Taraqqiyotning tamal toshi

“Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarda ana shu normaning aks etgani maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda tarixiy voqelik boʻldi. Buni hamma ham anglamasligi mumkin, ammo oʻqituvchi-pedagoglar ushbu jumlalar zamirida ularga boʻlgan katta eʼtibor va eʼzoz, imkoniyat mujassam ekanini juda yaxshi his etadi.
Bugungi kunda jamiyatni rivojlantirish haqida gap ketar ekan, bu yoʻlda, avvalo, oʻqituvchining moddiy sharoitini yaxshilash va obroʻ-eʼtiborini oshirish lozimligi koʻp bor taʼkidlanmoqda.
Xoʻsh, nega bu mavzu kun tartibidagi masalaga aylandi?
Buning boisi yangilanayotgan Oʻzbekistonda ilm-fan, taʼlim va tarbiyaga taraqqiyotning tamal toshi, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch sifatida qaralmoqda.
Prezidentimiz ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʻ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliqligini alohida qayd etdi.
Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalar boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb qaralmoqda. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimiz esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblanmoqda.
Sifat keng jamoatchilikka ham bogʻliq
Taʼlim va oʻqituvchilarga davlat miqyosida eʼtibor qaratilayotgan bir paytda bugun ushbu muhim jabhaga keng jamoatchilik ham oʻz munosabatini oʻzgartirishi kerak.
Eʼtibor bersak, biz oʻzimiz sezmagan holda ayrim qusurlarga odatlanib qolganmiz. Masalan, soʻzlovchining gapini boʻlib, oʻz fikrimizni ayta boshlash, salomga alik olmasdan dardimizni dasturxon qilish, eshitganlarimizga roʻyirost ishonish, eng yomoni, sinf xonasiga kirib borib, oʻqituvchining darsini boʻlish... Bu kabi holatlarga qachon odatlandik, bilmaymiz-u, ammo endi bunday qusurlardan xalos boʻlish vaqti keldi. Ayniqsa, oʻqituvchining darsini boʻlishga hech kimning haqqi yoʻq. U shu soatlarda butun qalb qoʻrini bolalarga beradi, kerak boʻlsa, ilm ummoniga shoʻngʻigan gʻavvosga yoki butun vujudi bilan roliga singib ketgan aktyorga aylanadi. Ana shunday paytda huda-behudaga halaqit beruvchilar taʼlim sifatiga salbiy taʼsir etishi aniq.
Germaniya, Janubiy Koreya, Finlyandiya, Yaponiya kabi oʻnlab davlatlarda oʻqituvchiga boʻlgan hurmat haqida koʻp va xoʻb gapiriladi. Bizda-chi? Internet tarmogʻida tarqalayotgan baʼzi videomateriallarni koʻrganimizda bu savolga javob berishda mum tishlab qolishimiz aniq. Chunki ayrim ota-onalar oʻqituvchilarga nisbatan kuch ishlatishgacha bormoqda, baʼzi oʻquvchilar ustoziga gap qaytaradigan boʻlib qolgan. Toʻgʻri, bu kabi holatlar onda-sonda uchrab turadi. Lekin shularning oʻzi ham xalqimiz uchun uyatli boʻlgan bu voqealarning sabablari haqida oʻylashga undaydi. Oilaviy tarbiyada farzandlarga oʻqituvchilarga nisbatan hurmat-ehtiromning yetarli singdirilmayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglar haqida negativ axborot, videomateriallar koʻpaygani va ulardan bir yoqlama xulosa chiqarilayotgani bu kabi holatlarga sharoit yaratmayaptimikin, degan xayollarga borasiz...
Huquqiy poydevori mustahkamlanayotgan tarmoq
Biz uchinchi Renessans poydevorini yaratishni koʻzlagan ekanmiz, demak, huquqiy asosimiz juda mustahkam, bilim va tajribamiz yanada kuchli boʻlishi lozim.
Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, maktab ishlari davlat nazoratida ekanligi qayd etilgan. Ushbu moddaga asosan taʼlimga oid qonunlar, farmonlar va boshqa koʻplab meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shunday boʻlsa-da, bu moddada maktabgacha taʼlim, oliy taʼlim, xususiy taʼlim, pedagog kadrlarning mavqei kabi masalalar haqida batafsil soʻz yuritilmagandi.
Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani mustahkamlash, isteʼdodli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh tadqiqotchi olimlarning ilmiy ishlarini samarali olib borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiviy qonun loyihasida ushbu maqsadlar oʻzining huquqiy asosiga ega boʻldi. Masalan, 41-moddaga “Davlat isteʼdodli yoshlarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, taʼlimni davom ettirishini kafolatlaydi” yoki “Davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi taʼlim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng shart-sharoitlar yaratadi”, degan normalar kiritilmoqda.
Eʼtibor qilinsa, biz uchun yod boʻlib qolgan va uchtagina normadan iborat boʻlgan 41-modda endilikda taʼlimga oid bir necha bandlar bilan kengaytirilmoqda. Unda davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashishi, maktab ishlari, maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida boʻlishi, taʼlim boʻyicha alohida ehtiyojlarga hamda individual imkoniyatlarga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiya tashkil etilishi belgilandi.
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida koʻzda tutilgan maqsadlarda ham bu yoʻnalishga keng oʻrin berilgan. Umuman olganda, xalq taʼlimi va oliy taʼlim bir-biri bilan chambarchas bogʻliq, bir-birini toʻldirib boradi. Bugun oliygohlarda oʻqiyotgan talabalarimiz bungacha qayerda tahsil oladi, albatta, bogʻchada, maktabda, litseyda. Shuning uchun ham taʼlimni quyi boʻgʻindan, yaʼni bogʻchadan boshlash islohotlarning asosini tashkil etadi. Axir xalqimizda “Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir” degan gap bejiz aytilmagan.
Eʼtibor, gʻamxoʻrlik va madad
Maktab — jamiyatning poydevori. Bu minbarlarda aytiladigan balandparvoz gap emas. Bu — ayni isbot talab qilmas haqiqat. Jamiyatning kuchi, mavqei maktabning, taʼlimning qudratiga bogʻliq. Bu haqiqatni roʻyobga chiqarish uchun, birinchi navbatda, oʻqituvchining obroʻsi va nufuzini koʻtarish lozim.
Shu oʻrinda yaqin tarixda boʻlgan voqealarni esga olmaslikning iloji yoʻq. Barchamizga yaxshi ayonki, maktab oʻqituvchilari goʻyo yugurdakka aylanib qolgan edi. Paxtani oʻtoq qilish, yigʻim-terimida qatnashish, katta magistral yoʻllarning atrofini tozalash, hashar, mahalla fuqarolar yigʻinlarining uyma-uy yurib bajaradigan ishlari — barchasi oʻqituvchilarning zimmasiga tushardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlib saylangan dastlabki kunlardanoq bu mudhish “anʼana”ga chek qoʻydi. Qaytaga pedagoglarning obroʻ-izzatini yuqori darajaga koʻtardi. Bu ezgu maqsadlar ham oʻzgarayotgan Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topmoqda.
Yangilanayotgan Bosh qomusimizning 41-moddasiga “Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda masʼuliyatli vazifasidir” degan norma kiritilmoqda. Bu xalqimizning azaliy qadriyati, ezgu anʼanalarining tiklanishiga huquqiy asos boʻladi. Axir xalqimizda ming yillardan buyon aytib kelingan va yana necha yillar oʻz qadrini yoʻqotmaydigan birgina “Ustoz otangday ulugʻ” degan kalom hali unutilgan emas. Hamon davralarning toʻri — oʻqituvchilarniki.
Modomiki shunday ekan, ilmning, hunarning mamlakatimiz taraqqiyotidagi oʻrni, fozil kishilarning jamiyatda qadri yuksalib borayotgan bugungi kunda pedagog xodimlarning maqomi har jihatdan mustahkamlanishi xalqimizning ayni dilidagi ish boʻlib, orzu-maqsadlari roʻyobiga xizmat qiladi.
Moliyaviy erkinlik — masʼuliyatdir
Yangilanayotgan Oʻzbekistonda oliy taʼlim ravnaqiga ham alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqdaki, bu sohani kompleks tarzda rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birgina moliyaviy mustaqillik berish borasida olib borilayotgan ishlarga eʼtibor qarataylik. Bosqichma-bosqich hayotga koʻchayotgan ushbu tamoyil oliygohlarning iqtisodiy barqarorligini taʼminlab, ularning zamon andozalari asosida faoliyat yuritishiga zamin yaratmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritishi taklif etilayotgan 411-moddada har kim davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy maʼlumot olishga haqli ekanligi belgilandi. Va ushbu modda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada oʻzini oʻzi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega boʻlishini kafolatlaydigan band bilan toʻldirildi. Bundan tashqari, davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashishi belgilanmoqda.
Bugun mamlakatimizda ilm-fan, taʼlim tizimini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda va amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, sohadagi tiklanishlar milliy yuksalishga asos boʻlib xizmat qiladi. Bu jarayonda oliy taʼlim muassasalari oldida turgan asosiy vazifa esa malakali, mehnat bozorida raqobatbardosh, yetuk kadrlarni tayyorlashdin iborat. Mamlakatimiz Bosh qomusiga kiritilayotgan oʻzgartishlar ana shu ezgu maqsadga erishishda muhim huquqiy poydevor boʻlishi, shubhasiz.
Orifjon BOZOROV,
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring