Taraqqiyotning eng toʻgʻri yoʻli ilmga asoslanadi

18:50 14 Sentyabr 2021 Jamiyat
408 0

Zamonaviy dunyoda aql, iroda, gʻayrat va olijanoblikni mehnat bilan uygʻunlashtira olgan insonlar katta yutuqlarga erishmoqda. Bugun “Facebook” asoschisi Mark Sukerberg (37 yosh), “Telegram”ni yaratgan Pavel Durov (36 yosh), “Stripe” toʻlov xizmatini hayotga joriy etgan Jon Kollison (29 yosh), “Snapchat” ilovasini ishlab chiqqan Evan Shpigel (29 yosh) muvaffaqiyat tarixi ham shundan dalolat beradi.

Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan taʼlim islohotlari zamirida ham ana shunday fazilatlarga ega avlodni voyaga yetkazish maqsadi mujassamdir. Aslida Uchinchi Renessans mazmun-mohiyatida shu tamoyil asosidagi qatʼiy intilishlar oʻz inʼikosini topgan.

Yurtimizning turli hududlarida texnoparklar, aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar soni koʻpayib borayotgani, bu borada ijobiy natijalarga erishayotgan yoshlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani ham shundan dalolat beradi.

Oʻzbekistonda bunday novatorlik harakati bugun uzluksizlik va ortqa qaytmaslik xarakteriga ega. Bunga shubha yoʻq. Binobarin, Prezidentimizning yaqinda nashrdan chiqqan “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida ham mazkur muhim yoʻnalishlarga alohida urgʻu berilgan. Unda Oʻzbekistonda yashayotgan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya etish, kafolatli daromad manbai, tibbiy xizmatlar va uy-joy, sifatli taʼlim bilan taʼminlash ustuvor vazifa ekanligi eʼtirof etilgan.

Sifatli taʼlim esa xalq davlatdan kutayotgan yangi reja va dasturlarda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Bu talab juda quvonarlidir. Zero, jamiyatda bilim olish, ilm egallashga boʻlgan ehtiyojning oshib borayotgani nafaqat ilgʻor fikrlaydigan yoshlar koʻpayib borayotgani, balki oʻrta va katta avlod dunyoqarashi oʻzgarayotgani, “Oʻqib kim boʻlarding” qabilidagi stereotiplar chok-chokidan soʻkilayotganini anglatadi. Quvonarlisi, yurtimizda bu boradagi yangilanishlar bundan keyin ham yanada keng koʻlamda va samarali mexanizmlar asosida jadal davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari bu masalada quyidagi dolzarb fikrlarni bildirgani bejiz emas:

— Biz Yangi Oʻzbekistonni yuksak madaniyat va maʼnaviyatga ega boʻlgan, erkin va baxtli insonlar yashaydigan mamlakatga aylantirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz. Shu munosabat bilan “Yangi Oʻzbekiston — maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturi ishlab chiqiladi.

Bu, avvalo, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizni davr talablariga mos ravishda boyitish va rivojlantirish, shu orqali jamiyatning madaniy va maʼrifiy yuksalishiga erishish imkonini beradi.

Oʻz navbatida, bu jamiyat aʼzolarining ongi va tafakkurini, hayot falsafasi va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi. Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini kuchaytirish zarur. Bunda, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash – bizning oliy maqsadimizdir.

Aynan shulardan kelib chiqib, Yangi Oʻzbekiston strategiyasida maktabgacha, maktab va oliy taʼlim tizimlaridagi aniq vazifalar ham belgilab olindi. Xususan:

— maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasi, hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi;

— maktab taʼlimi tizimi uchun oʻquv dasturlari va darsliklar ilgʻor xorijiy tajriba asosida toʻla qayta ishlanib, 2026-yilga qadar amalda joriy etiladi;

— oliy taʼlimga qamrov darajasini 50 foizga yetkazish bilan birga asosiy eʼtibor taʼlim sifatini oshirishga qaratiladi.2026-yilga qadar kamida 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglarga kiritiladi;

— talabalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun kelgusi besh yilda qariyb 100 ming oʻrinli talabalar yotoqxonalari barpo etiladi;

— oliy taʼlimda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida 2026-yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkaziladi.

— doktoranturaga qabul davlat buyurtmasi hamda manfaatdor tashkilotlar mablagʻlari hisobidan toʻlov-grant asosida joriy etiladi.

— olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha har ikki yilda oʻtkaziladigan umumrespublika sport oʻyinlari – Milliy olimpiada tizimi joriy etiladi.

Koʻrinib turibdiki, yurtimizda taʼlim olish uchun qanday imkoniyat boʻlsa, barchasi izchil ishga solinyapti. Bunday yondashuv ham xalq farovonligi, ham mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi qatorida kelajakning mustahkam ustunlarini koʻpaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Buyuk ajdodlarimizning hayotiy shiorlari, orzu-istaklariga hamohang ketayotgan maʼrifiy va progressiv islohotlarga kamarbasta boʻlish esa barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir.

Zero, koʻhna diyorimizda tamaddun beshigini tebratgan Birinchi Renessans vakili, buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy bundan oʻn ikki asr oldin aytganidek, “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay”. Oʻzbekiston esa yuksalishning ana shunday najotbaxsh yoʻlidan ketmoqda.

Odil ABDURAHMONOV,

Toshkent davlat transport universiteti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?