2018-yil 27-28-sentyabr kunlari Prezidentimiz MDH Davlat rahbarlari kengashi sammiti doirasida, 2019-yil 14-15-iyun kunlari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari yigʻilishida ishtirok etish maqsadida Tojikistonga amaliy tashrif bilan bordi. Shu bilan birga, Tojikiston Prezidenti 2019-yil 29-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning 2018-yil avgust oyida mamlakatimizga ilk tashrifini alohida tilga olish oʻrinli. Oʻshanda ikki davlat delegatsiyalari oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va boshqa muhim sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilingan va ushbu hamkorlikning samarasi oʻlaroq, Oʻzbekiston hamda Tojikiston davlatlari oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Bu oʻzaro munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi, desak sira mubolagʻa emas. Muzokaralar davomida 28 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolangani ham shundan dalolat berib turibdi.

Bu, albatta, hammasi emas. Oʻtgan qisqa davr mobaynida ikkala davlat rahbarlari oʻrtasida juda koʻplab uchrashuvlar, telefon orqali muloqotlar, mamlakatlar hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlar oʻrtasida oʻzaro delegatsiyalar almashinuvlari amalga oshirildi. Muhimi, bu ezgu anʼana tobora jadal tus olmoqda. Shular asosida aytish mumkinki, bu hamkorlik ikki davlat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga javob beradigan, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik hamda rivojlanishni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Ikki qardosh xalqning koʻp asrlik doʻstligiga asoslangan munosabatlar keyingi yillarda sifat jihatidan yuqori darajaga koʻtarildi. Bugunga kelib Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa sohalardagi 70 dan ortiq kelishuvlar imzolangani, ikkala davlatda ham koʻplab qoʻshma korxonalar faoliyat yuritayotgani, ishbilarmonlar oʻrtasida amaliy aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida biznes-forumlar oʻtkazilayotgani xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarining oʻziga xos koʻrsatkichlaridir.

Soʻnggi yillarda ikki xalq oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar faollashganini ham taʼkidlash zarur. Ikki davlat poytaxtlarida milliy madaniy markazlar ochildi. Bizda tojik, u yoqda esa oʻzbek tiliga ixtisoslashtirilgan maktablar samarali faoliyat olib boryapti. Ikki tilda chop etiladigan gazetalar faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Adabiyot va sanʼat ahli oʻrtasida ijodiy safarlar, konsert, koʻrgazma va turli anjumanlar hamda madaniyat kunlari tashkil qilinmoqda.

Boshqa sohalarda boʻlgani kabi davlatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro savdo almashinuvida ijobiy oʻsish kuzatilayotgani ham barchamizni mamnun etadi. Pandemiyaga qaramay, oʻtgan yilda savdo aloqalari izchillik bilan davom ettirildi. Oʻzaro tovar yetkazib berish hajmi xizmatlarni hisobga olmaganda, keyingi ikki yilda 10 barobarga koʻpaydi. Bunda transport vositalari va xizmatlari, toʻqimachilik va plastmassa mahsulotlari hamda maishiy texnika vositalari asosiy oʻrinni egalladi.

Qishloq xoʻjaligi texnikalarini yigʻish, qurilish materiallari, tayyor toʻqimachilik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvlar ham amalga oshirilmoqda. Energetika sohasidagi hamkorlik mustahkamlanyapti. Oʻzbekiston Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib bermoqda, Tojikistondan elektr energiyasi sotib olish hajmi ortmoqda.

Soha mutaxassislarining fikricha, oʻtgan yili koronavirus pandemiyasi davrida ham Oʻzbekiston va Tojikiston MDH davlatlari orasida eng yuqori iqtisodiy koʻrsatkichga erishgan boʻlib, bu ham mamlakatlarimizning oʻzaro manfaatli aloqalarining oʻziga xos natijasidir.

Prezidentimizning bu galgi tashrifi davlatlararo aloqalarni yangi strategik darajaga olib chiqadi va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, deyish uchun barcha asoslar bor. Buni davlat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari davomida Prezidentimiz tomonidan aytilgan: “Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan beqiyos ishlarni amalga oshirdik va ular oʻzaro munosabatlarimiz solnomasidan oʻrin oldi”, degan eʼtirofi misolida ham sezish qiyin emas.

Umuman, muzokaralarda tomonlar strategik sheriklikni kengaytirishda qatʼiy ekani va bu borada aniq choralarni koʻrishga tayyorligini bildirdiki, shuning oʻziyoq Oʻzbekiston va Tojikiston munosabatlarida mutlaqo yangi davr boshlanayotganligini bildiradi.

Gavhar ALIMOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?