Taraqqiyotning yagona toʻgʻri yoʻli

Foto: “Xalq soʻzi”
Intellektual rivojlanish va yuqori darajali bilimdonlik — islohotlarning yangi davridagi bosh qadriyatlar
Yoshlarning intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirish, chuqur bilimlarga ega boʻlgan, vatanparvarlik hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan yangi avlodni shakllantirish islohotlarning hozirgi bosqichida Oʻzbekistonning kelajagi bilan bogʻliq eng muhim vazifalardan biridir.
Zamonaviy bilimlar va eng ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirgan avlodgina oʻz Vatanini jadal surʼatlar bilan rivojlantira oladi. Davlatimiz oʻsib kelayotgan avlodni aynan shunday tasavvur qiladi, demakki, barcha orzu-umidlarini u bilan bogʻlagan holda yoshlarning har tomonlama kamol topishi uchun kuch va mablagʻni ayamaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masalaning oʻta muhimligini, maktab taʼlimini rivojlantirish “hayot va mamot masalasi” ekanligini qayd etib oʻtgani bejiz emas. Davlat rahbari taʼkidlaganidek, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʻq va qanchalik qiyin boʻlmasin, biz bu muammolarni yechishimiz shart. Maktab taʼlimini rivojlantirish uchun barcha eʼtibor va resurslarni yoʻnaltiramiz. Bu yoʻl murakkab boʻladi, ammo faqat ugina barcha muammoni hal eta oladi. Oʻz navbatida, maktablar faoliyatini yaxshilash nafaqat taʼlim vazirligining, balki barcha vazirlik va idoralar, hokimiyatlar, ilmiy muassasalar, ziyolilar va keng jamoatchilikning vazifasidir.
Partadan — binogacha
Xoʻsh, taʼlim tizimida qanday kamchiliklar bor ediyu, bu sohadagi islohotlarga nima xalaqit berardi?
Avvalo, kichik yoshdagi bolalarni bogʻchalarga qamrab olish koʻrsatkichi past edi. Maktab taʼlimi ham inqiroz yoqasiga kelib qolgandi. Kollejlarni bitirib chiqayotgan yoshlar mehnat bozorida raqobatlashishga tayyor emasdi. Universitet va institutlarning ahvoli qoniqarli boʻlmasada, ularga kirish uchun tanlov hatto bir oʻringa ikki xonali songacha yetar edi. Professor-oʻqituvchilarning maoshi juda past ekanini, oʻquvchi, talaba va pedagoglar majburiy mehnatdan charchashganini, ustoz-muallimlarning jamiyatdagi maqomi va obroʻsi tushib ketganligini aytmasa ham boʻlardi.
Oʻz-oʻzidan ravshanki, bunday muammolarni hal etish uchun katta miqdordagi mablagʻ va qatʼiy saʼy-harakatlar talab qilinardi. Va bu mablagʻlar ajratildi, tizimni isloh etishga qaratilgan ishlarga jadallik bilan kirishildi. Davlat rahbarining irodasi bilan taʼlim sohasi uchinchi Renessans poydevorini barpo qilishda ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilandi.
Avvalo, oʻqituvchilar va oʻquvchilardan majburiy mehnat boʻyinturugʻi olib tashlandi. Sir emaski, yaqin-yaqingacha pedagoglar va maktab oʻquvchilari deyarli toʻrt oy davomida paxta terimi hamda boshqa dala ishlariga jalb qilinardi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, bir oyda 80 soat dars berishi kerak boʻlgan bir oʻqituvchi toʻrt oyda 320 soatni oʻta olmas edi, oʻquvchi esa shu davrda 544 soat dars davomida olishi kerak boʻlgan bilimlardan mosuvo boʻlardi. Endi hisoblang: oʻn bir yil davomidachi? Yuqori sinflarda oʻquv dasturini egallash uchun ajratilgan 8,5 ming soat darsdan 3 ming soatga yaqini yoki deyarli 30 foizi dalada oʻtar edi.
Boshqacha aytadigan boʻlsak, maktab oʻquvchisi belgilangan 11 yil oʻrniga aslida 7 yil oʻqir edi. Prezidentimizning prinsipial pozitsiyasi tufayli ana shunday salbiy holatlar oʻtmishda qoldi.
Ijobiy oʻzgarishlar sirasiga pedagoglar maoshi oshirilganini ham kiritish mumkin. Taʼlim tizimida birdamlik, hamjihatlik tamoyillari shakllandi. Maktablarning moddiy-texnika bazasi yaxshilandi. Prezident qaysi viloyatga tashrif buyurmasin, taʼlim muassasalariga bordi. Oʻqituvchilar bilan suhbatlashib, muammolarni aniqladi va ularni hal etish yoʻllarini muhokama qildi. Sohada koʻp yillar mehnat qilgan faxriylarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha katta ishlar amalga oshirildi.
Umuman, taʼlim sohasida keng koʻlamli ishlar olib borildi. Ularning natijasi oʻlaroq bolalarni tugʻilganidan to voyaga yetguniga qadar har tomonlama va uzluksiz qoʻllab-quvvatlash, hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish boʻyicha samarali tizim yaratildi.
Davlatimiz rahbari taʼlim masalalariga bagʻishlangan yigʻilishlarni muntazam ravishda oʻtkazib turadi va ularda sohadagi mavjud muammolarni hal etish boʻyicha tanqidiy ruhdagi muhokamalar boʻladi. Butun mamlakat boʻylab 10 ming 130 ta maktabning har birini yanada takomillashtirish masalalari koʻrib chiqiladi. Negaki, yurtimizdagi 6 milliondan ziyod oʻquvchilar va 500 mingdan ortiq oʻqituvchi, jamiyatimizning barcha qatlami vakillari, har bir oilaning kelajagi shunga bogʻliq.
Bundan bir yil avval 1 ming 695 ta maktab kapital taʼmirga muhtoj, 179 tasi paxsa devordan qurilgan holatda boʻlgan, 3 mingtadan ortigʻiga qoʻshimcha oʻquv xonalari kerak edi, 2 mingtasida esa sport zallari mavjud emasdi. Taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari toʻliq qayta koʻrib chiqilishi zarur edi. Negaki, ular oʻquvchilarning faqat nazariy bilimlarnigina olishiga yoʻnaltirilgan boʻlib, mantiqiy fikrlashga, bilimlarni amalda qoʻllashga oʻrgatmasdi, yaʼni mustaqil hayotga tayyorlamas edi.
Pedagoglarning malakasini oshirish ham dolzarb masala boʻlib qolaverdi: 504 ming nafar oʻqituvchidan 60 ming nafari oʻrta maxsus maʼlumotga ega edi, 190 ming nafarining esa malaka toifasi yoʻq edi. Boz ustiga, maktablar faoliyatiga baho berish, ularni sertifikatlash va akkreditatsiyadan oʻtkazish ham nomiga bajarilar edi. Tizimning ana shunday qotib qolganligi natijasida ayrim oʻqituvchilar darsni yaxshi, sifatli oʻtishga emas, balki faqat koʻproq dars soati olishga harakat qilardi. 200 dan ortiq hisobot topshirish talab qilinib turganda oʻqituvchi qachon oʻz ustida ishlashi mumkin, axir?! Dars faqat bir xil qolipda oʻtilaveradida.
Prezident darslikdan tortib to taʼlim uslubiyotigacha, partadan tortib to maktab binosigacha — barchasini toʻliq qayta koʻrib chiqish topshirigʻini berdi. Buning uchun butun diqqatni jamlash talab etildi, chunki jamiyatdagi barcha oʻzgarish va islohotlar aynan sifatli taʼlim uchun sharoit yaratishga bogʻliq edi. Qator tavsiyalar ham berildi, yaʼni xorijiy tajriba asosida uslublarni ishlab chiqish, xorijlik mutaxassislarni jalb etish, noyob pedagogik tajribaga ega va ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etgan yuqori toifali muallimlarni, shuningdek, yuksak natijalarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirishga daʼvat etildi.
Pedagogika oliy taʼlim muassasalarida ham talabalarning amaliy koʻnikmalarni egallashiga yordam beruvchi chora-tadbirlar boʻyicha tashabbus kiritildi. Oʻquv yuklamasi va dars soatlarini qayta koʻrib chiqish, eskirgan metodika oʻrniga bolalarni fikrlashga undovchi uslubiyotni joriy etish, darsliklarni ham ilgʻor tajriba asosida toʻliq yangilash kabi topshiriqlar berildi.
Sinflarda oʻquvchilarning soni ham mavjud oʻrinlarga nisbatan koʻp edi va bunday holatda sifatli taʼlim haqida gapirishning oʻzi ortiqcha edi. Shuningdek, sinfxonalarni kompyuterlar bilan taʼminlash va imtiyozli shartlarda katta tezlikdagi internetga ulash masalasi alohida bandlarda belgilandi. Ana shunday yangilanish va tezkor islohotlar endi maktab direktorlarini tanlash va lavozimga tayinlash tizimini, ularning layoqati va qayta tayyorgarlikdan oʻtishini koʻrib chiqish zarurligini koʻrsatdi. Endi ularga yangi Oʻzbekiston ruhida ishlash va harakat qilish tavsiya etildi. Aynan shu kabi chora-tadbirlar farzandlarimizni zamon ruhiga mos holda kamol toptirishga imkon yaratadi.
Kreativ, mustaqil shaxs
Xoʻsh, vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirgan islohotlar nimalardan iborat boʻldi?
Avvalo, taʼlimning birinchi qadami boʻlmish maktabgacha taʼlim yoʻnalishidagi ishlar qayta koʻrib chiqildi. Buning uchun bolalar bogʻchalari kichkintoylar bilim olishni boshlaydigan, oʻqish va yozishni oʻrganadigan, atrofdagi olam bilan tanishadigan maskanga aylanishi kerak edi.
2019-yili qabul qilingan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonun davlatimizning shu boradagi maqsadlarini aniq ifodalab berdi. Bundan koʻrinib turibdiki, maktabgacha taʼlim tashkiloti endi shunday dargohga aylandiki, u yerda bola nafaqat dastlabki bilimlarni oladi, balki tarbiyalanadi ham. Bu esa yanada katta masʼuliyatni koʻzda tutadi.
Yangi tizimning muvaffaqiyati sifatida shuni keltirish mumkinki, kichik yoshdagilarni bolalar bogʻchalari bilan qamrab olish koʻrsatkichi 4 baravarga ortdi. Shuningdek, xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻi jadal rivojlana boshladi.
Maktablar haqida aytadigan boʻlsak, bu yoʻnalishda 2022 — 2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dastur qabul qilindi. Ilk bor boshlangʻich sinflarda fanlarni oʻzlashtirish darajasini baholash boʻyicha ilgʻor xalqaro dasturlar joriy etildi.
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oʻnlab yangi maktablar qurildi, yuzlab taʼlim maskanlari kapital rekonstruksiya qilindi, qoʻshimcha binolar, sport zallari va maydonchalari barpo etildi. Oʻquvchilar uchun minglab yangi jihozlar toʻplamlari ajratildi. Koʻpgina maktablar yangilangan infratuzilma, jumladan, zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan sinflarga ega boʻldi. Qator maktablarda ilgari uyda oʻqishga majbur boʻlgan nogironligi bor bolalar uchun ham imkoniyatlar yaratildi.
Oʻqituvchilarning oʻzlari ham ortiqcha yuklamalardan xalos boʻlib, oʻz kasbiy mahoratini takomillashtirish uchun imkon topishdi. Maxsus sinovlardan oʻtib, oʻz malaka toifasini koʻtarib olishdi. Bu esa, albatta, oʻqitish sifatini yaxshilashga xizmat qilib, nostandart uslubiyot vositasida bolalarning diqqatini tortishga yordam beradi.

Keyingi yillarda maktabni bitirayotgan yigit-qizlarga qoʻyiladigan talablarga aniqlik kiritildi. Yangi Oʻzbekistonda endi maktab bitiruvchisi keng dunyoqarashga ega boʻlishi, kreativ fikrlash, mustaqil qaror qabul qila olish kabi zamonaviy koʻnikmalar va axborot texnologiyalarini egallagan shaxs boʻlishi kerakligi haqida talab shakllandi.
Bunga erishish uchun esa taʼlim tizimida boshlangan islohotlarni davom ettirib, mantiqiy yakuniga yetkazish lozim. Shu bois ham ushbu soha butun jamiyatning diqqat markazida boʻladi. Hozir biz yashab turgan davrda dunyo jiddiy raqobat maydoniga aylangani uchun ham bu gʻoyat muhimdir. Ushbu maydonda mustahkam turish va rivojlanish uchun esa faqat bilim bilan qurollanish, ilm-fanni egallash, intellektual salohiyatni ishga solish zarur.
Davrimizning talabini hisobga olgan holda Oʻzbekistonda butunlay yangicha — ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi yaratildi. Yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashlari uchun yuzlab taʼlimiy inshootlar, IT-parklar qurilmoqda. Prezidentimiz niyatiga koʻra, bu ishlarning barchasi yangi Beruniylar, Xorazmiylar, Ibn Sinolar va Fargʻoniylar yetishib chiqishi, jonajon Vatanimiz rivojlangan, erkin va gullab-yashnayotgan zamonaviy davlat sifatida xalqaro maydonda yana ham munosib oʻrin egallashi maqsadida roʻyobga chiqarilmoqda.
Bu oʻzgarishlar xorijiy hamjamiyatning nigohidan chetda qolayotgani yoʻq. Misol uchun, ispan tilidagi “El Mundo Financiero” xalqaro onlayn-nashrida “Taʼlim sifatini oshirish — yangi Oʻzbekiston rivoji uchun yagona toʻgʻri yoʻl” sarlavhali maqola chop etildi. Unda taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda mamlakat yanada taraqqiy etishi uchun kelgusi avlod sifatli taʼlim olishi kerakligini yaxshi tushunishadi. Oʻzbekistondagi taʼlim islohotlari tizimning nafaqat mazmunini, balki uning tarkibini ham tubdan oʻzgartiradi. Bunda barcha darajalar, tarkibiy qismlar va yoʻnalishlar oʻzgaradi. Taʼlim sohasidagi islohotlarning ustuvor jihati — investitsiyaviy mablagʻlarni koʻpaytirish boʻlib, ular aqliy rivojlangan va yuqori darajadagi bilimdonlik bilan ajralib turuvchi yangi insonni kamolga yetkazishga xizmat qiladi.
“Boshqa mamlakatlar bilan raqobatlashish uchun Oʻzbekistonda taʼlim jarayonining sifatini yaxshilash rejalashtirilmoqda, — deb yoziladi ispan ommaviy axborot vositasida. — Faqat kuchli va aqlli kadrlargina davlatni istiqbolda rivojlantira oladi”.
Uygʻonishning toʻrt ustuni
Maʼrifat sohasidagi islohotlar yoʻli, mohiyatan, oʻz ildizlariga qaytish demakdir. Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan bizning oʻlkamiz qadim zamonlardan buyon yuksak tamaddun va madaniyat oʻchoqlaridan biri, ilm-fan rivojining markazi boʻlib kelgan. Xalqimizning boy ilmiy va madaniy merosi, qadimiy qoʻlyozmalar, beqiyos meʼmoriy obidalar, noyob manuskript va artefaktlar ana shundan dalolat beradi.
IX — XII asrlarda Markaziy Osiyo hududini ilm-fan nuri yoritdi va bu bilan oʻlkamizda birinchi Uygʻonish davri boshlanib, qator olimlar maydonga chiqdi. XV asrda esa Amir Temur asos solgan buyuk saltanat mashhur fan arboblarini yetishtirdi. Har ikki Uygʻonish davrida xalqimiz oʻzining yuksak salohiyati tufayli taraqqiyotning yuqori choʻqqisiga koʻtarila oldi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bunga erishish uchun olimlar jaholatga qarshi kurashda maʼrifat bayrogʻini koʻtarib, oʻzlarining aqliy va maʼnaviy salohiyatlarini insoniyatning ilmiy yutuqlarini oʻrganish va boyitishga qaratdilar.
Uchinchi Uygʻonish davrining shakllanish jarayonida esa maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi, oliy va oʻrta-maxsus taʼlim, ilmiy va madaniy muassasalar kelgusi Renessansning toʻrtta oʻzaro bogʻliq boʻgʻinlari, deb aytildi. Bu ishda asosiy ustunlar — bolalar bogʻchalarining tarbiyachilari, maktab oʻqituvchilari, oliy taʼlimdagi professor-oʻqituvchilar hamda ilmiy va ijodkor ziyolilardir. Aynan shu pedagoglarga eng qimmatli boyligimiz — farzandlar kelajagi ishonib topshirilgan.
Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼkidlanishicha, birinchi navbatda, eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi. Ayni chogʻda, maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalardan biri boʻladi.
Shu bois ham mamlakatni taraqqiyot sari olib boradigan avlodni tarbiyalash uchun qoʻyiladigan talablar juda yuqori. Boshlangʻich sinflar uchun darsliklarning sifati masalasi umummilliy Murojaatnoma darajasida qoʻyildi. Ochiq aytildiki, maktablarda berilayotgan taʼlim va tarbiya sifati, oʻqituvchilarning bilimi va mahorati talab darajasida, deb boʻlmaydi. Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarni puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishidan tashqari, ularning kasb-hunarlarga, sanʼat va madaniyatga qiziqishini yanada kuchaytirishimiz lozim.
Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir, deyildi Murojaatnomada. Shunday ekan, sohada boshlangan islohotlarni davom ettirish, taʼlim muassasalariga borish, oʻqituvchilar bilan tez-tez uchrashib, mavjud muammolarni birgalikda hal qilish, ularning taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha gʻoyalarini amalga oshirishda koʻmaklashish juda muhim. Bunday masʼuliyatli ishda har birimiz ishtirok etishimiz kerak.
Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida maktablarni isloh qilish va xalqaro andozalarga oʻtish boʻyicha juda murakkab bosqich kutilmoqda. Buning uchun soha xodimlari oʻzgarishi zarur. Bu — juda muhim talab, uningsiz oldinga siljish boʻlmaydi. Masala qatʼiy qoʻyildi: maktab bitiruvchilarining yarmi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelayotgani hammamizni oʻylantirishi kerak. Bu koʻrsatkichlar, albatta, tashvishlanarli. Shu bois, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur.
Murojaatnomada aytilishicha, kelgusi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi.
Qoraqalpogʻiston va Xorazmda boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun yoʻlga qoʻyilgan bepul ovqatlanish kelgusi oʻquv yilidan boshlab qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi.
“Oʻzbekiston yetakchisi oʻzining parlamentdagi maʼruzasida aytishicha, 2023-yildagi eng muhim vazifalardan biri maktab taʼlimining sifatini va oʻqituvchilarning jamiyatdagi obroʻsini koʻtarishdir, — deb yozishdi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan koʻtarilgan masalalar haqida Italiyaning “Il Messaggero”, “Il Metropolitano” va “Giornale Diplomatico” gazetalari. — Maktabgacha taʼlim sohasi oldida ham muhim vazifalar turgani aytildi”.
Ushbu nashrlar Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilidagi maqsad va vazifalarga eʼtibor qaratar ekan, Oʻzbekiston rahbarining 2023-yil islohotlar roʻyobida hal qiluvchi davr boʻlishiga ishonchini taʼkidlashdi.
Oʻqituvchilar bilan suhbatlashar ekansiz, ular koʻpincha: “Hozirgi bolalar bundan oʻn yil, hatto besh yil avvalgi bolalar emas”, deyishadi. Bu yil maktab ostonasiga qadam qoʻygan bolalar bundan toʻrt yil oldin kelgan birinchi sinf oʻquvchilaridan katta farq qiladi. Xoʻsh, nima uchun shunday boʻlyapti, degan savolga esa: “Maktabgacha taʼlimning jadal rivojlanayotgani tufayli bolalar maktabga nisbatan tayyor holda kelishyapti”, degan javobni eshitasiz. Maktab partasiga birinchi oʻtirishdayoq ular darslarni qiynalmasdan oʻzlashtirishadi. Shu bois bunday bolalar uchun darsliklar ham ularning tayyorgarlik darajasiga mos boʻlishi kerak.
Soha mutaxassislari, oʻqituvchilar bu masalani bir necha bor koʻtarishdi, lekin uni yechishga endi erishdik. Yangi yil arafasida pedagoglar toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot shaklidagi oʻziga xos “kutilmagan sovgʻa” oldi. Davlatimiz rahbari zamonaviy darsliklar taqdimoti doirasida maktab taʼlimi sohasining vakillari bilan uchrashdi.
Taʼkidlanganidek, islohotlarning yangi bosqichida oʻqituvchidan ijodkor shaxs va yuqori malakali mutaxassis boʻlish talab etiladi. Uning oldida: oʻquvchilarning salohiyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratish, bilimlarni ijodiy qabul qilishini shakllantirish, ularni mustaqil fikrlashga oʻrgatish, oʻzini toʻlaroq namoyon qilishi va fanlarni oʻzlashtirishga ijodiy yondashishi, ularning individual qobiliyatlariga alohida eʼtibor berish singari murakkab vazifalar turibdi.
Shuningdek, kreativ fikrlovchi pedagogik kadrlarni xalqaro standartlarga mos holda tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor berish kerakligi qayd etildi. Shu maqsadda har bir viloyatda pedagog xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Oʻqituvchining qoʻlida yangi avlod darsliklari toʻplami asosiy quroldir. Ular endi ogʻir va qalin muqovali odatdagi kitoblar ramkasidan chiqib, toʻliq oʻquv-uslubiy majmua shaklida boʻladi. Majmua tarkibiga darslik, ish daftari, har bir darsga moʻljallangan videomateriallar va pedagog uchun uslubiy ishlanmalar kiradi. Ular bilan hatto tajribasi kam oʻqituvchi ham ishlay oladi. Axir qoʻl ostida barcha kerakli resurslar — qiziqarli videoroliklar, yorqin koʻrgazmali qurollar, qulay jadvallar va dars mazmunining taxminiy rejasi ham bor. Darsliklarni yaratishda mualliflar jamoasi dunyoda ilgʻor hisoblangan Finlyandiya tajribasiga murojaat qildi, lekin ular milliy anʼana va qadriyatlarimizga moslashtirilgan boʻlib, Oʻzbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi ham aks ettirilgan.
Zamonaviy tarzda qurollangan taʼlim tizimi oʻzining keng koʻlamli vazifalarini bajara oladi, yaʼni oʻquvchida ijtimoiy moslashuv va oʻz ustida ishlab, mustaqil bilim olish koʻnikmalarini shakllantiradi. Bu, ayniqsa, hozirgi axborot hajmi tobora koʻpayib borayotgan, yangilanish va transformatsiya jarayonlari tezlashgan bir sharoitda juda muhim. Bunday holatda darslikning oʻzi bilim olish navigatoriga aylanadi, yaʼni u XXI asr kishisi uchun eng zarur boʻlgan “4K” koʻnikmasi (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya) boʻyicha ishlab chiqilgan boʻlib, oʻquvchilarda tanqidiy mushohada, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantiradi.
Yuqorida aytilganidek, keyingi olti yil davomida Oʻzbekistonda taʼlimni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Yosh avlodni jismonan baquvvat, oʻz qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqara olishga qodir etib tayyorlash boʻyicha ulkan ishlar olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsini koʻtarishga qaratilgan islohotlar boʻyicha tashabbus koʻrsatdi. Pedagoglar oʻzining asosiy faoliyat doirasiga kirmaydigan ishlardan xalos etildi. Ayni paytda maʼmuriy islohotlar amalga oshirilib, unga koʻra sohani muvofiqlashtiruvchi vazirlik va idoralar tuzilmasi ham qayta koʻrib chiqildi. Hech shubha yoʻqki, Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida oʻzbekistonliklarning yangi avlodini shakllantirish, taʼlim va tarbiya berish tadbirlari jadallashib, taraqqiyot yoʻlida oʻzining mevalarini bera boshlaydi.
Shu oʻrinda yana bir muhim jihatni alohida taʼkidlash joiz. Yurtimizda amalga oshirilayotgan taʼlim sohasidagi barcha islohotlar maʼno-mazmuni, avvalo, insonga eʼtibor ruhi bilan boyitilgan. Zero, sifatli taʼlim olish uchun zarur shart-sharoitlarning yaratilishi har bir insonning dunyoni anglash, aqlan, maʼnan rivojlanish, jamiyatda oʻz oʻrnini topish bilan bogʻliq haq-huquqlarining roʻyobga chiqishidir.
Biz Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish demakdir. Bu yoʻldagi ishlar izchil davom ettirilar ekan, xalqimizning salohiyatli inson resursiga boy, har tomonlama taraqqiy etgan, obod va farovon jamiyat qurishdek azaliy orzulari, albatta, roʻyobga chiqadi.
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring